Shavkat Mirziyoyev: Qadimiy obidalarning har bir g‘ishti tarixiy
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni Xiva shahridagi Ichan qal'a majmuasiga tashrif buyurib, Amir To‘ra madrasasida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari bilan tanishdi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, bu yerdagi tarixiy obidalarni asrab-avaylash maqsadida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev qadimiy obidalarning har bir g‘ishti tarixiy ekanini, har bir naqshida ma'no borligini ta'kidladi. Madaniy merosimizni kelajak avlodlarga yetkazish, buning uchun restavratsiya maktabini rivojlantirish zarurligini qayd etdi.
Shu yerda Xorazm viloyatining ulkan turizm salohiyatidan foydalanish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
2020-2021 yillarda viloyatda turizmni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Masalan, Xiva tumanida “Anor”, “Anjir”, Yangiariq tumanida “Mennonit qishlog‘i” nomli tematik parklar barpo etilishi rejalashtirilgan.
O‘tgan yil dekabrda Xorazm lazgisi YuNeSKOning Nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi. Xorijiy davlatlar vakillari ushbu milliy raqsni o‘rganishga qiziqish bildirmoqda. Shundan kelib chiqib, viloyatda lazgi akademiyasini tashkil etish mo‘ljallangan.
Bugungi kunda viloyatda 600 dan ortiq fermer xo‘jaligi baliqchilik bilan shug‘ullanadi. Ulardan gastronomik turizm yo‘nalishida foydalanish maqsadida 71 ko‘lda xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ichan qal'ada xalqimizning noyob me'morlik an'analari, qadimiy hunarmandchiligi, san'ati va madaniyati namunalari saqlanib qolgan. Bu yerdagi 58 ta tarixiy-madaniy meros obektidan 17 tasida turli muzeylar joylashgan. Qal'a YuNeSKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Mavzuga oid
16:40 / 04.12.2024
«Afrosiyob» tezyurar poyezdlari 7 dekabrdan Xivaga qatnay boshlashi rad etildi
08:53 / 28.09.2024
Xiva vokzali yonida yerosti yo‘l o‘tkazgichi barpo etiladi
22:36 / 26.09.2024
Chirchiq daryosining 6 km qismida dam olish hududi barpo etiladi
20:30 / 08.06.2024