Jamiyat | 14:07 / 05.03.2021
9324
2 daqiqa o‘qiladi

Islom sug‘urtasi bo‘yicha O‘zbekistondagi birinchi pilot loyiha – «APEX TAKAFUL»ning taqdimoti o‘tkazildi

2021 yil 3 mart kuni Hilton Tashkent City anjumanlar zalida, respublika sug‘urta bozorida jadal rivojlanayotgan «APEX INSURANCE» MChJ sug‘urta kompaniyasi tashkilotchiligida «O‘zbekistonda Islom moliyasi va takaful» mavzusidagi keng ko‘lamli anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrda Oliy majlisga qilgan murojaatida O‘zbekistonda Islom moliyasi xizmatlarini joriy qilish vaqti yetib kelganligi to‘g‘risida belgilangan vazifalar, o‘z navbatida mavzuga oid dolzarb va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tadbir o‘tkazilishini taqozo etdi.

Vazirliklar va agentliklar, xalqaro moliya institutlar, diplomatik korpus va biznes hamjamiyat, shuningdek yetakchi banklar, sug‘urta, lizing va investitsion kompaniyalarning vakillari ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda Islom taraqqiyot banki, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi, «AlHuda CIBE» Islom bankingi va iqtisodiyoti Markazining xalqaro ekspertlari amaliy tajribasi bilan bo‘lishishdi va moliya sohasining yangi tarmog‘ini rivojlanish salohiyati va umumiy istiqbollarini tahlil qilishdi.

Tadbir davomida «APEX TAKAFUL» nomli islom sug‘urtasi bo‘yicha O‘zbekistondagi birinchi pilot loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Ta'kidlash joizki, mazkur loyiha doirasida ishlab chiqilgan islomiy sug‘urta mahsulotlari bo‘yicha «AlHuda CIBE» Islom bankingi va iqtisodiyoti Markazidan muvofiqlik sertifikati hamda O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limining ijobiy xulosalari olingan.

«APEX INSURANCE» Matbuot xizmati

Mavzuga oid