O‘zbekiston | 12:11 / 04.05.2020
60589
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiston viloyati rahbari suv toshqini bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga yo‘l oldi

Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev va Qozog‘iston suv xo‘jaligi sohasining mutaxassislari Maxtaral tumanida yuz bergan suv toshqini masalasi bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatiga jo‘nab ketdi.

Umrzoq Shukeyev / Foto: Kazinform

Bu haqda Turkiston viloyati hokimining o‘rinbosari Saken Kalkamanov brifingda ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchi guruh tegishli vazirliklar vakillari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazadi, deb xabar berdi Turkiston viloyati Mintaqaviy kommunikatsiyalar xizmati.

«Maxsus guruh O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev va Sirdaryo viloyati rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi. Umuman olganda, ushbu holat ikki mamlakat hukumati bilan birgalikda muhokama qilinadi va hal etiladi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mintaqaga 300 million kubometr suv kirib kelgan. Bunday yirik hajmlar birinchi marta qayd etilmoqda. Hech qanday xavf yo‘q, deb aytishga juda erta. O‘zbekiston tomonidan suv oqimi qaysi yo‘nalishda kelishi hozircha noma'lum, chunki qo‘shni davlat bilan hozirgi vaziyat haqida ma'lumot almashish tizimlashtirilmagan. Ushbu uchrashuv natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha ravishda ma'lumot beramiz», - deya qayd etib o‘tdi Saken Kalkamanov.

Ayni paytda hududdagi Firdavsiy qishlog‘i to‘liq suv ostida qolgan. Shu bilan birga, Mirzakent qishlog‘ida qishloqni to‘liq suv bosmasligi uchun to‘g‘on qurilmoqda. Bundan tashqari, Maxtaral tumanida suv toshqini yuz berishi mumkin bo‘lgan yana 7ta aholi punkti aniqlandi. 

O‘zbekistonda 1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi. 

Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 22ta aholi punktlaridan 70 mingga yaqin fuqaro Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududlariga evakuatsiya qilingan.

Mavzuga oid