O‘zbekiston | 23:45 / 12.08.2018
60338
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar kech soatlarda alkogol mahsulotini sotmaslik haqida ogohlantirilmoqda

O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar alkogolli mahsulotlar savdosini soat 21:00dan so‘ng, umumiy ovqatlanish shoxobchalarda aholiga xizmat ko‘rsatishni soat 22:00dan cheklash bo‘yicha ogohlantirilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida 11 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rsatib o‘tilgan topshiriq va aholi tinchligini ta'minlash maqsadida ushbu cheklov amalga oshirilmoqda. 

«Tadbirkor topshiriqni bajarmagan taqdirda,  bir qator qarorlarda ko‘rsatilgan bandlarga asosan, alkogol mahsulotlari bilan savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasi bekor qilinadi va qonunda belgilangan javobgarlik masalasi qo‘yilishi haqida rasman ogohlantirilmoqda», deyiladi ogohlantirish xatida. 

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan tadbirkorning ta'kidlashicha, bu Toshkent shahrida kurashchi Kenjayev bilan yuz bergan voqeadan so‘ng hukumat qo‘llayotgan keskin choralardan biridir. 

Boshqa tadbirkor esa ushbu cheklovga yaqinlashib kelayotgan Iyd Al-Adha (Hayit) va Mustaqillik bayrami munosabati bilan aholi osoyishtaligini ta'minlashga qaratilgan oddiy tadbir sifatida qarashini bildirdi. 

Ayni paytda ushbu cheklov masalasida rasmiy xabar tarqatilmagan yoxud bu ma'lumot inkor etilmadi. 

Eslatib o‘tamiz, 9 avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumani hududida joylashgan «Aurum 898» tungi klubida ro‘y bergan, erkin kurash bo‘yicha professional sportchi Jamshid Kenjayev va klub qo‘riqchilari o‘rtasida kelib chiqqan pichoqbozlik sportchining o‘limiga sababchi bo‘ldi. Janjalning bir necha ishtirokchisi shifoxonaga yotqizildi. ​

Mavzuga oid