O‘zbekiston | 14:41 / 11.12.2024
18760
3 daqiqa o‘qiladi

Timur Ishmetov Markaziy bankning yangi raisi bo‘ladi

Prezident maslahatchisining o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Timur Ishmetov Markaziy bank raisi etib tayinlanishi kutilmoqda. U 2000-2019 yillar davomida Markaziy bankda turli lavozimlarda, xususan bugun iste’foga chiqarilgan sobiq rais Mamarizo Nurmurodovning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, keyinroq Moliya vazirligini boshqargandi.

Foto: Kun.uz

Timur Aminjanovich Ishmetov O‘zbekiston Markaziy banki raisi etib tayinlanadi.

45 yoshli moliyachi tayinlovga qadar prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgandi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari Markaziy bank rahbarligi uchun Senatga Ishmetov nomzodini taqdim etgan.

U bugun, 11 dekabr kuni MB raisi lavozimidan ozod etilgan Mamarizo Nurmurodovning o‘rnini egallaydi.

Timur Ishmetov 1979 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan, 2005 yilda Birmingem universitetidan moliya-bank yo‘nalishida magistr darajasini olgan. 2007 yilda Toshkent yuridik universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan.

U 24 yillik mehnat faoliyatining 19 yilini Markaziy bankda o‘tkazgan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda Markaziy bank iqtisodchisi lavozimidan boshlab, 2001–2004 yillarda katta ekspert-analitik, Valuta birjasi va tashqi aloqalar departamenti rahbari bo‘lgan. 2004–2008 yillarda Pul-kredit operatsiyalari departamentida ishlagan. 2008–2009 yillarda Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamenti, 2009-2010 yillarda Ichki valuta bozoridagi operatsiyalar departamenti, 2010–2017 yillarda Valuta boshqaruvi va nazorati departamentini boshqargan.

Ishmetovning Markaziy bankdagi faoliyatida 2017 yilda qisqa muddat uzilish bo‘lgan: u o‘sha yili aprelda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan, ammo iyun oyida Mamarizo Nurmurodov Markaziy bank raisi etib tayinlanishi bilan bir vaqtda uning birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan.

MB boshqaruvidagi o‘zgarishlar fonida, 2017 yil sentabriga kelib, mamlakatda valuta islohoti amalga oshirilgandi.

Timur Ishmetov MB raisining birinchi o‘rinbosari sifatida 2 yil faoliyat yuritgach, 2019 yil may oyida moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. 2020 yil fevraliga kelib, u moliya vaziri etib tayinlandi va bu lavozimda 2022 yil oxirigacha faoliyat yuritdi.

Ishmetov 2022 yil dekabrda O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi (Ravshan G‘ulomov)ning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid