O‘zbekiston | 16:23 / 05.02.2021
61636
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev kutilmaganda Farg‘onadagi mahallalardan biriga tashrif buyurdi 

Farg‘ona shahrida viloyat deputatlarining sessiyasidan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev kutilmaganda safar dasturida rejalashtirilmagan manzil - Farg‘onadagi mahallalardan biriga tashrif buyurdi.

Xalq deputatlari sessiyasidan so‘ng prezident kutilmaganda Farg‘ona shahridagi «Shodiyona» mahallasiga bordi. Mahalla oralab yurib, aholi bilan uchrashdi.

«Bugun viloyatga yangi hokim qo‘ydik. Hozir vodiy ichida Farg‘ona viloyatini yangi tizimga o‘tkazish, «mahallabay» ishlash, odamlarning og‘irini yengil qilish bo‘yicha ko‘p choralar ko‘ryapmiz. Shuning uchun «Shodiyona» mahallasini ham o‘zim aylanib kelay deb, sizlarni ko‘rgani keldim. Yurtimizga ko‘z tegmasin, og‘ir kasallar bo‘lmasin. Odamlarni yo‘qotmaslik, kasallikning oldini olish bo‘yicha qo‘limizdan kelgancha harakat qilyapmiz. Hammasini sizlarning tinchliklaringizni o‘ylab qilyapmiz. Mening eng katta maqsadim - xalqimizning og‘irini yengil qilish. Sal bo‘lsa ham qiynalmasin, deb harakat qilyapmiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Onaxonlardan biri ertaga o‘g‘lining to‘yi bo‘lishini aytdi. Prezident ularni tabriklab, yosh oilaga baxt, sog‘lik tiladi.

Kutilmagan tashrifdan xursand bo‘lgan odamlar davlatimiz rahbariga sihat-salomatlik, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.

Muloqot davomida prezident «Shodiyona» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan birgalikda suratga tushdi. 

Sohibqiron Temur ko‘chasi bo‘ylab yurilib, uy-joylar, savdo shoxobchalari ko‘zdan kechirildi.

Shavkat Mirziyoyev mahalla idorasiga kirib, mahalla raisi va maslahatchilar bilan suhbatlashdi. Aholining yashash sharoitlari, hududdagi muammolarni so‘radi. Ularni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

 

Mavzuga oid