Jahon | 15:26 / 03.06.2024
4708
3 daqiqa o‘qiladi

Gruziyada “chet el agentlari” haqidagi bahsli qonun kuchga kirdi

Qonun parlament spikeri Shalva Papuashvili tomonidan imzolangan kundan e’tiboran kuchga kirdi. Avvalroq hukmron partiya rezonansga sabab bo‘lgan hujjatga prezident tomonidan qo‘yilgan vetoni bekor qila olgandi. Endilikda budjetining 20 foizdan ortig‘i xorijiy manbalarga to‘g‘ri keladigan NNTlar va OAVlar “chet el agenti” hisoblanadi.

Foto: APA

Gruziya parlamenti spikeri Shalva Papuashvili “chet el agentlari” haqidagi qonunni imzoladi. Mamlakat ichida va tashqarisida ko‘plab e’tirozlar va namoyishlarga sabab bo‘lgan qonun, imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kirdi.

“Bugun men “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladim. Bu qonundan maqsad – Gruziyaning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tizimini tashqi ta’sirlarga nisbatan mustahkamlashdan iborat”, – deya Papuashvilining brifingdagi so‘zlarini keltirmoqda gruzin nashrlari.

Qonun 14 may kuni parlamentda uchinchi o‘qishda ma’qullangan, uni 84 deputat yoqlab, 30 deputat qarshi chiqqandi. Shundan keyin prezident Salome Zurabishvili qonunga veto qo‘ydi. 28 may kuni hukmron “Gurjiston orzusi” partiyasi va muxolifatning keskin qarama-qarshiligi ostida o‘tgan sessiyada parlament yana 84 ta ovoz bilan vetoni bekor qildi.

Endilikda, qonunga binoan, 60 kun ichida “chet el agentlari” reyestri tuziladi. Reyestrga 20 foizdan ortig‘i xorijdan turib moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari kiritiladi. Ular yillik moliyaviy hisobotini e’lon qilib borishi kerak bo‘ladi.

Qonun tanqidchilari hujjatni Rossiyada joriy etilgan va senzura qilishda foydalanilayotgan xuddi shunday tartibdan ko‘chirilganini ta’kidlaydi. Bosh vazir Irakli Kobaxidze esa bu xorijdan grant oluvchilarning moliyaviy shaffofligi uchun kerakligini aytgan.

Qonun mamlakat ichida ko‘plab namoyishlarga sabab bo‘ldi, Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga intilishini shubha ostida qoldirdi.

Ittifoq avvalroq bu qonun qabul qilinayotganidan “chuqur taassuf”da ekanini bildirgan, hujjat Yevropa Ittifoqining asosiy tamoyillari va qadriyatlariga zidligini ta’kidlagan edi. YeI bayonotida bu qonun Gruziyaning ittifoqqa a’zo bo‘lish yo‘liga “salbiy ta’sir ko‘rsatishi”, hozirda rasmiy Bryussel va a’zo davlatlar qanday reaksiya bildirish bo‘yicha “barcha variantlarni ko‘rib chiqayotgani” aytilgandi.

AQSh Davlat departamenti Gruziyada “demokratiyani ag‘darish” harakati uchun ushbu qonun mas’ullariga nisbatan viza cheklovlari joriy etishini e’lon qilgan.

Mavzuga oid