O‘zbekiston | 10:53 / 17.11.2020
12436
5 daqiqa o‘qiladi

«Yer uchastkalari hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiqlar belgilanadi» – Narimon Umarov

16 noyabr kuni «Yuksalish» umummilliy harakatining ofisida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining video-konferens-aloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Senat tegishli qo‘mitasining raisi Narimon Umarov olib bordi. Unda Senat to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘riladigan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda «Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Ma'lum qilinishicha, qonun bilan «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar va Yer kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

«Ushbu qonunni qabul qilishdan maqsad, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarining qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik prinsipini qonun bilan mustahkamlash. Shuningdek, yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun hokimlar tomonidan olib qo‘yilishini taqiqlash va yer uchastkasi yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijara olish huquqini bekor qilish asoslarini ajratgan holda bu vakolatni amalga oshiruvchi idoralarni belgilash.

Davlat tasarrufidan chiqarishda xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari, shu jumladan, obektlarning qiymati baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish, bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qilish organlari va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi hamda bunday ishlar sudlar tomonidan ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi. Yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiqlar belgilanadi», – dedi Narimon Umarov.

«Shuningdek, loyihada tuman, shahar, viloyat hokimlarining qarori yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yer uchastkasiga egalik qilish huquqi yoxud undan foydalanish huquqini faqat to‘rt holatda tugatish amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda. Ya'ni yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda, yer uchastkasining berilgan muddati tugaganda, yuridik shaxs tugatilganda yoki xizmatdan foydalanish uchun yer berishga asos bo‘lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo‘lganida. Faqat mana shu to‘rtta holat ijro organlari [zimmasida] qolyapti. Biz hokimning vakolatlarini qisqartirdik. Bu yerda shartnoma asosida buzilgan munosabatlardagina hokimning vakolatlari qolyapti. Qolgan barcha vaziyatlar mahalliy kengashlar, Vazirlar Mahkamasi yoki sud qarori bilan hal qilinadi. Bu prinsipial jihatdan mulkdorning huquqlarini himoya qilish», - dedi u.

Shuningdek, Narimon Umarov mahalliy kengashlar ko‘p hollarda amalda hokimlarning buyruqlaridan chetga chiqa olmasligi va hokimning xohishiga muvofiq buyruqlarni tasdiqlashi haqidagi savolga javob berdi.

«Endi bu yerda xohlaymizmi-yo‘qmi, kollegial qaror qabul qilinadi. Bitta tumanda 30ta deputat bor. Shulardan to‘rttasi chiqib qat'iy fikrini bildirishi [kerak], ularning huquqi bor. Bu degani kengashda keng muhokama bo‘ladi. Mahalliy deputatlarimiz ham bu masalada chetda turmasligi kerak, prinsipial pozitsiyasini aytishi kerak. Agar har doim “Kengashning raisi hokim, o‘zi hal qiladi», desa bo‘lmaydi. Bunga chek qo‘yishimiz kerak. Har birimizning erkin fikr bildirish huquqimiz bor.

Albatta, ba'zi joylarda og‘ir bo‘ladi. Kimdir fikrga qo‘shilmasligi mumkin, lekin uni baralla aytadi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda chiqadi. Bir marta, ikki marta, uch marta shunaqa voqealar bo‘ladi, bu tabiiy hol. Lekin jarayon ishga tushganidan so‘ng bu masalalar kollegial holda, kimningdir ko‘ziga qarab emas, real vaziyatdan kelib chiqib hal qilinadi», – deya Narimon Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri
Nuriddin Nursaidov, tasvirchi

Mavzuga oid