Fan-texnika | 11:43 / 01.10.2024
10093
4 daqiqa o‘qiladi

Olimlar og‘izdagi bakteriyalar bilan bosh va bo‘yin saratoni o‘rtasida bog‘liqlikni aniqladi

Saratonning bu turi ko‘pincha erkaklarda uchraydi va besh yil ichida bemorlarning yarmidan ko‘prog‘ini nobud qiladi.

Foto: Unsplash

Olimlar tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotlar inson og‘iz bo‘shlig‘ida ko‘payadigan bakteriyalar bosh va bo‘yin saratoni rivojlanish xavfini oshirishi mumkinligini aniqladi. Natijalar JAMA Oncology jurnalida chop etildi.

Og‘iz, burun va tomoq bo‘shlig‘ida rivojlanadigan yassi hujayrali bosh va bo‘yin saratoni Yevropada eng keng tarqalgan saraton shakllaridan biri bo‘lib, har yili 150 000 dan ortiq odamga shunday tashxis qo‘yiladi.

Saratonning bu turi ko‘pincha erkaklarda uchraydi va besh yil ichida bemorlarning yarmidan ko‘prog‘ini nobud qiladi.

Nyu-York universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, inson og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriyalarning yuzlab turlaridan 13 tasi bosh va bo‘yin yassi hujayrali saratonining rivojlanish ehtimolini 30 foizga oshirishga hissa qo‘shadi.

“Ushbu bakteriyalar biomarker bo‘lib xizmat qilishi mumkin, ular yordamida mutaxassislar yuqori xavfga ega odamlarni aniqlaydi”, — deyiladi Nyu-York universiteti tibbiyot maktabi ilmiy xodimi Soyon Kvakning bayonotida.

Tadqiqotda bosh va bo‘yin yassi hujayrali saratoni bilan kasallangan 236 nafar va ushbu kasallikka chalinmagan 458 nafar bemorlar taqqoslandi.

Onkologik bemorlarda, odatdagidek, tamaki va spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish, shuningdek, odam papillomasining yuqori darajadagi xavfli shtammi kuzatilgan — bularning barchasi yassi hujayrali bosh va bo‘yin saratoni rivojlanishining xavf omillari hisoblanadi.

Tadqiqotchilar boshqa muammolarni hisobga olishgandan keyin ham, 13 ta bakteriya xavf omili bo‘lib qolaverdi. Ular odam organizmining saratonga chalingan barcha qismida, masalan, og‘iz bo‘shlig‘i, halqum yoki hiqildoqda bir xil edi.

Og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga rioya qilish haqida ogohlantirish

Bakteriyalarni sekvenirlash bo‘yicha oldingi tadqiqotlar og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi va yassi hujayrali bosh-bo‘yin saratoni o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan, ammo yangi tahlil muammoli bakteriyalarni aniqlagan ilk tekshiruv bo‘ldi.

Tadqiqotda bakteriyalar va saraton o‘rtasidagi bog‘liqlik ko‘rib chiqilgan, shuning uchun u bakteriyalar bevosita kasallikni keltirib chiqarish-chiqarmasligiga aniqlik kiritmaydi.

“Natijalar 200 tadan sal ko‘proq saraton holatlariga asoslangani sababli, og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi va bosh-bo‘yin saratoni o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish uchun kattaroq populyatsiyalarda qo‘shimcha tadqiqotlar talab qilinadi”, — dedi Health UK Cancer Research sog‘liqni saqlash ma’lumotlari bo‘yicha katta menejeri doktor Kler Nayt. U tadqiqotda ishtirok etmagan.

Shunga qaramay, tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu bog‘liqlik og‘iz bo‘shlig‘ining yaxshi gigiyenasiga rioya qilish zarurligini eslatib turishga kuchli asos bo‘ladi.

“Tishlarni tozalash va tish ipidan foydalanish nafaqat parodont kasalliklarining oldini olishga yordam beradi, balki bosh va bo‘yin saratonidan himoya qiladi”, — deyiladi tadqiqot hammuallifi va Nyu-York universiteti tibbiyot maktabi professori doktor Richard Heysning bayonotida.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, keyingi qadam ushbu bakteriyalar saraton xavfini qanday keltirib chiqarishi va ularni qanday to‘xtatish mumkinligini aniqlashga bag‘ishlanadi.

Ayni paytda Nayt bosh va bo‘yin saratonidan xavotirda bo‘lgan odamlar spirtli ichimliklarni kamroq iste’mol qilishi va chekishni tashlashi kerakligini aytdi, chunki bu ikkisi asosiy xavf omili sanaladi.

Mavzuga oid