O‘zbekiston | 10:54 / 07.10.2020
11543
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shrabot «to‘rtligi» ham kechirim so‘radi: murojaatlar bilan ishlash ko‘ngildagidek emas, xorijga ketganlar ko‘p

6 oktabr kuni Xalq deputatlari Qo‘shrabot tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida hokim Himmat Oqbo‘tayev jamoatchilik va deputatlar oldida hisobot berdi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlari natijasiga ko‘ra, respublikamizda 33ta «qoniqarsiz», 119ta «o‘rta» va 48ta «yaxshi» tumanlarga ajratilgan. Shundan uchta qoniqarsizi Samarqandda. Bular — Qo‘shrabot, Paxtachi va Payariq tumanlari.

Qo‘shrabot tumani baholash yo‘nalishlari bo‘yicha tahlil qilinganda, 2019 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 40 mlrd 579 mln so‘mni tashkil etib, aholi jon boshiga 313 ming so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Bu esa viloyat o‘rtacha ko‘rsatkichidan 5,5 marta kam demakdir. Eksport hajmi 1,6 mln AQSh dollarni, aholi jon boshiga 12 AQSh dollarni (viloyatda 15-o‘rin) tashkil etgan.

Tumanda 20 ming 482 nafar iqtisodiy faol xotin-qizlar bo‘lib, shundan 17 ming 859 nafarining bandligi ta'minlangan. 2623 nafar ayollar ishsiz. Hozirgi vaqtda 1145 nafar fuqaro muhojirlikda. Tumanda bandlik darajasi 90,5 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, prezident virtual va xalq qabulxonalari orqali mahalliy davlat hokimiyati organlariga kelib tushgan murojaatlarning 30 foizi qanoatlantirilgan, xolos. Ushbu holat ham aholi murojaatlari bilan ishlash masalasida jiddiy kamchiliklar borligini tasdiqlab turibdi.

Tuman hokimi umidli loyihalar haqida ham ma'lumot berdi. Xususan, tumanda 2019 yil 1 yanvar holatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya ishtirokida birorta ham korxona mavjud bo‘lmagan. 2019 yil yakunida esa xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 7tani tashkil etgan. Ular tomonidan 800 ming AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilgan.

Bu ko‘rsatkich joriy yilning o‘tgan davrida 1,411 ming AQSh dollarni, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 910 ming AQSh dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, hozirda dastlabki shaklda 2021 yil uchun umumiy qiymati 1 mln 500 ming AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha 3ta loyiha shakllantirilgan.

Qo‘shrabot «to‘rtligi» ham tumanning «qoniqarsiz» hududlar ro‘yxatiga tushib qolgani uchun xalq vakillari bo‘lmish deputatlar oldida kechirim so‘ragan. Hududda vaziyatni o‘nglash bo‘yicha va'da berilgan.

Mavzuga oid