O‘zbekiston | 20:48 / 09.10.2024
3709
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Buxorodagi yangi xalqaro aeroport qurilishiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyevning shu yil may oyida Buxoroga tashrifi chog‘ida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangan edi. Taqdimotda ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari to‘g‘risida axborot berildi.

Qayd qilinishicha, Buxoroning hozirgi aeroporti aholi va turistlar talabiga javob bermayapti. Mazkur aeroport soatiga 400 nafar yoki yiliga 1 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, xolos.

Parvozlarni boshqarish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimlari, kutish-kuzatish zallari eskirgani qatnovlarni ko‘paytirish imkonini cheklayapti. Aksariyat sayyohlar Buxoroga borish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qo‘nishga majbur bo‘lyapti. Masalan, 9 oyda Buxoroga tashrif buyurgan 1 milliondan ziyod xorijiy turistlarning 95 foizi poyezd yoki avtomobilda borgan.

Viloyatda mehmonxonalar tarmog‘i, ziyorat turizmi rivojlanib bormoqda. Kelgusi uch yilda Buxoroga turistlar oqimini 8 millionga yetkazish reja qilingan.

Shu bois joriy yil may oyida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlangan edi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.

Taqdimotda loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari to‘g‘risida axborot berildi.

Davlat rahbari yangi aeroportda o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 2 barobar oshirib, soatiga 8 ta samolyot kelish-ketishiga imkoniyat yaratish zarurligini ta’kidladi. Terminalning qulayliklari, ichki va tashqi qiyofasi bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Mavzuga oid