Iqtisodiyot | 21:31 / 26.09.2022
51724
5 daqiqa o‘qiladi

Urushning narxi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzidan dunyo 2,8 trln dollar yo‘qotadi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzidan dunyo avval o‘ylanganidan ko‘ra ko‘proq kambag‘allashadi. Kelgusi yilda dunyo iqtisodiyotiga 2,8 trln dollar yetishmaydi, deb hisoblamoqda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti. Eng ko‘p zararni Rossiya ko‘radi.

Urush tufayli butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlari, elektr va yonilg‘i narxlari keskin yuqoriladi. Ko‘plar faqat davlat qo‘llab-quvvatlovi hisobiga omon qolmoqda. Suratda Indoneziyada subsidiya bilan arzonlashtirilgan oziq-ovqat uchun navbat. Foto: EPA

Yangi hisobot "Urushning narxi" deb nomlangan.

"Jahon iqtisodiyoti tormozlanmoqda. Bunga Rossiyaning Ukrainaga qarshi yo‘q yerdan boshlangan, oqlab bo‘lmaydigan va jinoiy tajovuzi sababchi. Ko‘plab mamlakatlarda YaIM o‘sishi to‘xtadi va iqtisodiyotning holatiga oid ma’lumotlardan kelib chiqib, tormozlanish davomli bo‘ladi", - dedi IHTT bosh kotibi Matias Kormann.

Kremlning Yevropaga qarshi gaz urushi ortidan kelib chiqqan energetika inqirozi bilan birgalikda, dunyodagi boyliklarning o‘sish sur’atiga rekord darajadagi inflatsiya va Xitoydagi kovid lokdauni ham ta’sir ko‘rsatadi. Lekin asosiysi – urush.

Urush bo‘lmaganida, 2023 yilda jahon iqtisodiyoti hajmi dushanba kuni e’lon qilingan prognozga nisbatan 2 foizga ko‘proq bo‘lgan bo‘lardi. Pulda ifodalanganda bu ulkan raqamni tashkil etadi - 2,8 trln dollar, Rossiya YaIMdan qariyb bir yarim baravarga ko‘proq.

Rossiya kelasi yili dunyoning eng yetakchi 20 iqtisodiyoti ichida eng sezilarli pasayishga duch keladi – YaIMning 4,5 foizi.

IHTT 2023 yilda Rossiya bilan birga faqat Germaniyada YaIM pasayishini (minus 0,7 foiz) taxmin qilmoqda. U Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti, Rossiya gazining asosiy xaridori va yetakchi eksportyori hisoblanadi. Ko‘hna dunyoning sanoat motori Kreml o‘tqazib qo‘ygan gaz parhezi hamda Xitoy iqtisodiyoti tormozlanishi sababli to‘xtaydi. 

Qolganlarda, ayniqsa, Rossiya va G‘arbning energetik va sanksiyaviy urushlarida g‘olib chiqqan Turkiya, Hindiston, Xitoy va Saudiya Arabistonida o‘sish kuzatiladi.

Hammasi yanada yomon bo‘lishi mumkin

AQSh uchun ham, Yevrohudud uchun ham kelgusi yil prognozi yomonlashgan. IHTT Amerikada o‘sish yarim foiz, Yevrohududning 19 mamlakatida esa 0,3 foiz bo‘lishini kutmoqda.

Iqtisodiy inqiroz siyosiy inqirozni tug‘diradi. Belgiyada elektr va issiqlik narxi oshishiga qarshi namoyish: "Bundan ortiq to‘lay olmaymiz va xohlamaymiz". Foto: EPA

Biroq bu qayg‘uli prognozlar juda nekbin bo‘lishi, aslida vaziyat bundan ham yomonroq tus olishi mumkin.

Birinchidan, iqtisodchilar o‘z modellarida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi avj olishi yoki urush boshqa hududlarga yoyilishi ehtimolini hisobga olishmagan. Ikkinchidan, ular kovid o‘tmishda qolgani va kelayotgan qishda hech qanday yangi to‘lqin va lokdaunlar bo‘lmasligidan kelib chiqib fikrlashgan.

Uchinchidan, ular Yevropadagi energetika inqirozi asta-sekin yumshab borishini hisobga olishgan. Bu eng katta xatar, deb tan olishgan IHTT ekspertlari.

Ular o‘z prognozlarida YeIda rejalashtirilayotgan gaz iste’moli ko‘ngilli ravishda qisqartirilishini, yerosti omborlaridagi zaxiralar va Rossiyaga muqobil yetkazib beruvchilar bilan gaz sotib olish bo‘yicha yangi shartnomalar tuzilishini ham hisobga olishgan. Biroq sovuq qish yoki boshqa manbalardan yetkazib berishdagi uzilishlar hammasini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Yevrokomissiya qishni Rossiya gazisiz qanday o‘tkazish bo‘yicha reja tayyorlagan, ammo ittifoqning 27 mamlakati uni haligacha ma’qullagani yo‘q. Joriy haftada energetika vazirlari kelishuvga erishishga urinib ko‘rishadi. Agar kelisha olishsa, keyingi haftada Pragadagi sammitda YeI mamlakatlari rahbarlari bu rejani tasdiqlaydi.

Neft inqirozi

Agarda Rossiya bilan ziddiyat to‘laqonli gaz qamali va total energetik inqirozga aylanadigan bo‘lsa, Yevropa kovid pandemiyasidan keyingi pasayishdan so‘ng tiklanishga ulgurmasdan retsessiyada qoladi. 

Yana bir mavhumlik – dekabrda kuchga kiradigan Rossiya neftiga nisbatan embargo.

U kuniga 2 mln barrel yoki jahon bozoridagi neft taklifining 2 foiziga taalluqli. Rossiya bu hajmni tezroq boshqa bozorlarga yo‘naltirishga erisholmaydi, chunki YeI Rossiya xomashyosining sug‘urtasi, moliyalashtirilishi va dengiz orqali tashilishini ham taqiqlaydi.

"Natijada jahon neft bozoridagi yetkazib berishlarda uzilishlar yuz berishi ehtimoli oshadi. Rossiya neft mahsulotlari taqchilligi esa jiddiy iqtisodiy zararga olib kelishi mumkin. Masalan, bu Yevropadagi dizel yonilg‘isiga tegishli.

Bu omillarning barchasi jahon iqtisodiyoti uchun urush narxi yangi prognozdagiga nisbatan ancha yuqori bo‘lishi xavfini kuchaytiradi", - deb yozadi IHTT iqtisodchilari.

Mavzuga oid