O‘zbekiston | 21:16 / 31.10.2019
28780
7 daqiqa o‘qiladi

Nogironlik nafaqasi qanday belgilanadi?

Kun.uz tahririyatiga bolalikdan nogiron shaxslarga nogironlik nafaqasi qanday asoslarga ko‘ra hamda qancha muddatga belgilanishi haqida ma'lumot so‘rab, murojaat tushgan edi. Quyida bolalikdan nogironlik nafaqasini tayinlashning tibbiy hamda huquqiy tartibi xususida batafsil ma'lumot keltiriladi.

Foto: KUN.UZ

Tug‘ma yoki hayot davomida olingan jarohat, kasallik tufayli 16 yoshga yetguniga qadar nogiron bo‘lib qolgan shaxslar ─ bolalikdan nogiron shaxslar deb yuritiladi.

Bolalikdan nogironlik uchun nafaqani kimlar olishi mumkin?

Bolalikdan nogiron shaxslarga nogironlik nafaqalarini tayinlashning huquqiy asosi – Vazirlar Mahkamasining 2011 yil
7 apreldagi 107-son qarori bilan tasdiqlangan «Bolalikdan nogironlarga va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom hisoblanadi.

Ushbu nizomga ko‘ra, bolalikdan nogironlik uchun nafaqa tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan bolalikdan I guruh nogironlari, bolalikdan II guruh nogironlari deb e'tirof etilgan 16 yoshdan katta shaxslar, kasallikning bosqichidan qat'i nazar, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslar, shuningdek, nafaqa olish huquqini beradigan tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan taqdirda 16 yoshgacha nogiron bolalarga beriladi.

Qanday hujjatlar talab etiladi?

Nogironlik nafaqasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan ajratiladi.

Nogironlik nafaqasi tayinlanishi uchun quyidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasining tuman/shahar bo‘limlariga taqdim etilishi lozim:\

─ nogironlik nafaqasini tayinlash to‘g‘risida ariza;

16 yoshdan katta bolalikdan nogiron tomonidan – pasportining nusxasi;

16 yoshdan katta OIV infeksiyasiga chalingan shaxs tomonidan — pasportining nusxasi va sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan belgilangan tartibda beriladigan tibbiy xulosa;

muomalaga layotqatsiz deb e'tirof etilgan 16 yoshdan katta bolalikdan nogironning va OIV infeksiyasiga chalingan shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi, vasiysi yoki homiysi tomonidan — muomalaga layoqatsiz deb e'tirof etilgan 16 yoshdan katta bolalikdan nogironning va 16 yoshdan katta OIV infeksiyasiga chalingan shaxsning pasporti nusxasi, ariza bergan ota-ona, farzandlikka oluvchi, vasiy yoki homiyning pasporti nusxasi;

nogiron bolaning, shuningdek 16 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi, vasiysi yoki homiysi tomonidan — nogiron bola, shuningdek 16 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxsning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan belgilangan tartibda beriladigan tibbiy xulosa, ariza bergan ota-ona, farzandlikka oluvchi, vasiy yoki homiyning pasporti nusxasi.

Pensiya jamg‘armasi bo‘limi murojaatchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi taqdim etgan 16 yoshdan katta bolalikdan nogironni tibbiy tekshirish dalolatnomasidan ko‘chirmani ilova qiladi. Aynan ushbu tibbiy tekshirish dalolatnomasidan ko‘chirma nogironlik nafaqasini tayinlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Nafaqa qancha muddatga va qanday asosga ko‘ra tayinlanadi?

Nogironlik sabablari va guruhlari, nogironlik boshlangan vaqt, nogironlikning qancha muddatga belgilanishi Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan tibbiy tekshirish natijasida aniqlanadi.

Nogironlikni belgilashda quyidagi mezonlarga tayaniladi:

─ psixik funksiyalarning (idrok qilish, diqqat-eʼtibor, xotira, tafakkur, intellekt, his-tuyg‘u, iroda, ong, xulq-atvor, psixomotor funksiyalar) buzilishi;

─ til va nutq funksiyalarining (og‘zaki (rinolaliya, dizartriya, duduqlanish, alaliya, afaziya) va yozma (disgrafiya, disleksiya), verbal va noverbal nutq buzilishi) buzilishi;

─ sensor funksiyalarining (ko‘rish, eshitish, hid bilish, sezish, taktil, og‘riqli, harorat ko‘tarilishi va boshqa sezuvchanlik turlari) buzilishi;

─ statodinamik funksiyalarning (bosh, gavda, oyoq-qo‘lning harakatlanish funksiyalari, harakatlar statikasi, muvofiqlashtirilishi) buzilishi;

─ qon aylanishi, nafas olish, ovqat hazm bo‘lishi, organizmdan narsa ajralib chiqishi, qon yaratilishi, modda va energiya almashishi, ichki sekretsiya, immunitet funksiyalarining buzilishi;

─ jismoniy mayib-majruhlik bilan bog‘liq buzilishlar (tashqi mayib-majruhlikka olib keladigan yuz, bosh, gavda, oyoq-qo‘llar deformatsiyasi, ovqat hazm qilish, siydik ajratish, nafas olish yo‘lining anomal teshigi, gavda o‘lchamlarining buzilishi).

Nogironlik davri organizmdagi buzilishlarning og‘irligidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Nafaqalar Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan tibbiy xulosaga asosan belgilangan nogironlik muddatlarida Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lab boriladi.

Nafaqa miqdori qancha?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 iyuldagi «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, 2019 yilning 1 avgustidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududida bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqaning oylik miqdori ─ 436,156 so‘mni tashkil etadi.

Bolalikdan nogironlik uchun nafaqa miqdori ish haqi va ijtimoiy nafaqalar bilan bir qatorda Prezident farmoniga asosan oshirib borilishi mumkin.

Nafaqa pulini qanday olish mumkin?

Bolalikdan nogironlik uchun nafaqa pulini nafaqa oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra naqd pul yoki plastik karta orqali olishi mumkin. Bunda nafaqaxo‘rning turar joyiga yaqin hududdagi Xalq banki filialidan plastik karta ochiladi yoki naqd pul ko‘rinishida berib boriladi (nafaqaxo‘r, uning ota-onasi yoki vasiy/homiy istagiga ko‘ra).

Har oyning 27-sanasiga qadar nafaqa puli bank filialiga yetkazib beriladi. Nafaqa pulini olish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish kifoya.

Nafaqa to‘lash qay hollarda to‘xtatiladi?

Bolalikdan nogironlik uchun to‘lanadigan nafaqa quyidagi hollarda to‘xtatiladi:

─ 16 yoshdan katta bolalikdan nogiron yoxud 16 yoshgacha nogiron bola doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketganda;

─ nafaqa tayinlangan shaxslar to‘liq davlat ta'minotiga o‘tkazilganda (mehribonlik, saxovat, muruvvat uylari va shu kabilar);

─ 16 yoshdan katta bolalikdan nogiron yoki 16 yoshgacha nogiron bola ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganda;

─ 16 yoshdan katta bolalikdan nogironga «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq davlat pensiyasi turlaridan biri tayinlanganda.

Bolalikdan nogiron shaxsning sog‘ayib ketishi va mehnat qobiliyatining qayta tiklanishi nogironlikning bekor bo‘lishiga olib keladi.

Mavzuga oid