Yangi IES 3 millionta xonadonning bir yillik energiya iste’molini qoplashi ma’lum qilindi
Sirdaryo viloyatida bugun 1-bloki ishga tushirilgan 1500 megavattlik yangi issiqlik elektr stansiyasi 2024 yil 1-choragida to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi va 3 milliondan ortiq xonadonning bir yillik iste’molini qoplaydigan darajada elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Zamonaviy turbinalar yiliga 1,1 mlrd kubometr tabiiy gazni tejaydi.
Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumani hududida Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi tomonidan qurilayotgan, jami quvvati 1500 MW bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasining dastlabki bosqichi tarmoqqa ulandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni qirolligi investitsiya vaziri Xolid al-Folih ishtirok etdi. Davlat rahbari maxsus tugmani bosgach, zamonaviy stansiyaning ilk 500 MW quvvatga ega birinchi bloki ishga tushdi.
Joriy yil yakuniga qadar bu stansiyaning quvvati bosqichma-bosqich 1000 MWga, 2024 yilning birinchi choragida to‘liq 1500 MW quvvatga chiqariladi. Loyiha qiymati 1,1 mlrd dollarni tashkil etadi.
Bu nima beradi?
Stansiya to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 12 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu hajmdagi elektr energiyasi O‘zbekistondagi 3 milliondan ziyod xonadonning bir yillik yoki barcha aholi iste’molchilarining qariyb 8 oylik iste’molini qoplash imkonini beradi.
Energetika vazirligining ma’lumotlariga qaraganda, yangi IESda “Mitsubishi” (Yaponiya) kompaniyasining dunyodagi eng zamonaviy va energiya tejamkor gaz turbinalari o‘rnatilishi hisobiga yiliga 1,1 mlrd kubometr tabiiy gaz tejaladi.
Loyiha Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hisobiga amalga oshirilmoqda.
Mavzuga oid
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
14:29 / 22.07.2024
ACWA Power 2 ta shamol elektr stansiyasidagi 35 foiz ulushini sotdi
10:46 / 09.07.2024
Andijon, Farg‘ona va Surxondaryoda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi
16:48 / 06.07.2024