O‘zbekiston | 17:49 / 05.12.2024
1729
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi xalqaro ekspertlar ishtirokida tahlil qilindi

5 dekabr kuni Toshkentda “O‘zbekistondagi parlament saylovlari natijalari: xalqaro nigoh va islohotlar istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Progressiv islohotlar markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda siyosatchilar , fuqarolik jamiyati yetakchilari va xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi 2024 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining tahliliga bag‘ishlandi.

“Bizning markazimiz mustaqil “aql markazi” sifatida parlament saylovlaridan keyin uning natijalarini muhokama qilib, yangi parlamentning islohotlardagi o‘rni haqida bahslashmoqchi edik.

Qolaversa, bugungi tadbirning o‘ziga xosligi shundaki, bunda nafaqat davlat idoralari vakillari, balki fuqarolik jamiyati a’zolari ham bor”, - dedi Progressiv islohotlar markazi rahbari Mirshohid Aslanov.

“Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov saylovlarda yoshlar ishtiroki kengaygani, parlamentda ayollarning ulushi ortgani hamda inklyuzivlik oshganini qayd etdi.

Saylovda raqamli texnologiyalarning joriy qilinishi inson omili ishtirokini kamaytirgani aytildi. Bu esa o‘z o‘rnida boshqa mamlakatlar ekspertlari e’tiborini tortgan.

“Bizda eng muhim yutuqlardan biri – e.saylov tizimining joriy etilishi va elektron saylash huquqiga imkoniyat yaratilishi bo‘ldi. Bu inson omilini kamaytirish va odamlarga qulaylik yaratish bilan bog‘liq demokratiyaning bir ko‘rinishi bo‘ldi.

Buni ko‘p xorijiy mamlakatlar ham qayd etishdi. Hatto rivojlangan mamlakatlardan kelgan kuzatuvchilar shu tajribani o‘rganmoqchiligi va joriy qilish rejasini aytishdi”, - deya ma’lum qildi Oliy Majlis Senati birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Mavzuga oid