Jamiyat | 14:49 / 20.05.2021
3275
3 daqiqa o‘qiladi

18 yoshli yigit haydovchiga pichoq bilan hujum qildi

Farg‘ona shahrida haydovchiga hujum qilgan yo‘lovchi qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ma'lum qilmoqda.

Qayd qilinishicha, 15 may kuni soat taxminan 21:15 da M.M. Farg‘ona shahar markazida haydovchi A.Z. bilan kelishib, uni “taksi” sifatida yollaydi. “Spark” avtomashinasida Farg‘ona shahar 8 mart ko‘chasida joylashgan adirlikka olib borib, A.Z. shaxsiy ishi bilan avtomashinasini to‘xtatib, pastga tushganida avtomashinani qo‘lga kiritish maqsadida M.M. yonida bo‘lgan pichoq bilan haydovchiga hujum qiladi. Qorin sohasiga bir marotaba urib, transport vositasini bosqinchilik yo‘li bilan noma'lum tomonga olib qochadi.  

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati bo‘yicha olib qochilgan avtomashinani “to‘sib ushlash” tadbiri e'lon qilinib, o‘tkazilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni sodir qilgan M.M. Farg‘ona tumani “Oqtom” MFY hududida qo‘lga olingan.

Yuqoridagi holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan M.M.ga nisbatan JKning 267-moddasi 3-qismi “v” bandi (transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida bosqinchilik yo‘li bilan olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov harakatlar davomida M.M. avtomashina haydovchisi A.Z. unga qo‘pol hazil qilgani, bu unga yoqmagani, shundan so‘ng avtomashinani olib qochib, YPX xodimlarini chalg‘itish maqsadida avtomobil davlat raqamlarini yechib olgani, so‘ng do‘stlariga yangi avtomashinani maqtangani borganini, biroq YPX maskanidan o‘tayotgan vaqtida IIO xodimlari tomonidan majburiy ravishda to‘xtatilgani aniqlangan.

Avvalroq O‘zbekiston tumanida suv ortidan bir-birlarini toshbo‘ron qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid