O‘zbekiston | 23:37 / 30.06.2020
46125
5 daqiqa o‘qiladi

Karantin kuchaytirilishi, bemorlarni uyda davolash va ommaviy immunitet testi - professor Habibulla Oqilov bilan suhbat

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning 70-80 foizi kasallikni simptomsiz o‘tkazmoqda, deb ma'lum qildi professor Habibulla Oqilov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda karantin rejimi kuchaytirilmoqda. 5 iyuldan boshlab esa COVID-19ga chalingan ma'lum toifa bemorlarga uyda davolanishga ruxsat beriladi.

Kun.uz muxbiri ushbu yangiliklar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi, professor Habibulla Oqilov bilan suhbatda bo‘ldi.

Uyda davolanish: qay tartibda, kimlarga mumkin, kimlarga mumkin emas?

— Rivojlangan davlatlarda kasallik simptomsiz yoki yengil shaklda o‘tayotgan bemorlar uyda davolanyapti. Hozir bizda ham buning uchun barcha sharoitlar bor. Shuning uchun agar bemor tahlilida koronavirus aniqlangan bo‘lsa, lekin uning simptomlari yo‘q yoki yengil o‘tayotgan bo‘lsa, masalan aksirmayotgan, yo‘talmayotgan, nafasi qisilmayotgan, ta'm va hid sezgilari yo‘qolmagan, tana harorati ko‘tarilmagan bo‘lsa, 5 iyuldan boshlab shu toifadagi bemorlarga uyda davolanishga ruxsat beriladi.

Bu, albatta, ichki ishlar va milliy gvardiya tomonidan ularning uyda qolishi ta'minlangan holda tashkil etiladi. Oilaviy poliklinikasidan har kuni ertalab telefon orqali muloqotda bo‘lib turiladi. Tana harorating ko‘tarilmadimi, yo‘talmadingmi, deb xabar olib turiladi.

Bemor talablarga rioya qilsagina uyda qolishi mumkin. Agar kasalligini bila turib, ko‘chaga chiqsa, unga nisbatan javobgarlik belgilangan.

Uyda davolanayotgan bemordan 10 kundan keyin test olinadi va agar manfiy natija olinsa, uni hisobdan chiqarish mumkin bo‘ladi.

Uyda davolanayotgan bemorlarga immunitetni ko‘taradigan dorilar beriladi. Bu dorilar hamma joyda bor.

Agar bemor telefon orqali muloqotda: «Menda yo‘tal paydo bo‘ldi, kechqurun biroz haroratim ko‘tarildi», desa, u albatta statsionarga olib ketiladi.

Koronavirus aniqlangan bemorning yoshi 65dan oshgan bo‘lsa, yo ortiqcha vazni bo‘lsa, yoxud qandlik diabet, metabolik sindrom, gipertoniya kabi yondosh kasalliklari bo‘lsa, ular simptomlar bor-yo‘qligidan qat'i nazar faqat statsionar sharoitda davolanadi.

Habibulla Oqilov

Virus yuqtirganlarning necha foizida simptomlar ko‘zga tashlanmayapti?

— Respublikamiz miqyosida o‘rta hisobda 70-80 foiz bemorlar kasallikni simptomsiz o‘tkazishyapti.

Yaqin haftalarda ommaviy immunitet darajasini aniqlash uchun test o‘tkazish boshlanadi

— Hozirgi kunda COVID-19 diagnozini tasdiqlash uchun biz faqat polimeraz zanjir reaksiyasi (PZR) testlaridan foydalayapmiz. PZR– test olingan vaqtda organizmda koronavirus bor-yo‘qligini aniq ko‘rsatadigan analiz.

Shu bilan birga, chet el tajribasi, xususan Germaniya, Rossiya tajribasiga asoslangan holda, O‘zbekistonda ham guruh immunitetini bilish uchun immunoferment analizi (IFA)ni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

IFA yoki undan ham yangi IXLA analizlari kasallik o‘tib bo‘lganidan keyin organizmda hosil bo‘lgan antitanachalarni aniqlash imkonini beradi. Bu orqali koronavirusni yuqtirib, immuniteti kuchli bo‘lgani sababli kasallikni o‘zi bilmagan holda simptomsiz o‘tkazgan odamlarni ham aniqlash mumkin.

Bundaylarning soni qancha ko‘p bo‘lsa, respublika bo‘yicha guruh immuniteti ko‘rsatkichlari baland bo‘ladi. Shunga qarab karantinni kuchaytirish yoki yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarni rejalashtirsak. Shuning uchun ham IFA tahlillarining ahamiyati juda yuqori.

IFA yaqin haftalar ichida yo‘lga qo‘yiladi. Maxsus komissiya qarorida ko‘rsatib o‘tilganidek, davlat tibbiyot muassasalaridan tashqari xususiy muassasalarga ham PZR va IFA tahlillarini o‘tkazish uchun ruxsat berilgan. Analizant bemalol uydan turib telefon orqali gaplashib, analizni uyda topshirishi, javobini telefon, Telegram orqali olishi yo‘lga qo‘yiladi.

Tajribali shifokor suhbat davomida karantin rejimi kuchaytirilishi, koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar faoliyati, tibbiyot xodimlarining himoya vositalari bilan ta'minlanishiga oid savollarga ham javob berdi.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qiling.

Mavzuga oid