O‘zbekiston | 08:42 / 15.01.2022
7702
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini uchinchi shaxsga o‘tkazishga ruxsat beriladi

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan foydalanish tartiblarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil uchun qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining normativ qiymatini aniqlaydi va ijara haqining eng quyi va eng yuqori miqdorlarini tasdiqlaydi hamda mazkur ko‘rsatkichlarni “2022 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga kiritadi.

Belgilanishicha, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qo‘yilganda:

  • dehqon, fermer xo‘jaligi yoki boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari ijara huquqining bozor qiymatini baholash va kompensatsiya to‘lovlarini hisoblash uchun mustaqil ravishda baholash tashkilotini yollaydi;
  • yer uchastkasining ijara huquqi fermer xo‘jaligi yoki boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga tegishli kompensatsiya to‘liq to‘lab berilgandan keyin tugatiladi;
  • tomonlarning o‘zaro kelishuvi bo‘lgan taqdirda, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini tugatish to‘g‘risidagi qaror ijaraga beruvchi tomonidan qabul qilinadi, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Adliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston Yer kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga quyidagilarni:

  • qishloq xo‘jaligi yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini uchinchi shaxsga o‘tkazish (realizatsiya qilish);
  • uzoq muddatli ikkilamchi ijaraga berish;
  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va notarial tasdiqlash;
  • garov ta’minoti sifatida foydalanish tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Mavzuga oid