Jamiyat | 20:20 / 14.07.2021
14952
8 daqiqa o‘qiladi

“Obod qishloq” dasturida sifat emas, son muhimmi? Forishdagi muammolar muammoligicha qoldi

Jizzax viloyati Forish tumanining Nurak mahallasi 2019 yilda “Obod qishloq” dasturiga kirgan. Nurakliklar o‘sha yili mahallalari bo‘yicha dasturdagi ishlarning ko‘pi maket va qog‘ozlarda qolib ketgani, endi esa ularning arzini birov eshitmayotganini ma'lum qilishdi.

Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Forish tumanida bo‘lib, aholi va mas'ullarga quloq tutdi.

Dastavval, quyidagi savollarga e'tibor qarataylik. Umuman, “Obod qishloq” davlat dasturiga kirgan qishloqlarda nimalar o‘zgarishi kerak? E'tibor qaratiladigan jihatlar nimada? Qanday qishloqlar bu dasturga kiradi, nimalar rejalashtiriladi?

Birinchi navbatda, qishloq aholisining yo‘l, ichimlik suvi, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj va muammolari, shuningdek, maktab, bog‘cha hamda qishloq vrachlik punktiga e'tibor qaratilishi kerak, shunday emasmi?

Ulardan orsa, maishiy obektlar, savdo do‘konlari, hammom-u sartaroshxonalar, sport majmualari qurilishi mumkin. Bu toifa qishloqlarni tanlashda mahallaning markazdan olisda joylashgani, odamlarning og‘ir sharoitda yashayotgani inobatga olinadi.

Demak, Nurak shunday mahalla bo‘lganki, ushbu dasturga kiritilgan.

Laziz Joniqulov

Laziz Joniqulov transformatorlar ta'mirtalab bo‘lib qolgani, arzimas shamolga ham elektr energiyasida uzilishlar kuzatilishini ma'lum qildi. Natijada fuqarolarning uyidagi maishiy texnikalar tez-tez yaroqsiz holatga kelib qolayotgan ekan.

Ayniqsa, simyog‘ochlar inson hayoti uchun ancha xavfli holatda ekaniga guvoh bo‘ldik.

Keldiyor Ziyotov

Mahalla raisi Keldiyor Ziyotov ham davlat dasturida ko‘zda tutilgan bir qator ishlarning amalga oshmay qolganini tasdiqladi. Masalan, dasturga asosan mahallada 5 ta transformator almashtirilishi kerak bo‘lgan, amalda uchta o‘rnatilgan. Qishloqqa atigi 39 ta simyog‘och olib kelingan.

Raisning aytishicha, mahallaning aksariyat hududida 70-yillarda qo‘yilgan simyog‘ochlar turibdi, ko‘pi yaroqsiz holga kelib qolgan.

MFY beshta qishloqdan iborat bo‘lib, 9 kilometr asosiy yo‘l bor. Yo‘lning ma'lum qismiga tosh yotqizilgan, yamab chiqilgan va bir kilometrdan ortiq qismi asfalt qilinishi kerak bo‘lsa-da, bu ish bajarilmay qolib ketgan.

Mahalla binosining o‘zi aslida juda abgor holatda ekaniga guvoh bo‘ldik.

Mahallada uchta umumta'lim maktabi, bitta QVP mavjud. Maktablarda sport zallari ta'mirsiz holatda, sinflar yetishmaydi. QVP toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan, buloq va ariq suvidan foydalaniladi.

Zamon talabiga javob beradigan maishiy obektlar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Umuman, mahallada “Obod qishloq” dasturidan keyin sezilarli o‘zgarish bo‘lmagani sabab aholi mas'ul idoralarga murojaat bilan chiqqan: xatlar yozilavergan, yozilavergan, mas'ullar ham erinmasdan javob qaytargan; qandaydir noma'lum dasturlar, “kelasi yil” iborasi qo‘llanilavergan.

Hokim o‘rinbosari: “Ajratilgan mablag‘ doirasida ish bajarganmiz”

Forish tumani hokimi o‘rinbosari Farrux Amirov hamda yo‘l, obodonlashtirish, elektr energiyasi mas'ullari ham Nurak mahallasiga kelishdi.

Farrux Amirov

“Haqiqatan ham bir kilometrdan ortiqroq yo‘l asfalt qilinmay qolib ketgan. Sababi, buning uchun mablag‘ ajratilmagan.

Ochig‘ini aytish kerak, mahallani 2021 yil dasturiga kiritishning imkoni yo‘q. Ana bo‘ladi, mana bo‘ladi deb birovni aldash ham kerak emas. Biz hududda nimaiki ish qilgan bo‘lsak, ajratilgan mablag‘ miqdorida ish bajarganmiz”, – dedi Farrux Amirov.

Murod Savronov

“Obod qishloq” dasturiga asosan Nurak mahallasida 9 km yangi havo tarmog‘i almashtirilishi rejalashtirilgan, deb ma'lum qildi tuman elektr ta'minoti korxonasi bosh muhandisi Murod Savronov. Shuningdek, beshta transformator o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Amalda esa uchta transformator, bir yarim kilometr havo tarmog‘i yangilangan.

Qolgan ishlar mablag‘ bilan bog‘liq bo‘lib turgani uchun mutasaddi hozircha aniq javob bera olmasligini ma'lum qildi.

Savronovni bir qancha simyog‘ochlarning kabellari osilib turgani, bu odamlar hayotiga jiddiy xavf solishi mumkinligi haqida ogohlantirdik. Sohaning tumandagi rahbari bundan xabardor ekanini aytdi. Va yana o‘sha gap: “Viloyatga xabar berilgan, mablag‘ yoki mahsulotlar ajratilsa, ta'mirlaymiz”.

Faraz qilaylik, mahallada odam bo‘yidan biroz baland bo‘lgan, osilib turgan simyog‘och simlari kimgadir zarar yetkazsa, biror falokat bo‘lsa, kim javob beradi? Bu holat istalgan daqiqada ham sodir bo‘lishi mumkin. Boringki, kimningdir javob berishi ham uncha muhim emas, qanday qilib “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan mahallada birinchi navbatda mana shu muammolar e'tiborga olinmagan?

Elektr korxonasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, bir yilga tuman uchun 100-150 tagacha simyog‘och ajratilar ekan. Vaholanki, tuman hududida jami 4000 ta simyog‘ochlar ta'mirtalab. Bu degani, Forishdagi simyog‘ochlar to‘liq soz holatga kelgunicha taxminan yana 30 yil kerak!

Nurak aholisiga kelgan javob xatlar turlicha. Kimdir yo‘lni ta'mirlashni 2021 yilning 2-choragida degan bo‘lsa, yana boshqasi 4-chorak deb xabar bergan. Hokim o‘rinbosari Farrux Amirov esa dangalini aytib qo‘ydi: “2021 yilda yo‘l ta'mirlanmaydi”.

Elektrning boshlig‘i ham ochig‘ini aytdi: “Viloyat ajratsa, transformator va simyog‘ochlarni yangilaymiz”.

Hokim o‘rinbosari Amirov tumanda yo‘l sohasida kerakli mutaxassislar yetishmasligi, texnikalar yo‘qligi, tumanning o‘zi doim dotatsiyada ekanini qo‘shimcha qildi.

“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloqlar ro‘yxatini uzaytirishdan kim manfaatdor?

Qizig‘i, dasturga kiritildimi, demak, xalq talab qiladi, mahallamiz obod bo‘ladi, deya umid qilaveradi. Bu tabiiy. Vaholanki, tuman mas'ullari bir yilda ikkita mahallani obod qilishga qurbi yetmasligini ochiqdan ochiq tan olib o‘tiribdi.

Shunday ekan, o‘zini o‘zi ta'minlay olmayotgan tumanlarda ikkita mahallani obod qilish talabi hamma hududlarga ham birdek tatbiq etilmasligi kerak.

Yoki bitta mahallani o‘lda-jo‘lda emas, ko‘ngildagidek obod qilsin yoki yuklama va asl holatni yuqoridagilar bir tahlil qilib ko‘rsin.

Aks holda, Nurakdagi holat takrorlanaveradi, quyi bo‘g‘in rahbarlari esa majburan dasturlar, chorakliklarni o‘ylab topaveradi va yolg‘onchiga chiqib qolaveradi.

Darvoqe, Forishda joriy yilda ham yana ikkita mahalla “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Bu mahallalarda ham ish orqada qolayotgani bo‘yicha allaqachon Kun.uz'ga murojaat kelib tushgan.

Xulosa qilish mumkinki, biz bu o‘rinda son ortidan quvyapmiz, xolos.

Respublika bo‘yicha har bir tumanda ikkitadan mahalla obod bo‘lsa bas. Bu ish amalga oshadimi, yo‘qmi, umuman, qaysi mablag‘ hisobiga tayanib dasturlar tuziladi, bu harqalay hozircha yuqorini qiziqtirmayapti. Quyida esa qog‘ozlar, va'dalar semirib bormoqda.

Kun.uz mavzuga yana qaytadi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid