Jahon | 15:31 / 25.11.2021
18333
6 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyadagi ilk ayol bosh vazir saylanganidan bir necha soat o‘tib iste'foga chiqdi. Mamlakatni nega shu paytgacha ayollar boshqarmagan?

Magdalena Andersson siyosatga 1996 yilda kirib kelgan. U Shvetsiya tarixidagi ilk bosh vazir bo‘ldi. Biroq yangi lavozimda uzoq turmadi: tayinlanganidan bir necha soat o‘tgach, iste'foga chiqdi.

Foto: Reuters

24 noyabr kuni Shvetsiya hukumati rahbari lavozimiga birinchi marta ayol kishi — Shvetsiya Sotsial-demokratik ishchi partiyasi rahbari va moliya vaziri Magdalena Andersson saylangan edi. Shvetsiya radiosining xabar berishicha, u Yashillar partiyasining hukumatdan chiqish to‘g‘risidagi qarori bilan bog‘liq holda Vazirlar Mahkamasida bo‘linish yuz bergani tufayli yetti soatdan keyin o‘z lavozimini tark etdi. Bu, o‘z navbatida, parlamentda budjet loyihasi rad etilishi oqibatida ro‘y berdi.

Hukumat tomonidan taklif etilgan budjet «Shved demokratlari» o‘ng populist partiyaga kiruvchi muxolifat foydasiga rad etildi.

Andersson dastlab muxolifatchilar tomonidan ishlab chiqilgan budjetga ega mamlakatni boshqarishga rozilik bergandi, biroq yashillar budjetni ishlab chiqishda «Shved demokratlari» ishtirok etgani uchun koalitsiyani tark etishga qaror qildi.

Endi parlament spikeri partiya yetakchilari bilan muzokaralarning yangi raundini boshlaydi. Ushbu muzokaralar Andersson nomzodi parlamentda ovoz berish uchun yana taqdim etilishiga olib kelishi mumkin.

Reuters agentligi xabar berishicha, uning bosh vazir sifatida qaytish imkoniyati ancha yuqori: Yashillar uning nomzodini yana qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Markaz partiyasi esa ovoz berishda betaraf qolishga va'da bergan, bu esa amaliyotda qo‘llab-quvvatlashni anglatadi. So‘l partiya ham Andersson uchun ovoz berishga tayyor.

Mazkur uch siyosiy kuch budjetni ma'qullay olmagan bo‘lsa-da, ular «Shved demokratlari» hokimiyatga kelmasligi uchun birlashishga tayyor. «Biz Shvetsiyada «Shved demokratlari»ga tayanmaydigan hukumat paydo bo‘lishi uchun yana hamma narsa qilamiz», — dedi markazchilar yetakchisi Anni Lyof. Agar bu maqsad amalga oshsa, Andersson Sotsial-demokratik partiya tomonidan shakllantirilgan kabinetni boshqara oladi.

Ilk bosh vazir ayol

Andersson tayinlanguniga qadar Shvetsiya ayol kishini hech qachon milliy yetakchi sifatida saylamagan yagona skandinav mamlakati edi.

54 yoshli Magdalena Andersson Shvetsiya parlamenti tomonidan ma'qullandi va ushbu lavozimdagi Stefan Leven o‘rniga keldi. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, bosh vazir lavozimiga saylanish uchun parlament a'zolarining ko‘pchiligi qarshi ovoz bermasligi kifoya qiladi.

Deputatlarning yarmidan kamrog‘i – 174 kishi Shvetsiya Sotsial-demokratik mehnat partiyasi yetakchisi Magdalena Anderssonning saylanishiga qarshi bo‘ldi. 117 nafar deputat uni qo‘llab-quvvatladi, yana 57 nafari betaraf qoldi. Bu esa unga minimal farq bilan g‘alaba keltirdi. Natijalar e'lon qilingach, sotsial-demokratlar yetakchisini olqishlab, Riksdagda qarsaklar chalindi.

Uning ozchilik hukumati rahbari sifatida saylanishi Sotsial-demokratik mehnat partiyasi va muxolifatdagi so‘l partiya shvedlarning pensiyalarini oshirish evaziga kelishganidan keyin sodir bo‘ldi. Anderssonni Yashillar partiyasi va Markaz partiyasi ham qo‘llab-quvvatladi.

Biroq u bosh vazirligining ilk qadamlaridayoq katta qiyinchiliklarga duch keldi. O‘ng qanot muxolifat partiyalari hukumat budjetini rad etish haqida ogohlantirdi. Markaz partiyasi Andersson saylanishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa ham hukumatning moliyaviy takliflarini qo‘llamasligi, ular o‘ta so‘l ekanini ma'lum qildi. Shunday bo‘ldi ham.

Magdalena Andersson kim?

Andersson kasbi bo‘yicha iqtisodchi. U Stokholm iqtisodiyot maktabini tamomlagan. 1992 yilda biznes boshqaruvi va iqtisod bo‘yicha bakalavr darajasini olgan. 1995 yilda Harvard universitetida o‘qishni davom ettirdi.

Upsala universitet shahri o‘smirlar o‘rtasida sobiq chempion o‘zining siyosiy karerasini 1996 yilda bosh vazir Yoran Perssonning siyosat bo‘yicha maslahatchisi sifatida boshlagan.

2014 yilda Andersson Shvetsiya moliya vaziri bo‘ldi. Ungacha bu lavozimda ayol kishi faoliyat olib bormagan.

Nima uchun Shvetsiyada ayollar shu paytgacha mamlakatni boshqarmagan?

Maddi Sevej, BBC’ning Stokholmdagi muxbiri:

Shvetsiya o‘zining «feministik hukumati» va gender tengligi siyosati bilan tanilgan. U yerda erkaklar va ayollar jamiyatda teng ishtirok etadi, ota-ona ta'tillari kabi teng huquq hamda majburiyatlarga ega.

Shuni inobatga olsak, Shvetsiyada hali ayol bosh vazir bo‘lmagani kinoyali holat. Boshqa Skandinaviya mamlakatlarida ayollar allaqachon mamlakatni boshqargan yoki hozirda boshqarib kelmoqda.

Norvegiyada 1981 yildayoq ayol kishi bosh vazir bo‘lgan.

Shvetsiya nima uchun o‘z qo‘shnilaridan ortda qolganini aytish qiyin, chunki bu yerda ayollar ancha vaqtdan beri siyosatda keng ishtirok etib keladi. Jami deputatlarning qariyb yarmi, parlamentdagi sakkiz partiyadan oltitasini hozirda ayollar boshqaradi.

Sotsial-demokratlar uzoq vaqtdan beri hukumatda bo‘lgan, hukmron partiyalar rahbarlarini muntazam o‘zgartirish kam ekani omillardan biri bo‘lishi mumkin.

Ayollar tomonidan mamlakatni boshqarishga urinishlar bo‘lgan. 2000-yillar boshida Anna Lind bosh vazir sotsial-demokrat Yoran Persson o‘rniga nomzod sifatida ko‘rilgandi. Biroq u pichoq bilan berilgan jarohatlar natijasida fojiali tarzda vafot etadi.

Mona Salin ham istiqboldagi yana bir bosh vazir bo‘lishi mumkin edi. U 2007 yildan 2011 yilgacha Sotsial-demokratik partiyani boshqargan. Biroq uning omma orasidagi mashhurligi yetarlicha emasdi, natijada 2010 yildagi saylovlarda yutqazdi.

Mavzuga oid