O‘zbekiston | 11:22 / 11.07.2023
22225
9 daqiqa o‘qiladi

Sobiq “Algoritm” zavodi sotildi. Undagi yuzlab tadbirkorlar ko‘chada qolishdan xavotirda

Chilonzor tumanidagi 16 gektarlik sobiq “Algoritm” zavodi auksion savdolari orqali 307,6 mlrd so‘mga sotildi. Hududning bino va inshootlaridan yuzdan ortiq tadbirkor ijara asosida foydalanib kelayotgandi. Endilikda ular hududdan chiqarib yuborilishlari mumkinligidan xavotirda. Hokimlik vakili tadbirkorlar ko‘chada qoldirilmasligini ta’kidlayapti.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi sobiq “Algoritm” zavodi bino va inshootlari 292 mlrd 954 mln so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga qo‘yildi.

23 iyun kuni narxi oshib borish tartibida o‘tkazilgan auksion savdolarida 307,6 mlrd so‘m taklif qilgan “Strategic Development Team” MChJ g‘olib deb topilgan.

Hududning sotilishi bu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan 120 nafar tadbirkorni xavotirga solmoqda. Chunki ular sobiq zavod hududidagi bino va inshootlardan ijara asosida foydalanib kelishmoqda. Tadbirkorlarga ko‘ra, ishlab chiqarish sub’yektlari ortidan 3 ming nafarga yaqin ishchining qozoni qaynab turibdi. Agar hududning yangi egasi tadbirkorlarni chiqarib yuborsa, ular tomonidan bu yerga keltirib o‘rnatilgan turli xil texnologiyalarni boshqa hududga ko‘chirish, qo‘l ostidagi tajribali ishchilarni ushlab qolish, qilingan xarajatlarga kuyish kabi muammolar yuzaga keladi.

Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, ular masala yuzasidan Chilonzor tumani hokimiga murojaat qilishgan. Tuman hokimi masala bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanishini bildirib, tadbirkorlar taqdiri e’tiborsiz qolmasligini, hudud negizida “Texnopark” tashkil qilinishini, yaqin kunlarda muhokama yig‘ilishi o‘tkazilishini aytgan. Ammo hokimning bu gaplari quruq va’daligicha qolgan.

Biz anchadan beri shu yerda ishlaymiz, shu yerga joylashdik. Ishlayotgan joylarimizga ancha-muncha sarmoya kiritdik. Shuncha tadbirkorning salkam 3 ming nafar ishchisi bor.

Biz masala yuzasidan shahar hokimiga yozdik, yonlariga ham bordik, eshikdan kiritishmadi hatto. Tuman hokimi biz yoniga borayotganimizdan xabar topib, shahar prokurori bilan kelib, hokimlik yonida biz bilan uchrashdi. Siz prezidentning vakilisiz, bizga qanday yordam berasiz, deya so‘raganimizda hokim bu yerni “Texnopark” qilishga yordam berishini aytgandi. Hokim va’dasidan so‘ng biz ortga qaytib ketdik.

Mulk o‘sha kuni auksiondan olindi. Keyin 10 kun ichida auksionga yana qayta qo‘yildi va jarayon tezlashib ketdi.

Salkam 7 oydan beri eksportni to‘xtatib qo‘yganman. Qo‘shni davlatlarga sintetik tola eksport qilaman. Menga o‘xshagan 120 nafar tadbirkorning qo‘yni puch yong‘oqqa to‘ldi.

Ijara markazidan ham kelib gaplashdi: s’yomka qilmanglar, kam odam yig‘ilsin dedi. Bilsak, ularning maqsadi boshqa ekan. Mayli, pul tushirishsin. Bizlar ham o‘sha pulni to‘lay olamiz. 307 mlrd so‘m birgalashib to‘lasa ko‘pchilik uchun arzimagan pul. Mutasaddilar bizga imkoniyat berishsin. Hozir hech qanday imkoniyat qoldirishmayapti. Shuncha odam ko‘chada qoladimi? 3 ming odamning uyida 5 nafardan odam bo‘lsa, 15 ming kishi bo‘ladi.

3 yillik shartnoma asosida auksiondan ijaraga olganmiz. Ijarachi hech kim emasmi? Biz ham o‘zimizga yarasha sarmoya kiritamiz, qancha ish o‘rinlari yaratamiz. Faqat imkoniyat berilsin. Hamma joy sotilib ketilaversa, “dom” qurilaversa nima bo‘ladi? Bu yer bizga juda qulay, shaharning cheti. Biz bu yerda kimyoviy narsalar ishlab chiqarmaymiz”, deydi tadbirkor Ahror Akbarov.

Yana bir tadbirkor Sardor Agzamov esa agar bu yerdan chiqarib yuborilsa, ko‘chish u uchun anchagina qimmatga tushishini ma’lum qildi:

Biz vanna va dush ishlab chiqaramiz. Shu yerda 3 ming kvadratga yaqin joyimiz bor. Bir yildan buyon joyimizni kengaytira olmayapmiz. Sababi, bu yer ana sotiladi, mana sotiladi bo‘lib kelyapti.

Biz o‘zi eksportyormiz, qo‘shni davlatlarga mahsulotlarimizni eksport qilamiz. Umumiy 50 nafar xodimimiz bor.

Bizning texnologiyalarimiz kichkina narsa emas, vanna chiqaradigan apparatlarimiz juda ham katta. O‘zi Xitoydan texnologiya olib kelib, shu yerda yig‘dirganmiz. Hozir ko‘chishimiz uchun ularni buzib, yana qayerdadir qayta yig‘ishimiz kerak bo‘ladi. Qolaversa, jihozlarimizning ko‘pi shisha va plastmassadan, sinishi tez. Shu sababliagar ko‘chadigan bo‘lsak 20 foiz jihozlarimiz yaroqsiz holga keladi.

Shuningdek, biz bu yerda joy olganimizda tomi teshik, ta’mirga muhtoj holda edi. O‘zimiz u yerlarni ta’mirlaganmiz, darvozalar o‘rnatganmiz, tomni yamaganmiz. Bizga bu sharoitlarni ko‘chadan kelib hech kim qilib bergan emas”. 

Hududdagi sexlardan birida ishlovchi Yoqub Risqimuhammadevning ta’kidlashicha, sobiq zavod binolarining barchasi ishlab chiqarish uchun moslashtirilgan. Ularni saqlab qolish juda muhim.

Bu zavod 1981-1983 yillarda rasman ochilib, ishga tushgan. Men bu yerda 1987 yildan beri ishlayman. Bu zavod bino va inshootlari nisbatan yangi. Bor-yo‘g‘i 40 yil bo‘libdi mana. Bunaqa zavodni qurish uchun hozir xaridor sotib olgan summa yetmaydi. Mulkning haqiqiy bahosi sotib olingan narxga to‘g‘ri kelmaydi: narx tushirilgan.

Aytmoqchimanki, bu hududdan asosan ishlab chiqarishda foydalanish kerak. Qurilgan binolarning barchasi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan. Kommunikatsiya bor. Hozir ishlab chiqarish qiladimi yoki har doimgi kabi “dom” quradimi, xaridor maqsadi nimaligini bilmayman. Shu sababli mutasaddilar o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi, ishlab chiqarish binolarini saqlab qolish kerak”, deydi Yoqub Risqimuhammadev.

Biz masalani o‘rganishimiz jarayonida xaridor tomon vakili ham kelib, tadbirkorlar bilan uchrashdi hamda mulk egaligi haqidagi hujjatlarni hali olmaganligini, hozircha tadbirkorlarni bu yerdan chiqarib yuborish maqsadi yo‘qligini bildirdi.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abduhamid Abduqodirovdan ham izoh olindi. Uning bildirishicha, biror tadbirkor hududdan atay chiqarib yuborilmaydi. Agar tadbirkorlar orasida o‘zi ko‘chib chiqishni istaganlari bo‘lsa, ularga joy topib berishga harakat qilinadi.

Bu yer oldin “Royson”ning joyi bo‘lgan. Davlat aktivlari tomonidan auksionga qo‘yilgan va sotilgan. Tadbirkorlar agar xaridor chiqarib yuborsa, biz qayerga boramiz, degan masalani qo‘yyapti. Hozir mulkni sotib olgan investor bilan ham gaplashdik, hech kimni haydab chiqarish niyati yo‘qligini bildirdi.

Tadbirkorlar bilan gaplashamiz. Agar ularning qanchasidir bu yerdan o‘z ixtiyori bilan ko‘chmoqchi bo‘lsa, ularga joy topib berishga harakat qilamiz. Yana bitta ishlab chiqarish zonamiz bor, bo‘sh turgan joylarni aniqlasak, u yerga ham joylashtirsak bo‘ladi. Oldin biz bu yerdagi tadbirkorlarning quvvatini, qancha ish o‘rni borligini bilishimiz kerak. Shunga qarab joy topishga harakat qilamiz. Lekin bu yerdan hech kim atay chiqarib yuborilmaydi”, deydi Abduhamid Abduqodirov.

Mutasaddilar sobiq “Algoritm” zavodida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, bugun ne qilarini bilmayotgan yuzlab tadbirkorning muammo, taklif va e’tirozlariga quloq tutishi zarur. Yuzaga kelayotgan masalaga six ham, kabob ham kuymaydigan shaklda yechim topilmas ekan, minglab insonlarni ish bilan ta’minlab turgan tadbirkorlarning yuragidan xavotir arimaydi.   

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Tasvirchi va montaj ustasi: Shohruzbek Abdurayimov.

Mavzuga oid