Tramp va Poroshenko bir soatdan ko‘proq vaqt dolzarb masalalarni muhokama qilishdi
AQSh prezidenti Donald Tramp 5 fevralga o‘tar kechasi Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Ukraina yetakchisining matbuot kotibi Svyatoslav Tsegolko feysbukda ma'lum qildi.
Uning aytishicha, Poroshenko suhbat boshida Trampni inauguratsiyasi bilan tabriklagan va AQShning yangi ma'muriyati bilan barcha darajalarda muloqotning faollashishiga umid bildirgan.
Siyosatchilar suhbati bir soatdan ko‘proq davom etgan. Yetakchilar davlatlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, Donbassdagi vaziyatni muhokama qilishgan.
"Tomonlar Avdeyevkada keskinlikning avj olishi va gumanitar vaziyatning yomonlashuvidan chuqur tashvish bildirishgan", deb yozgan Tsegolko. Uning aytishicha, siyosatchilar o‘t ochishni to‘xtatish tartibini o‘rnatish zarurligi haqidagi fikrga kelishgan.
Tsegolkoning ma'lum qilishicha, Poroshenko va Tramp Ukraina va AQSh o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash masalasini ham muhokama qilishgan.
Poroshenko Trampga "Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlayotgani" uchun minnatdorchilik bildirgan.
Bundan tashqari, suhbat chog‘ida Poroshenkoning Vashingtonga tashrifi masalasiga ham to‘xtab o‘tilgan. Ta'kidlanishicha, bu tashrifga tayyorgarchilik ko‘rish bilan Ukraina tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin shug‘ullanadi.
Bu suhbat ikki davlat yetakchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ikkinchi telefon suhbatidir. Avvalgi suhbat 2016 yil noyabrda bo‘lib o‘tgandi. O‘sha suhbatda Poroshenko Trampni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklagandi va Vashington tomonidan Kiyevning qo‘llab-quvvatlanishi muhimligini ta'kidlab o‘tgandi.
Mavzuga oid
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024