Quvada ruxsatsiz metan «zapravka» qurilmoqda. Buni hokimlik ham to‘xtata olmayapti
Navbatdagi murojaat ortidan Farg‘ona viloyati Quva tumanida bo‘ldik. Aholi mavjud muammo yuzasidan tuman va viloyat hokimligi, ko‘plab mas'ul idoralarga arizalar yozgan, biroq ijobiy o‘zgarish bo‘lmagan.
«Laylak uya» qishlog‘idagi «Iftixor» mahallasidamiz. Odamlar Andijon-Farg‘ona trassa yo‘li bo‘yidagi zich uylar o‘rtasiga avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi, oddiy qilib aytganda «metan-zapravka» qurilayotganidan norozi. Qurilish o‘tgan yilning oktyabrida boshlangan. 4 oydan beri «zapravka»ga qo‘shni bo‘lib yashaydigan xonadon vakillarining arz qilmagan joylari qolmabdi.
Ularning talabi aniq – odamlarning sog‘ligi va hayotiga xavf tug‘diruvchi shoxobcha qurilishi to‘xtatilishi kerak. Aholi tomonidan yuborilgan murojaatlarga mutasaddi tashkilotlar – Farg‘ona viloyati hokimligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Farg‘ona hududiy boshqarmasi, «O‘zneftgazinspeksiya» Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi, Farg‘ona viloyati Yong‘in xavfsizligi Bosh boshqarmasi, Quva tuman hokimligi, Quva tuman prokuraturasi va boshqa ma'sul idoralar tomonidan berilgan javoblarda «Metan Omad Savdo» MChJ tomonidan qurilish ishlari huquqiy hujjatlarsiz olib borilayotgani ma'lum qilingan.
Murojaatchilarga Quva tuman hokimi R.Qurbonov imzosi bilan 25 noyabr kuni jo‘natilgan javob xatida esa, «Metan Omad Savdo» jamiyatiga metan gaz quyish shoxobchasi qurilishini to‘xtatib turish va 6200 kv.m. yer maydonidagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni majburiy tarzda buzdirishi haqida sudga da'vo arizasi kiritilgani bo‘yicha ma'lumot berilgan.
Biroq hududda «Metan Omad Savdo» jamiyati tomonidan qurilish ishlari davom etmoqda.
Aholi vakillari nima deydi?
Iftixor mahallasida bizni kutib olgan odamlar 4 oydan beri davom etayotgan qog‘ozbozlik haqida arz qilishdi.
«Katta muammoda qoldik. Bizning uylarimizga bir devor qo‘shni bo‘lib, metan gaz «zapravka»si tushyapti. Bundan Prezidentimizga, Bosh prokurorga, vazirliklarga murojaat qildik.
Mutasaddi tashkilotlarning javobiga ko‘ra, shoxobcha bu yerga qurilmasligi kerak. Yong‘in xavfsizligi tashkiloti, «San stansiya» o‘rgandi. Aholida tabiiy gaz yo‘q. Ochiq olovdan foydalanadi. Tandir, o‘choq yoqamiz. «O‘zneftgazinspeksiya», Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Yong‘in xavfsizligi, tuman hokimligidan xulosalar keldi. Lekin qurilish davom etyapti.
Me'yoriy hujjatlarga ko‘ra, metan «zapravka»ning kompressori va aholi yashaydigan joyning oralig‘i 50 metr masofada bo‘lishi kerak ekan. Buni qarangki, biz bilan zapravkaning narigi tarafida turadigan qo‘shnimiz o‘rtasidagi oraliq masofaning umumiy masofasi 53 metr xolos. Akkumlyator bloklari esa 150 metr masofaga ko‘milishi ko‘rsatilgan. «Metan Omad Savdo»ga tegishli joyning uzunligi 116 metr, eni 53 metr.
Tuman hokimligi va prokuratura birinchi murojaatimizdan so‘ng, «Qurilish o‘zboshimchalik bilan boshlangan. Buzilishi kerak. Agar o‘z vaqtida buzilmasa, sudga beriladi», degan xatlar kelgandi. Biz ijrosini kutdik.
So‘ng hokimiyatga borsak, mas'ullar: «Qurilish qilayotgan tashkilotni iqtisodiy sudga berish uchun 2 million so‘m pul kerak. Bizda mablag‘ yo‘q», deyishdi. O‘zimiz «Metan Omad Savdo»ni sudga berish uchun advokat yollab, hokimiyat huquqshunosidan yig‘ilgan hujjatlarni so‘rasak, berishmadi.
Eshitishimizcha, shoxobchani qurish uchun hokim qarori chiqibdi ekan. Qurilish ishlari ketayotganidan xavotirdamiz», deydi Iftixor MFY 110-uyda yashovchi Nargiza Shokirova.
114-uyda yashovchi Diloromxon Azimovaning kasbi shifokor ekan.
«Mahallamizda metan gaz shoxobchasi qurilishi boshlanganida ko‘chalarni aylanib, odamlarga «zapravka»ning aholi turar joyi yaqiniga qurilishi xavfli ekanini tushuntirdik. Hamma arizaga qo‘l qo‘yib berdi. Mahalla oqsoqoli ham biz tarafimizda bo‘ldi.
Keyin qurilish qilayotganlar mahalla ahliga, «uyingizga tabiiy gaz o‘tkazib beramiz, elektr ham o‘chmaydigan bo‘ladi», deb va'dalar berishibdi. Ular fikridan qaytdi. Chunki boshqalar «zapravka» bilan bir devor qo‘shni emas-da! Lekin biz o‘zimizni, bolalarimizning sog‘ligini o‘ylayapmiz. Metan gaz axir toksin-ku? Gaz sog‘liqqa zarar. Birinchi navbatda odamlarning sog‘ligi kerak emasmi? Yonishi va portlash xavfi yuqori.
Mayli, bu joyning egalari bu yerga ishlab chiqarish korxonasi, bog‘cha qursin. Lekin odam sog‘ligiga zarar keltiradigan narsa qurmasin. Prezidentimizning «oddiy xalqni rozi qilish kerak», degan gaplarini har kuni eshityapmiz. Hokimiyat huquqshunosining o‘zi qonun himoyachisi bo‘la turib, qonun buzilishiga loqaydlik qilayotganiga hayron qoldik», deydi u.
112-uyda yashovchi Gulnora Jo‘rayeva esa bizga tuman hokimligiga arz qilib borilganidan so‘ng, hokimiyat barcha mutasaddi tashkilotlardan hujjatlar yiqqanini, lekin ishni paysalga solayotganini aytdi.
«O‘zimiz sudga berish uchun hujjatlarni so‘raganimizda berishmadi. Axir mashinada ketayotib, «zapravka»ga kirganimizda bizni tashqarida tushib qolishga majbur qilishadi. Chunki zararli. Nega endi bizning yonimizga qurishyapti», deydi u.
Metan gaz quyish shoxobchasi qurilishi bo‘layotgan joyga yon qo‘shni bo‘lgan Zamira ona Turdiyeva, Gulnora ona Jo‘rayeva, Dilbaroy Qodirovalar ham muammoli holat yuzasidan o‘z arzlarini aytishdi.
Nargiza Shokirova turli idoralarga yozilgan murojaatlarga javob tariqasida kelgan dasta-dasta xatlarni ko‘rsatdi. Fuqarolar tadbirkorlik yoki boshqa ishlab chiqarish korxonasi qurilishiga hech ham qarshi emasliklarini bildirishdi va aholi uchun xavfli bo‘lgan obektning qurilishi tezroq to‘xtatilishi kerakligini ta'kidlashdi.
Devor ortida esa qurilish avj pallasiga chiqib davom etardi. Quva tuman hokimligi «Metan Omad Savdo» jamiyatiga qurilishni to‘xtatish haqidagi ogohlantirish xati yuborgan, lekin xati ularga ta'sir ham qilmabdi. U yerga kirganimizda jamiyat mutasaddilaridan hech kim yo‘q va faqat quruvchilar bor edi.
Quva tuman hokimligi nima deydi?
To‘planib qolgan savollarga javob topish uchun Quva tuman hokimligiga bordik. Hokimlikning qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Solijon Ahmadjonov Iftixor mahallasidagi muammoli holatdan yaxshi xabardor ekanligini aytdi.
«Tuman hokimligiga «Metan Omad Savdo» MChJ vakillari tadbirkorlik sub'yekti sifatida metan gaz quyish shoxobchasi qurish uchun murojaat qilgan. Lekin obekt uchinchi toifali bo‘lgani uchun qurilish bo‘limi tomonidan «otkaz» berilgan. «Metan Omad Savdo» MChJ tegishli tashkilotlardan ruxsat olmagunga qadar «zapravka» qurishi mumkin emas.
Tuman hokimining avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi qurish to‘g‘risida qarori chiqqani yo‘q. Ayni paytda qurilish ishlari to‘xtagan», deydi Solijon Ahmadjonov.
Mutasaddi bizning yonimizda «Metan Omad Savdo» qurilishini yuritayotgan mas'ul bilan qo‘ng‘iroqlashdi. Biz S.Ahmadjonovga, «So‘rab bering, o‘sha mas'ulning biz bilan suhbatlashishga imkoni bormikan?» dedik. Hokimiyat vakili «Metan Omad Savdo» xodimining «Uzoqda, Farg‘ona shahridaman», deganini aytdi.
Tuman arxitektori Shukurjon Nizomiddinov aholi vakillari murojaati bo‘yicha masalani o‘rganganini bildirib, quyidagicha izoh berdi:
«SanPin (Sanitariya-epidemiologiya nazorati tomonidan qabul qilingan me'yorlar va normalar)ga asosan, bir sutkada 500tagacha avtomobilga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan kompressor shoxobchalari uchun sanitariya himoya mintaqasi aholi punktidan 50 metr uzoqlikda bo‘lishi belgilangan.
Iftixor mahallasida qurilayotgan «Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi» bu me'yorga to‘g‘ri kelmayapti. «Metan Omad Savdo» MChJga tegishli tashkilotlardan ruxsatnoma olguniga qadar «zapravka» qurilishini to‘xatishi haqida ogohlantirish berganmiz. Ayni paytda qurilish ishlari amalga oshirilayotgani yo‘q», deydi u.
Har ikkala mutasaddi «Metan Omad Savdo» MChJ o‘zboshimchalik bilan qurilish boshlaganini tasdiqlab, ayni paytda qurilish ishlari to‘xtatilganini aytdilar. Biroq mutasaddilar tadbirkorlik Yong‘in xavfsizligi, DSENM va boshqa mas'ul tashkilotlardan tegishli xulosalarni olib kelsa, qurilishga qarshilik qila olmasliklarini bildirishdi.
Hokimlik vakillari bizga Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari J. Mirzamahmudov imzosi bilan tasdiqlangan dislokatsiya hujjatini taqdim qilishdi. Qo‘shimcha (Dopolneniye) nomli hujjatda 2019-2020 yillar davomida O‘zbekiston hududiga maqsadli ravishda quriladigan «Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi» ro‘yxati keltirilgan ekan. Uning Farg‘ona viloyati bo‘yicha jadvalida Laylak uya qishlog‘iga avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi qurilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shunisi qiziqki, «Metan Omad Savdo» MChJga qarashli yerning umumiy maydoni 6200 kv.m. bo‘lib, ikki qo‘shni xonadon o‘rtasidagi joyning eniga uzunligi 53 metr. Ko‘cha bo‘yidan to oxirigacha esa 100 metr. O‘z-o‘zidan bu holatda «zapravka» qurish uchun mas'ul tashkilotlar tegishli xulosani qanday bera olishlari mumkin, degan savol tug‘iladi.
O‘zini «Metan Omad Savdo» MChJning qurilishda ish yurituvchisiman, deya tanishtirgan Temurbek bilan telefon orqali bog‘landik. U kishi: «Hujjatlarimiz ham, hokim qarori ham bor, ertaga siz bilan ko‘rishamiz», deya va'da berdi. Keyin telefon qilsak, go‘shakni ko‘tarmay qo‘ydi.
«Iftixor» mahallasidagi murojaatchilar biz borib muammoni o‘rgangan kunimizdan beri «zapravka»da qurilish qizg‘in ketayotganini suratlarga olib jo‘natishmoqda. «Zapravka»ning kolonkalari ham bitib qolibdi.
Quva tuman hokimligi vakillari esa qurilish to‘xtatilganini ta'kidlamoqda...
Biz bu mavzuga yana qaytamiz.
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
Mavzuga oid
08:53 / 14.12.2024
“Gaz issiq o‘lkalarga uchib ketdi” - metanga navbat kutayotganlar
19:53 / 12.12.2024
“Uyi sovuq bo‘lgandan ko‘ra, metanda navbatda turgani ma’qul” - Energetika vazirligi
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
15:18 / 20.11.2024