O‘zbekiston | 22:41 / 17.04.2017
65648
4 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya agentligida jonlanish. Jiddiy o‘zgarish kutilmoqda

O‘zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Koreyaga ishga jo‘natish jarayonidagi test sinovlari vaqtida yuzaga kelgan muammolar tufayli imtihonni topshira olmagan kishilar bilan savol-javob uyushtira boshladi.

Sayt tahririyatiga ma'lum qilishlaricha, savol-javob jarayoni jyeton uchun test sinovlarida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan, biroq vaqt yetmagani sababli jarayonda qatnasha olmagan va shundan so‘ng ko‘plab noqulayliklar borasida mamlakat prezidentiga portal orqali murojaat qilgan shaxslar uchun deyarli maxfiy ravishda o‘tkazilmoqda. 

Bu ma'lumotlar ishonchli manbalar tomonidan tasdiqlandi. Portalga shikoyat qilganlar bilan telefon orqali aloqaga chiqilib, ular agentlikka chaqirilayotgani aytildi.

Bundan tashqari, testda ishtirok etgan, lekin murakkab va sohaga aloqador bo‘lmagan savollar tufayli undan o‘ta olmaganlar ham portalga murojaat qilgan bo‘lsa, chaqirilmoqda. O‘z navbatida, testdan o‘tganlar ham chaqirilmoqda, ular boshqalar yordamidan foydalangani aniqlangan. Ular bilan koreyalik hamkorlar alohida suhbat qilmoqda.

Janubiy Koreya - qulflangan diyor. Migratsiya agentligining to‘rt kunlik tomoshasi

Ma'lum qilinishicha, 1-2 aprel kungi testda yiqilganlarlarning ko‘pchiligi suhbatdan o‘ta olishgan. Ularga koreys tilida turmush tarzida ishlatiladigan oddiy savollar berilgan va bir nechta shunday savolga to‘g‘ri javob bera olish kifoya qilmoqda.

«Kun.uz» manbasi hodisa joyida bo‘lgan. Uning aytishicha, agentlik binosida anchagina odam to‘plangan.

Shu bilan birga, suhbatga kirish va undan o‘tish natija keltirmasligi ham mumkin.

«Istasangiz kiring, istamasangiz kirmang. Buning ahamiyati yo‘q. Hali nima bo‘lishi aniq emas. Bizda 3 variant bor. Hammasi boshidan boshlanishi mumkin, shu natija qolishi ham mumkin. Yoki butunlay to‘xtatilishi ehtimoli ham yo‘q emas», degan bino ichidan chiqib kelgan agentlik vakili.

U portalga shikoyatlar juda ko‘pligi tufayli vaziyat ko‘rib chiqilayotganini aytib o‘tgan.

Kun oxirida yana bir yangilik paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, agentlik rahbari ishdan ketgan. Endi barchasi boshidan, ro‘yxatga olish jarayonidan boshlanishi mumkin.

Boshqa ishonchli manba ham Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi migratsiya agentligida kadrlar masalasida o‘zgarishlar bo‘lishi haqida xabar berdi.

Bu borada yaqin vaqtlar ichida rasmiy ma'lumot e'lon qilinishi kutilmoqda.

Migratsiya agentligi kimdan nimani yashirmoqda?

P/S: Buni vaziyatdan chiqishga bir urinish sifatida baholash mumkindir. Lekin shu vaqtgacha sabr qilib, agentlik rahbariyatining intellektual salohiyatiga, muammoni aniq va ortiqcha savol qoldirmaydigan tarzda hal qila olishiga umid qilib kelgan boshqa fuqarolarning manfaatlari hisobga olinmayapti. Ya'ni, bu o‘rinda ayirmachilik holati kuzatilmoqda. Faqat prezidentga murojaat qilganlargina tinglanmoqda. Bu jiddiy e'tibor qaratish zarur bo‘lgan holatdir.

Mavzuga oid