O‘zbekiston | 23:59 / 30.06.2020
73118
3 daqiqa o‘qiladi

Bugun uch hududda yangi holatlar qayd etildi

30 iyun kuni O‘zbekistonda 281ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 8503 holat), 2 kishi vafot etdi va 186 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 5682 bemorga javob berilgan, 26 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2795 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 3 hududda - Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 281 holatdan 255tasi karantin muassasalarida, 25tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 1 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+30)
Bugun uch hududda aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Toshkent shahrida aholi orasida 13ta yangi holat qayd etildi.

Bir kun oldin shaharning Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Mirobod, Yunusobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida yangi kasallanish holatlari aniqlangandi. Poytaxtda so‘nggi marta 3 iyun kuni aholi orasida kasallanish holati aniqlanmagan.

Shuningdek, Toshkent viloyatida aholi orasida 9ta, Samarqand viloyatida 3ta yangi holat qayd etilgan.

Karantin (+255)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 190 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 16 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Shuningdek, Toshkent viloyatida karantindagilar orasida 35 kishida virus chiqqan.

Haydovchilar (+1)
Bugun Toshkent viloyati hududida xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi bo‘lgan biri kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Tuzalganlar (+186)
30 iyun davomida O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarida 186 nafar fuqaro (Toshkent shahrida 135 nafar, Xorazm viloyatida 44 nafar, Navoiy viloyatida 3 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 nafar, Surxondaryo viloyatida ham 2 nafar) sog‘aydi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 8503 nafar bemordan 5682 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etmoqda.

O‘lim (+2)
Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonda ilk marta qatorasiga uch kun ikkitadan o‘lim holati qayd etildi. Bugun Jizzaxda 70 yoshli ayol koronavirusning navbatdagi qurboniga aylandi. Bir kun avval uning turmush o‘rtog‘i ham koronavirus tufayli o‘lim topgandi. Shuningdek, 10 iyun kuni Qozog‘istondan kelgan va 19 iyun kuni koronavirusga chalingani aniqlangan qoraqalpog‘istonlik bemor olamdan o‘tdi. Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 26-o‘lim bo‘ldi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2795 nafar bemordan 21 nafari og‘ir, 5 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 40 218 nafar, statsionar karantinda esa 24 168 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid