Toshkentda “novostroyka” uchun to‘lov qilgan mingdan ortiq odam chuv tushdi. Zarar miqdori 300 mlrd so‘mdan oshadi
Fuqarolardan hali qurilmagan kvartiralar uchun to‘lovlarni qabul qilib olgan firmaning va’da qilingan hududda turar joy majmuasi qurishga ruxsati bo‘lmagan.
“AZIYA INVEST FAVORIT” MChJ bilan Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Izzat ko‘chasida qurilishi rejalashtirilgan uylardan birini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan bir guruh fuqarolar Kun.uz’ga murojaat qilib, oradan bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay qurilish ishlari hali boshlanmaganidan shikoyat qilishdi. Ularning aytishicha MChJ rahbari qamoqqa olingan bo‘lib, ishchi-xodimlar pullarini qaytarishni talab qilib borganlarga firma yopilganini aytishgan. Bundan tashqari, bir guruh fuqarolarning videomurojaatlari YouTube platformasiga ham joylashtirilgan.
“2022 yil 21 fevral kuni shartnoma tuzganman. Izzat ko‘chasida joylashgan 58-uy qurilishi uchun 273 mln 800 ming so‘m to‘lov qilganman. Bir yarim yildan buyon turli va’dalar bilan qurilish kechiktirib kelindi. Shu paytgacha men pulini to‘lagan uy qurilishi uchun bitta cho‘p ham qo‘yilmadi.
Aytishlaricha, “AZIYA INVEST FAVORIT” MChJ rahbari Hatamov Xayrullo Abduqodirovich hozirda qamoqqa olinganmish va ushbu MChJ xodimlari “biz ishlamayapmiz, biz yopildik” deyayotganmish. Ularning pullarni olib chetga ketib qolmasligiga kim kafolat beradi? Shuncha odamning pulini olib uy qurilmasa yoki pullar qaytarib berilmasa, buning uchun hech qanday javobgarlik yo‘qmi?” deydi To‘lqinjon Jumaboyev.
“2023 yil 14 fevralda AZIYA INVEST FAVORIT qurilish firmasiga uy olish maqsadida to‘lov qilganmiz. Ular bizga shartnomada Yashnobod tumani Izzat ko‘chasidagi bir yerni ko‘rsatib, 58-uy shu yerda quriladi deb aytishgan. Endi aniq bo‘lyaptiki, firmada bu yerga egalik huquqi yo‘q. Firma rahbarlari qurilish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan mingdan ziyod odamni aldab qurilmaydigan uylarni sotgan. Buning oqibatida 1090 tadan ziyod xaridor pulsiz va uysiz qolmoqdamiz”, deydi boshqa bir murojaatchi.
Bu kabi murojaatlar talaygina. Ushbu murojaatlarda aldangan fuqarolar quruvchilar avvalboshdan uy qurish niyatida bo‘lmagani, uylarning kvadrat metri uchun poytaxt bo‘yicha eng arzon narx belgilab, shu yo‘l bilan ko‘pchilikni tuzoqqa tushirishgani, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu firibgarlik sxemasi va ancha oldin yo‘llangan shikoyatlarni e’tiborsiz qoldirishgani ta’kidlanadi.
Kun.uz’ning prokuraturadagi manbasi hozirgacha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra “AZIYA INVEST FAVORIT” MChJ mansabdorlari tomonidan fuqarolarga yetkazilgan zarar 300 milliard so‘mdan oshishi, qonunbuzarlar jinoiy ta’qibdan qochib yashirinishganini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024