O‘zbekiston | 17:43 / 05.12.2024
19472
5 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qonundan tashqari 10 trln so‘m xarajat qilgan. Deputatlar 9 daqiqada bu xarajatlarni qonunga kiritib berdi

Davlat organlari va tashkilotlarining 2024 yildagi xarajatlari qonunda yozilganidan 10 trillion so‘mga oshib ketgan. Bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar miqdori esa 2 trillion so‘mga kamaytirilgan. Qonunchilik palatasi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni hukumat so‘raganidek qilib 9 daqiqa ichida uchta o‘qishdan o‘tkazib berdi. Birorta deputat qarshi ovoz bermadi.

Foto: Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 3 dekabr kungi majlisida 2024 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Unda davlat xarajatlarini ko‘paytirish nazar tutilgan.

O‘zgarishlarga ko‘ra, davlat organlarining xarajatlari qo‘shimcha ravishda 9,98 trln so‘mga oshiriladi. Natijada davlat budjeti xarajatlari amalda tasdiqlangan 255,4 trln so‘mdan 265,4 trln so‘mga ko‘paytiriladi.

Majlisga yig‘ilgan deputatlarning barchasi o‘zgarishlarni yoqlab ovoz berdi. Tuzatishlarni ko‘rib chiqish palata yalpi majlisida jami 9 daqiqa davom etdi. Shundan 5 daqiqasi iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning nutqiga sarflandi.

“Talab yuqoriligi sababli ta’lim kreditlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga ajratiladigan transfertlar miqdori 841 mlrd so‘mga oshirilyapti. Prezident qaroriga asosan, allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklariga chalingan Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan bemorlar uchun ingalyatsion dorilarni bepul tarqatish bilan bog‘liq xarajatlar uchun qo‘shimcha 30 mlrd so‘m ajratilyapti. Shuningdek, madaniyat va san’atni rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, Madaniyat vazirligining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarini moddiy rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha 100 mlrd so‘m, isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam to‘lovlari va elektr energiyasi va gaz narxlarining bazaviy me’yoridan oshganligi o‘rtasidagi farqning o‘rnini qoplashga kompensatsiya uchun 592 mlrd so‘m, mahallalardagi eng dolzarb infratuzilma masalalarini hal etish uchun esa 1 trln 344 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilgan”, – dedi vazir o‘rinbosari.

Haydarovning qo‘shimcha qilishicha, budjet tashkilotlaridagi vakant lavozimlar va samarasiz yoki bir-birini takrorlovchi shtat birliklarini qisqartirish hisobiga 1 trln so‘m miqdoridagi xarajatlarni maqbullashtirish taklif etilyapti.

O‘rnatilgan mezonlarni qayta ko‘rib chiqish natijasida bolalar nafaqalari va moddiy yordamdan 2 trln so‘m tejalishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, vazirlik va idoralarni rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘lardan yil yakunigacha 1,7 trln so‘m iqtisod qilinishi kutilyapti.

Maqsadli davlat jamg‘armalarining yil boshidagi qoldiq mablag‘lari va daromadlar prognozini oshirish hisobiga respublika budjetidan ayrim jamg‘armalarga qariyb 260 mlrd so‘mga yaqin transfertlarni optimallashtirish mo‘ljallangan.

Maqbullashtirilgan 4,1 trln so‘m mablag‘lar esa yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarga qayta taqsimlashga yo‘naltirilgan.

“Vazirlar Mahkamasining 14 martdagi 134-qaroriga muvofiq ijtimoiy ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida bog‘chalar va maktablarni qurish va ta’mirlash uchun mahalliy budjetlarda nazarda tutilgan 4 trln 373 mlrd so‘m mablag‘lar respublika budjetiga o‘tkazildi.

Davlat maqsadli jamg‘armalari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tasdiqlangan ko‘rsatkichlariga aniqlik kiritilyapti. Maqsadli davlat jamg‘armalari mablag‘larining yil boshidagi qoldig‘i 12 trln 841 mlrd so‘m, daromadlar 64 trln 767 mlrd so‘m, davlat budjetidan transfertlar 34 trln 60 mlrd so‘m , xarajatlar 96 trln 689 so‘m mlrd so‘m etib belgilanyapti”, – dedi Ahadbek Haydarov.

Spiker Nuriddin Ismoilovga ko‘ra, qonun loyihasi qo‘mita va fraksiyalarda muhokama qilingan. U qonun o‘zi 4 tagina moddadan iborat ekaniga urg‘u berib, hujjatni shu kunning o‘zidayoq qabul qilishni taklif qildi. Ovoz berishda qarshilar bo‘lmadi. Qonun Senatga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda ham yil yakuniga 15 kun qolganda davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun o‘zgartirilgandi. Deputatlar konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi limitini YaIMga nisbatan 3 foizdan 5,5 foizgacha, yillik tashqi qarz limitini 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha ko‘paytirishni 20 daqiqa ichida tasdiqlab berishgandi.

2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda ham defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 4 foizga ko‘tarilgandi.

Mavzuga oid