O‘zbekiston | 15:51 / 26.04.2019
24897
4 daqiqa o‘qiladi

DXAga 1 avgustdan qator huquqlar berilishi mumkin

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni tugatish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan “Tadbirkorlik sub'yektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlanishi mumkin.

Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan tadbirkorlik sub'yektlarini tugatish bo‘yicha tumanlar va shaharlar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalar tugatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga 2019 yil 1 avgustdan boshlab quyidagi huquqlar berilishi mumkin:

moliya-xo‘jalik faoliyatini bir yil mobaynida amalga oshirmagan, shuningdek ixtiyoriy tugatish jarayonini boshlamagan hamda qarzi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini uch yil muddatga majburiy to‘xtatish rejimiga o‘tkazib qo‘yish;

moliya-xo‘jalik faoliyatini bir yil mobaynida amalga oshirmagan, qarzi mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarini bankrot deb topish bo‘yicha sud organlariga da'vo kiritish;

faoliyati majburiy to‘xtatilgan tadbirkorlik sub'yektlarini Fuqarolik kodeksiga asosan uch yillik da'vo muddati o‘tgandan so‘ng davlat reyestridan chiqarish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zarxiv agentligi tomonidan ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining hujjatlarini qabul qilishda xizmatlarning amaldagi narxlarni pasaytirish choralarini ko‘radi.

Tadbirkorlik sub'yektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra qoidalar:

banklar va boshqa kredit tashkilotlarini;

shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalarni;

davlat organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini, shu jumladan, ularning yuridik shaxslari hisoblanadigan alohida bo‘linmalarini (vakolatxonalari va filiallarini), shuningdek, xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallarini;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bankrotlik alomatlari bo‘lgan korxonalarni tugatishda qo‘llanmaydi;

majburiy to‘xtatish tartibi – fermer xo‘jaliklariga va davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirgan tadbirkorlik sub'yektlarga tatbiq etilmaydi.

Korxonani ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qaror uning muassislari (qatnashchilari) yoki vakolatli organi tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilinadi.

Qarorda quyidagilar ko‘rsatiladi:

korxonaning tugatuvchisi haqidagi ma'lumotlar (pasport ma'lumotlari, telefon raqami va elektron pochtasi);

arizani qabul qilish joyi va muddati;

korxonani tugatish sababi va mo‘ljallanayotgan tugatish muddati.

Tugatuvchi tayinlangan vaqtdan boshlab korxona ishlarini boshqarish bo‘yicha barcha vakolatlar unga o‘tadi.

Tadbirkorlik sub'yekti - jismoniy shaxs faoliyatini ixtiyoriy to‘xtatish uning qaroriga (arizasiga) ko‘ra amalga oshiriladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazgan organning tegishli davlat reyestriga bu to‘g‘risida yozuvlar qayd etilgandan keyin korxona tugatilgan, tadbirkorlik sub'yekti - jismoniy shaxs esa o‘z faoliyatini to‘xtatgan hisoblanadi.

Korxona muassislari (qatnashchilari) tugatishning, tadbirkorlik sub'yekti - jismoniy shaxs esa to‘xtatishning istalgan bosqichida faoliyatini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga ega. 

Mavzuga oid