O‘zbekiston | 10:56 / 20.08.2020
46061
8 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya holati haqida xabar qilganlarga bir martalik pul mukofoti beriladi

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:

jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish hamda bu sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta'minlash;

korrupsiyaga oid jinoyatlarning barvaqt profilaktikasini ta'minlash, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish;

aholini korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish hamda ularni bu sohaga qo‘shayotgan hissalari uchun munosib taqdirlash.

Rag‘batlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini ta'minlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Mazkur Nizom talablari quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

mansabdor shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida ko‘maklashuvchi shaxslar;

qonun hujjatlariga muvofiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni bevosita sodir etgan shaxslar.

Rag‘batlantirish bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma yoki esdalik sovg‘a shaklida belgilanadi.

Quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs haqida yoki o‘zlariga ma'lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;

nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining yoxud davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisi o‘ziga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida yoxud o‘ziga ma'lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga (korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning xodimlari esa bevosita o‘z rahbariga) bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi;

korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bergan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.

Quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

a) korrupsiyaga oid ma'muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun ‒ bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari;

b) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:

ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ besh baravar;

uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ yetti baravar;

og‘ir jinoyat uchun ‒ o‘n baravar;

o‘ta og‘ir jinoyat uchun ‒ o‘n besh baravar;

v) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:

ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ o‘n baravar;

uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ o‘n besh baravar;

og‘ir jinoyat uchun ‒ yigirma baravar;

o‘ta og‘ir jinoyat uchun ‒ yigirma besh baravar;

g) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:

ancha miqdor uchun ‒ o‘n besh foizi;

ko‘p yoki juda ko‘p miqdor uchun ‒ o‘n foizi.

Bunda, pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymatini foizlarda hisoblashda qonunchilikda belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi.

d) qidiruvda bo‘lgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, ikki nafar qidiruvda bo‘lgan shaxslarning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun esa ‒ yetti baravari miqdorida.

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega bo‘lgan dalillar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berganlik yoki bunday toifadagi jinoyatlarni tergov qilish yoxud tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda bevosita ko‘maklashganlik uchun tashakkurnoma yoki esdalik sovg‘a shaklida rag‘batlantirish tarzida taqdirlanadi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.

Quyidagi holatlarda:

ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid ma'muriy huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari;

har xil tasnifdagi ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun ushbu jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligidan kelib chiqib og‘irroq tasnifi bo‘yicha bir marotaba;

bir xil tasnifdagi ikki va undan ortiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida xabar berganlik uchun bir marotaba;

korrupsiyaga oid ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat haqida yoxud qidiruvdagi shaxs to‘g‘risida ikki nafar shaxsning bergan xabari uchun Nizomning 8 va 10-bandlarida ko‘rsatilgan pul mukofoti miqdorining teng ulushda rag‘batlantiriladi.

Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.

Quyidagi qarorlardan biri qabul qilingandan so‘ng rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqiladi:

sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 84-moddasi birinchi qismining 1‒3-bandlari, uchinchi qismi hamda beshinchi qismining 1-bandi asosida ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror prokuror tomonidan tasdiqlangan yoki sudning ajrimi qonuniy kuchga kirganda;

qidiruvdagi shaxsga nisbatan qidiruvning bekor qilinganligi to‘g‘risidagi prokurorning, surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sudning ajrimi qabul qilinganda.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid