O‘zbekiston | 20:26 / 19.01.2021
43230
5 daqiqa o‘qiladi

«Bolalarimizni telefon tarbiyalayapti» – prezident bu masalaga jiddiy e'tibor qaratish zarurligini qayd etdi

Prezident rahbarligida ma'naviy-ma'rifiy ishlar ta'sirchanligini yanada oshirish borasida yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi barcha hududiy kengashlarning, vazirlik, idora va tashkilotlarning ma'naviy-ma'rifiy faoliyatini muvofiqlashtirib borishi belgilandi.

Prezident mutasaddilarga bir oy muddatda «Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash choralarini ko‘rish vazifasini yuklagan.

«Hech kimga sir emas, ma'naviyat targ‘ibotchisi bo‘lish kishidan katta bilim va salohiyat, mahorat va tinimsiz aqliy mehnatni talab etadi. Lekin biz ko‘p yillar ma'naviyat va ma'rifat sohasi xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirishga yetarli e'tibor qaratmadik. Endi ana shu muammoni hal etish vaqti keldi.

Buning uchun joriy yildan Ma'naviyat va ma'rifat respublika kengashiga qarashli davriy nashrlar ijodiy xodimlarining oylik maoshlarini oshirish kerak. Moliya vazirligi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi bir oy muddatda ushbu masala bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.

Shuningdek, xususiylashtirishga qo‘yilgan «Ma'naviyat» nashriyotini markaz tasarrufiga o‘tkazish va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash zarur. Markaz bilan hamkorlikda barcha korxona va tashkilotlarda aniq reja asosida «Ma'rifat soati»ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

«Ma'rifat soati»ga kimlar jalb qilinadi? Kimlar joylarga borib ma'ruza qiladi? Ularni kim kutib oladi, qayerda, qancha uchrashuv bo‘ladi? Ma'ruzachilar uchun zarur tarqatma materiallar, buklet, audio va video materiallarni kim tayyorlaydi? Vazirlar Mahkamasi va markaz mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ana shu masalalar yechimi bo‘yicha aniq taklif kiritsin», degan davlat rahbari.

Prezident uzluksiz ta'lim tizimida ma'naviy tarbiya asoslarini kuchaytirish lozimligini ta'kidlagan.

«Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi, deymiz. Lekin, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etishda bu qoidaga amal qilinmayapti. Bu borada bog‘cha, maktab, oliy ta'lim, mahalla – har biri alohida ish olib boryapti.  

Shuning uchun ma'naviy-ma'rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, unda har bir mas'ul idoraning vazifasi va birgalikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarini aniq belgilab qo‘yish zarur.

Xususan, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida jajji farzandlarimizni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida Markaz Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan birgalikda ma'naviy-tarbiyaviy ishlar tizimini yaratishi kerak.

Bunda, ayniqsa, xususiy va davlat-sheriklik asosidagi bog‘chalarga ma'naviy va metodik yordam ko‘rsatishga alohida e'tibor qaratish lozim. Joylardagi Ma'naviyat va ma'rifat kengashlari bu masalaga alohida e'tibor qaratishi kerak. Shu maqsadda, Kengash a'zolarini har bir maktabgacha ta'lim tashkilotiga doimiy biriktirib, mas'uliyatini belgilab qo‘yish zarur», degan prezident.

Shavkat Mirziyoyev yoshlar tarbiyasiga jiddiy e'tibor qaratish zarurligiga yana bir bor to‘xtalgan.

«Xabaringiz bor, biz mamlakatimizdagi 10 mingdan ortiq maktabga taniqli adib va jurnalistlarni, ma'naviyatchilarni ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi sifatida biriktirdik. Ular maktabda ma'naviy muhitni yaxshilash, o‘quvchilarning adabiyot, madaniyat va san'atga qiziqishini oshirish hamda ijodiy tafakkurini rivojlantirish orqali vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalash uchun mas'ul bo‘ladi.

Yana bir masala. Maktablarda 5-sinfdan boshlab yagona sinf rahbarini tayinlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishimiz kerak.

Bu o‘qituvchi 11-sinfga qadar bolalarning ma'naviy tarbiyachisiga, ota-onasidek qadrdoniga aylanishi zarur», deya davlat rahbari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari telefonlar yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylanganiga e'tibor qaratdi.

Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo‘lidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda.

Ma'naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sari emas, minut sari kirib boryapti.

Bularning barchasi biz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarur», – ta'kidladi Mirziyoyev.

Mavzuga oid