O‘zbekiston | 11:35 / 16.03.2022
28878
3 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilik guvohnomasining muddati o‘tib ketsa, nima bo‘ladi?

Guvohnomani vaqtida almashtirmaganlik uchun jarima yo‘q, lekin muddati o‘tib ketgan guvohnoma bilan avtomobil boshqarish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Guvohnomaning amal qilish muddati tugaganidan keyin bir yil ichida yangisi olinmasa, haydovchi imtihon topshirishiga to‘g‘ri keladi.

IIV YHXX Axborot xizmati rahbari Azizxon Murodov Kun.uz muxbirining savoliga javoban haydovchilik guvohnomasi muddatining o‘tib ketishi haydovchi uchun qanday huquqiy oqibatlar keltirishini tushuntirib berdi.

Haydovchilik guvohnomasining berilgan sanasiga qarash kerak. Agar 2010 yilgacha berilgan bo‘lsa, ular 2022 yil 31 martgacha almashtirilishi kerak bo‘ladi. Agar almashtirilmasa, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 1 apreldan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agarda ushbu holatda haydovchi eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi bilan transport vositasini boshqarsa va YPX xodimlari tomonidan hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatib tekshirilganida bu holat aniqlansa, haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va chora ko‘riladi”, – dedi Azizxon Murodov.

Shuningdek, u haydovchilik guvohnomasi haqiqiy emas deb topilganidan boshlab 12 oy davomida yangilanmasa, u holda guvohnomani yangilashdan oldin nazariy va amaliy imtihon topshirishga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining qarorida haydovchi bir yil davomida transport vositasini boshqarmaydigan bo‘lsa, u qayta imtihon topshirib haydovchilik guvohnomasini olishi belgilangan. Guvohnomani almashtirish muddati bir yildan o‘tib ketmasligi kerak. Agar bir yildan o‘tib ketsa, unda imtihon topshirib oladi”, – deydi YHXX rasmiysi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati o‘tib ketganining o‘zi jarimaga tortish uchun asos bo‘lmaydi.

Ma’lumot uchun, avtotransport vositalarini tegishli hujjatlarsiz boshqarish MJTK 135-moddasiga asosan BHMning bir baravari (270 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ushbu holat MJTK 291-moddasiga ko‘ra, huquqbuzar avtomobilining jarima maydonida ushlab turilishiga asos bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini quyidagi muddatlarda yangisiga almashtirish belgilangan:

  • 2010 yilgacha berilgani – 2022 yil 31 martgacha;
  • 2010 – 2012 yillarda berilgani – 2022 yil 30 iyungacha;
  • 2013 – 2015 yillarda berilgani – 2022 yil 30 sentyabrgacha;
  • 2015 yildan keyin berilgani – 2022 yil 31 dekabrgacha.

Mavzuga oid