O‘zbekiston | 19:11 / 14.05.2020
234588
13 daqiqa o‘qiladi

«U barchasini topshirib, O‘zbekistondan chiqib ketish uchun 24 soat berdi» – Gulnora Karimova bilan ishlagan tadbirkor hikoyasi

Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov prezident Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘llab, O‘zbekistondagi qator yirik mulklar onasiga tegishli bo‘lgani, ammo ular bugungi kunda talon-toroj qilinayotganini bildirgan. Onasini afv qilishlarini so‘ragan o‘g‘il bu uzun ro‘yxatdagi mulklar qaysi manbalar hisobiga oila tasarrufiga o‘tgani to‘g‘risida so‘z ochmagan.

Foto: Twitter

VVS saytining o‘zbekcha talqinida bu maktub bo‘yicha tayyorlangan maqoladagi ro‘yxatga ko‘z yugurtirilsa, kichik Karimov anchagina yirik mulklarga da'vo qilayotgani ma'lum bo‘ladi:

  • O‘zbekiston Pochtasi;
  • Perfectum Mobile;
  • MDS;
  • Yuqori texnologiyali jihozlarga ega ikki xususiy klinika;
  • Turli qurilish loyihalari doirasida Toshkentning eng zo‘r joylarida qurilgan 98ta kvartira;
  • O‘nlab lokatsiyalari va jihozlari bilan Gabusdagi aksiyalar;
  • Aeroportlar va shahardagi savdo joylariga ega Duty Free;
  • Ucell aksiyalari;
  • Paynet aksiyalari;
  • Pepsi-Cola'ning 26 foiz aksiyalari;
  • O‘zbekiston hududida rasman ish boshlagan distributsiyaga ega Levi's, Benetton, Quicksilver, Mango va boshqa birinchi raqamli brendlar do‘konlari tarmog‘i;
  • Hind, italyan, fransuz, xitoy va yapon oshxonalarini tatbiq etishda birinchilardan bo‘lgan 5ta restoran;
  • Eng zamonaviy jihozlarga ega 4ta kinoteatr;
  • O‘zbekistonda eng birinchilardan bo‘lgan ikkita sport va spa-klubi;
  • Qurilish ishlari boshlangan 20dan ziyod qurilish nuqtalari;
  • IIV binosi qarshisida ilk bor qad rostlaganidan beri mavjud bo‘lgan «Korzinka» tarmog‘i aksiyalari;
  • Toshkent viloyati va boshqa viloyatlardagi qishloq xo‘jaligi maydonlari;
  • Chorvachilik fermalari;
  • Shahar markazidagi savdo maydonlari (20dan ortiq nuqta);
  • Yashash va tijoriy maqsaddagi binolarni ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi rieltorlik kompaniyalari (60dan ziyod).

Kun.uz mavzu yuzasidan surishtiruv o‘tkazdi va xatda tilga olingan insonlardan ayrimlari bilan bog‘landi.

Jasur Abdurahmonov: «Gulnora Karimovaning turmush qurish taklifini rad etganim sabab bosim ostida qoldim»

Jasur Abdurahmonov, 2002 yildan 2007 yilga qadar Gulnora Karimova bilan bog‘liq qator loyihalarda ishlagan. Tazyiqlar tufayli 2008 yildan 2019 yilga qadar deyarli 12 yil muddat xorijda yashashga majbur bo‘lgan.

– Gulnora Karimova bilan qachon, kim orqali va qanday tanishgansiz?

– Gulnora bilan (suhbatdosh bu mavzu bo‘yicha so‘zlovchi ko‘pchilikdan farqli ravishda Gulnora Karimovani «Opa» deb atamadi) 2002 yilda tanishganmiz. O‘sha paytda o‘ziga yarasha muvaffaqiyatga erishgan, qator biznes rejalarni tuzayotgan tadbirkor edim. To‘qimachilik sohasida yirik loyiham bor edi. Unga ko‘ra paxta eksportini kamaytirib, tola ishlab chiqarish hajmini oshirish mumkin bo‘lardi. Buning zarurati yillar o‘tib isbotini topdi ham.

O‘shanda bu loyihamga yirik hamkor izlarkanman, stilist Olesya Grushak orqali Gulnora bilan uchrashganman. Xayolimda prezidentning qizi albatta butun davlatga daromad keltiruvchi loyihalarga e'tibor beradi, degan ishonch bo‘lgan.

Gulnora Karimova eri Mansur Maqsudiydan ajrashganidan so‘ng – 2002 yilning kuzida «Coca-Cola Bottlers Uzbekistan» kompaniyasini o‘z tasarrufiga o‘tkazgan paytlar edi. Xo‘jalik ishlaridagi tajribam sababmi, yoki kimningdir tavsiyasi bilanmi, uning o‘zi menga boshqacha taklif berdi va shunday dedi: «Bu loyihangizga yana qaytamiz, siz ungacha «Koka-kola» zavodida ish boshlang. Men zavodga bosh direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlandim va kuchim boricha ishladim. Keyinchalik Gulnoraning yana qator loyihalarida qatnashdim va 2003 yilda «Quvasoy sement» zavodiga kuzatuv kengashi raisi bo‘lib o‘tdim.

– Ma'lumotlarga ko‘ra, bu Gulnora Karimova bilan bog‘liq oxirgi ish joyingiz. Shundaymi?

– Gulnora meni hamisha ishlab chiqarishning eng murakkab nuqtalariga jo‘natardi. 2003 yildan 2005 yilgacha Quvasoyda ishlagan bo‘lsam, zavod faoliyatida juda yaxshi natijalarga erishdik. Buni bir misol bilan tushuntiraman – o‘shanda yillik quvvati 950 ming tonna bo‘lgan zavodda ishlab chiqarishni yiliga 1.080 ming tonnaga chiqardik. Buning uchun hatto boshqaruv samaradorligi bo‘yicha Jyenevadan mukofot olib kelganman. Dividendlarni 1300 foizgacha ko‘targan paytlarimiz bo‘lgan.

Gulnoraning o‘zi ham aksioner sifatida rasman dividend olardi. Korxona nazorat paketi uning ixtiyorida edi. Lekin daromadini korxona rivojlanishiga sarflamasdi, olib chiqib ketardi.

2005 yilda men Oliy Majlis deputatligiga saylandim.

Quvasoydagi faoliyatim ikkimiz o‘rtamizga sovuqchilik tushishidan oldingi oxirgi ish bo‘lgandi.

– Munosabatlaringiz nima sabab bilan darz ketdi?

– Endi bu gaplarga ishonish qiyin, lekin mening ham yolg‘on gapirishdan biror manfaatim yo‘q. Ishlarim ko‘zga ko‘rinib qolgan, o‘zim ham sport bilan muntazam shug‘ullanadigan, ko‘rkam yigit edim. Gulnorada kishini rom etish xususiyati, maftunkorligi bor edi. Suhbatlarning birida u menga turmushga chiqish niyati borligini bildirdi. Afsuski u «yo‘q» degan javobni eshitib o‘rganmagandi. Men uch farzandim borligini, oilamdan ajrala olmasligimni yotig‘i bilan tushuntirdim. Shunda «Topgan barcha narsalaringizdan bir zumda ajrab qolishingiz mumkinligini bilasizmi?» deya ochiq tahdid qilgandi.

2006 yilda «Quvasoy sement» sotuvga qo‘yilganidan xabar topdim va sotilishiga qarshilik qildim. Keyinchalik sudda zavod ishchilari ham bu faktni tasdiqladilar. Gulnora turli yo‘llar bilan arzimagan pulga olgan zavodning nazorat paketi mening bilishimcha 35 mln dollarga sotib yuborildi. Holbuki bu zavod 100 mln dollardan kam turmasdi.

Shu sabablar bilan oramizga sovuqchilik tushdi va men undan uzoqlashib ketdim, lekin butunlay uzilib ketmadik. Deputatligimni, o‘zimning to‘qimachilik loyihalarimni davom ettirdim.

2006 yil tugab, 2007 yilga o‘tilayotganda pasportimni so‘rashdi, berdim. Qaytarib berishganida Xitoy vizasi qo‘yilgan ekan. O‘sha payt otam betobligi uchun bora olmasligimni aytdim. Bu ham bir turtki bo‘ldi. 2007 yilda otamni davolatish uchun Moskvaga ketayotganimizda bort kuzatuvchisi arzimas sabab tufayli meni so‘kdi, men javob qaytardim va mushtlashuv sodir bo‘ldi. Keyin bilsam, bu uyushtirilgan ekan.

Ortimdan telefon qilib qaytmaslikni, menga nisbatan jinoyat ishi ochilganini bildirishdi. BAAga ketdim, deputatlik vakolatidan ham ixtiyoriy voz kechdim. Ortga qaytgan otam og‘irlashganda chegarani buzib qaytishga majbur bo‘ldim va bir oy yonida o‘tirdim. Otamning o‘limidan 4 kun oldin meni qo‘lga olishdi va faqat janozada chiqarishdi. 2008 yil 1 aprelda Yunusobod tuman sudi 3 yil shartli muddat berdi. O‘shanda Gulnora «Seni men chiqarib oldim» degandi. Bu qanchalik haqiqat, bilmayman.

2008 yilda Bekobod metallurgiya kombinati bilan shartnoma asosida ishlardim, metallom topshirardim. 12 ming tonna mahsulotim shu korxona tasarrufiga o‘tib turgan bir paytda qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Gulnora bor aktivlarimni unga topshirib, 24 soat ichida O‘zbekistonni tark etishimni buyurdi. Men sudlanganimni, 3 yil chiqa olmasligimni aytganimda 1 soatda sud bo‘ldi, shartli qamog‘imni ham olib tashlashdi. Zudlik bilan Turkiyaga uchdim, ortimdan oilam yetib bordi.

Nima birdan bunchalik g‘azabini qo‘zg‘adi, bilmadim. Men uning jamoasidagi bevosita ishchisi bo‘lmaganman. «Koka kola» zavodida ham direktor o‘rinbosari sifatida zavoddan oylik olganman, «Quvasoy sement»da ulushim ham yo‘q edi hatto. Davlat strukturalaridagi insonlar bilan oldi-berdilariga ham aralashmagan, sudda ham meni hech kim tanimadi.

O‘ylab qarasam, uylanish taklifida katta hikmat bo‘lgan ekan. Shu taklif tufayli uzoqlashdik va men ko‘p narsadan chetda qoldim. Agar shu taklif bo‘lmay, oldingiday ishlayverganimizda, balki o‘zim bilmagan holda katta jinoyatlarga aralashib ketardim. Juda ko‘pchilik yigitlar, qizlar aralashib, hayotlarini barbod qildilar...

– Kichik Islom Karimov ochiq maktubida siz to‘g‘ringizda ham alohida to‘xtalgan. Buni qanday izohlaysiz?

– Islomni bolaligidan bilardim. Onasi o‘zim shug‘ullanadigan boks zaliga olib borib mashq qildirishimni tayinlagan, erkaklarcha o‘sishini xohlagandi. Gulnoraning qizi Imonning tug‘ilgan kunlarida u bilan tengdosh farzandlarim mehmon bo‘lishgan.

Yaqinda e'lon qilingan ochiq xati ochig‘i meni hayron qoldirdi. Men go‘yoki 100ta kvartira yoki juda katta pulni ozodlik uchun pora sifatida berganmishman, Qirg‘iziston bilan chegarani buzganim uchun 12 yil qochib yurgan emishman.

Menda beradigan 100ta kvartiraning o‘zi yo‘q edi. Lekin 2018 yilda mening ham ulushim bo‘lgan korxona yangi uylar qurilishi boshlanishi oldidan shu uylar bitganida kam ta'minlanganlarga shaharning istalgan hududidan 15ta kvartira taqdim etish tashabbusi bilan chiqqan va bu haqda dalolatnoma ham tuzilgan. Men bundan bir yil o‘tib, 2019 yilda O‘zbekistonga qaytganman.

Chegarani buzganim rost, ammo Qirg‘iziston chegarasidan na qonuniy, na noqonuniy, umuman hatlab o‘tmaganman. Otam kasalligida Qozog‘iston chegarasidan noqonuniy o‘tganimni yuqorida tan oldim, buning uchun jazo olganman va sud bu jazoni bekor qilgan ham.

– Jarayonlarda qisman tanish inson sifatida ayting-chi, kichik Islom Karimov Londonda qanday mablag‘lar hisobiga yashayapti?

– Men faqat taxmin qila olaman, aniq faktim yo‘q. Islom o‘zi katta daromad qiladigan salohiyatga ega emas. London qimmat shahar, yana u qimmat dargohda o‘qiydi. Bilishimcha, onasining maxsus hisob raqamlari yoki qaysidir ko‘chmas mulklari ijarasidan daromad qilib turibdi.

– Gulnora Karimova bilan yana ko‘rishdingizmi?

– Qaytganimdan keyin tergovda yuzlashtirildik. Yillar ta'sirini o‘tkazgan albatta, lekin tarovatini yo‘qotmabdi. O‘sha uylanish masalasi yuzaga chiqqanida «Mening ortimdan shahzodalar yurardi, bu yolg‘on» deb tan olmadi. Lekin guvohlar buni tasdiqlashdi.

Keyinchalik sudda ham bir necha marta ishtirok etdim. Men Gulnora bilan uning ambitsiyalari u qadar kuchaymagan paytlari ishlagandim. Keyinchalik uning doirasida qolgan tanishlarim judayam quyushqondan chiqayotgani, hech kimning gapini pisand qilmay qo‘yganini aytishgandi. Rost ekan. Mana shu munosabatni sudda ham ko‘rsatdi.

Faoliyatining so‘nggi yillarida men Gulnoraning yonida bo‘lmaganman. Lekin ishtahasi akuladay oshib ketgani, u aralashmagan biror soha qolmagani, o‘sha sohalardagi eng asosiy daromadlarni o‘ziga tortib ketganiga yana bir amin bo‘ldim. Qing‘ir yo‘llar bilan orttirilgan boyliklar ro‘yxatining o‘zi bir necha sahifa ekanligidan hayron qoldim.

Qizig‘i, faktlar manaman deb turganiga qaramay, sudda u o‘zini sharmandalarcha tutdi, og‘zidan bodi kirib shodi chiqdi, nafaqat o‘zini shu darajaga yetkazgan davlatga va xalqqa nisbatan, balki o‘zining safdoshlariga nisbatan ham juda uyatli gaplarni gapirdi, yaqqol ayblarini tan olmagani yetmaganday ko‘pchilikni behurmat qildi.

Inson boshi toshga yetganda hammasini qayta o‘ylab ko‘radi. Lekin men Gulnorada pushaymonlik hissini ko‘rmadim, aksincha, u hamon butun dunyoni ayblab, o‘zini oppoq hisoblardi.

Islomning xatida qator mol-mulklarga da'vo qilgani ham shunchaki kulgili. Ularga mening aloqam yo‘q, lekin oddiy savol tug‘iladi – shuncha boylik g‘amida ekansan, qani ayt-chi, onang buncha mol-mulkni kimning peshona teri evaziga, qanday yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan ekan?

Abror Zohidov

Mavzuga oid