Jahon | 18:06 / 30.10.2023
21272
18 daqiqa o‘qiladi

Isroil nayzasida kelgan mo‘’tadil hukumat? - Urushdan so‘ng G‘azo sektori taqdiri nima bo‘ladi?

HAMASning Isroil hududiga qo‘qqisdan hujumidan so‘ng isroilliklar hukumati guruhni yer yuzidan yo‘q qilib tashlash va G‘azo sektori bilan barcha aloqalarni uzishni va’da berishdi. Lekin ko‘plab siyosatchilar va kuzatuvchilar TsAHALning yerusti operatsiyasidan so‘ng 2,2 mln kishi yashovchi G‘azo sektori bilan nima bo‘lishi borasida Isroilda aniq tasavvur yo‘qligi, anklavning kelajagi savol ostida qolishidan xavotirda.

Ekspertlar fikricha, Isroil G‘azo sektori bilan aloqalarni to‘liq uzishi qiyin bo‘ladi. Foto: ABED RAHIM KHATIB / ANADOLU

HAMASning operatsiyasi Isroilga so‘nggi 50 yil ichida qilingan eng jiddiy hujum bo‘ldi. Kamida 1400 kishi halok bo‘lgan, yana ikki yuzdan ortiq kishi garovga olingan, o‘nlab insonlar badarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

«Isroil xalqi birdam, uning rahbariyati ham birdam, — degan tinch aholi vakillari o‘ldirilishiga javoban bosh vazir Binyamin Netanyahu. — HAMASning barcha a’zolari hozirdan o‘zini o‘lgan deb hisoblayverishi mumkin».

«G‘azo ortiq Isroil uchun tahdid bo‘lmaydi, —deya ta’kidlagan Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Kohen. — Biz G‘azo sektorida HAMAS hokimiyati qolishiga yo‘l qo‘yib bera olmaymiz».

HAMAS guruhi hujumidan so‘ng Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) qo‘mondonligi G‘azo sektorida «misli ko‘rilmagan» yerusti operatsiyasi boshlanayotganini e’lon qilib, mahalliy aholini 24 soat ichida anklavni tark etishga chaqirdi.

Shoshilinch tarzda to‘liq jangovar holatga keltirilgan qo‘shinlarning (TsAHAL safiga 300 mingdan ortiq zaxiradagilar chaqirilgan), voqealar rivojini butun dunyo kuzatib turgan bostirib kirishi hanuz boshlanmadi, bunga AQSh boshchilik jahon hamjamiyatining yerusti operatsiyasini keyinroqqa surish bo‘yicha sa’y-harakati sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Isroil bir necha bor G‘azoni okkupatsiya qilish niyatida emasligi, asosiy maqsadi HAMAS rejimini yo‘q qilish ekanini ta’kidlagan.

Biroq hanuz bu ishdan keyin anklavni kim boshqarishi, Isroil iqtisodiy jihatdan o‘ziga bog‘liq bo‘lgan G‘azo sektori bilan munosabatlarni uzishi mumkinligi noaniq, deb yozadi BBC tahlilchisi Alina Isachenko.

«Real erishish mumkin bo‘lgan harbiy maqsadlar yo‘q»

Vashingtondagilar Isroilning G‘azo sektorida «real erishish mumkin bo‘lgan harbiy maqsadlari yo‘qligi»dan tashvishda va TsAHAL hali ish berishi mumkin bo‘lgan reja bilan yerusti operatsiyasini boshlashga tayyor emas, deb hisoblamoqda, deb yozadi New York Times nashri.

Isroil mudofaa armiyasi safiga 300 ming zaxiradagilar chaqirilgan, yerusti operatsiyasiga hamma narsa tayyor — lekin u asosan Vashingtonning bosimi bilan boshlanmay turibdi. FOTO: MOSTAFA ALKHAROUF / ANADOLU

Tel-Avivda AQSh prezidenti Binyamin Netanyahu bilan uchrashganidan so‘ng Isroilga «uzoq muddatli harakatlar rejasi»ni shakllantirishga chaqirgan va urush davrida og‘ir qarorlarni qabul qilish «qo‘yilgan maqsadlar aniqroq bo‘lishi»ni taqozo etishini aytgan.

AQSh HAMASni quvishdan boshqa aniq maqsadi bo‘lmagan qo‘shinlarni G‘azoga kiritish mintaqaviy urushga aylanib ketishidan xavotirda. Mintaqaviy urush xavfi haqida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham 24 oktyabr kuni Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvi chog‘ida tilga olgandi.

Arab davlatlari hukumati mansabdorlari ham Isroil 2,2 mln kishi istiqomat qiladigan anklav kelajagi borasida aniq reja ishlab chiqmaganidan xavotirda, deb yozadi Reuters o‘z manbalariga asoslanib.

«Ularning strategiyasi — minglab bombalarni yog‘dirib, barcha narsani vayron qilib, chiqib ketish. Keyin nima bo‘ladi? Ularda chiqib ketish strategiyasi yo‘q», — degan agentlik bilan suhbatda o‘z nomini oshkor etmagan mintaqaviy xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri.

Knessetning sobiq deputati va Vashingtondagi Atlantic Council ilmiy xodimi Kseniya Svetlovaga ko‘ra, joriy bosqichda Isroil rahbariyatida HAMAS jangchilaridan qutulishganidan so‘ng G‘azo sektorida nimalar ro‘y berishi xususida aniq tasavvur yo‘q.

G‘azoning yuz minglab aholisi janubga ko‘chgan, biroq ko‘pchilik kishi oziq-ovqat va elektr yetishmovchiligiga qaramasdan, anklav shimolida qolishga qaror qilishgan. FOTO: MUSTAFA HASSONA / ANADOLU

«Siyosatchilarimizda ular o‘zlari G‘azoda ko‘rishni istayotgan idellashtirilgan manzara bor: U mo‘’tadil hukumat paydo bo‘lishi uchun nazoratni BMT va arab davlatlari olishi kerak. Lekin bungacha qanday bosqichlar bosib o‘tilishi kerakligini ular bilishmaydi», — deydi Svetlova.

Isroillik harbiy ekspert David Gendelmanning fikricha, G‘azo sektoridan «chiqishning aniq strategiyasi» yo‘qligi shu paytgacha ham Isroilni HAMASni ag‘darishdan to‘xtatib kelgan.

«Uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Isroil okkupatsiyasi, FATHning (G‘arbiy sohilda hukmronlik qilayotgan Falastin siyosiy partiyasi) Isroil nayzalari ostida iqtidorga keltirilishi, boshqaruvning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, BMT yoki arab davlatlariga topshirilishi yo anarxiyaga yoki hokimiyat tepasiga salafiylar kabi HAMASdan ham radikalroq unsurlar kelishiga olib keladi, — deya sanaydi Gendelman ehtimolli ssenariylarni. — Bu barcha variantlar yo istalmas yoki nihoyatda nazariy deb qaralgan».

«Hozir hech kimda aniq tasavvur yo‘q — Isroil Yevropa va AQSh bilan, arab davlatlari ishtirokida bu konstitutsiyani qurishga intilmoqda», — deya qo‘shimcha qilgan u.

G‘azo sektorida yangi hokimiyat?

Falastin muxtoriyati hokimiyatining G‘azo sektoriga qaytishi — Isroil tomonidan HAMAS ag‘darilganidan so‘ng anklav uchun eng pozitiv ssenariylaridan biri, deydi ayrim siyosatchilar va kuzatuvchilar.

«Alal-oqibatda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi holat Falastin muxtoriyatining G‘azoga qaytishi», — degan Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid.

(HAMAS 2007 yilda qaqshatkich janglardan so‘ng «Falastin milliy ozodlik harakati» (FATH) siyosiy partiyasi va harbiylashgan tashkiloti tarafdorlarini kuch bilan G‘azodan siqib chiqargan. Ayni paytda FATH G‘arbiy sohildagi hududlarni Isroil bilan birga qisman boshqarmoqda).

Biroq, bu variantga qarshi bo‘layotganlar ham bor.

«Men kimdir ularni Isroil tanklarida G‘azoga qayta oladi, deb taxmin qilish darajasida ahmoq deb o‘ylamayman», — degan Falastinning sobiq vazirlaridan biri Hassan al-Xatib.

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilni «uzoq muddatli harakatlar rejasi»ni shakllantirishga chaqirdi va urush davrida og‘ir qarorlarni qabul qilish «qo‘yilgan maqsadlar aniqroq bo‘lishi»ni taqozo etishini aytgan. FOTO: MIRIAM ALSTER / POOL / AFP

Falastin siyosiy tadqiqotlar markazi (PCPSR) tomonidan yaqinda o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, agar G‘azo sektorida Falastin muxtoriyati yetakchisi Mahmud Abbos va HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya o‘rtasida saylov o‘tkazilsa, anklavning 65 foiz aholisi HAMAS yetakchisi uchun ovoz berishi ma’lum bo‘lgan.

Mahmud Abbos G‘arbiy sohilda ham unchalik katta qo‘llovga ega emas: G‘azodagi kasalxonada portlash ro‘y bergach ko‘plab shaharlarda uning iste’fosi talab qilingan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Kseniya Svetlovaning fikricha, so‘nggi yillarda Isroil Falastin ma’muriyatidagi yagona mo‘’tadil hukumatni kuchsizlashtirgan, bosh vazir Binyamin Netanyahu esa uni HAMAS bilan bir safga qo‘yib obro‘sizlantirgan.

«10 yilgina avval ko‘pchilik Abu Mazen (Mahmud Abbos) agar HAMAS iqtisodiy va boshqa sabablar oqibatida qulasa o‘ziga nisbatan dushmanona kayfiyatda bo‘lgan aholini nazoratiga ololadimi, degan savolni qo‘yardi. Men Isroil ancha vaqtdan buyon his qilmagan bunday urushdan so‘ng bu siyosiy murdaga qayta jon ato etish mumkinligini ko‘rmayapman», — degan Svetlova.

Zimmadan soqit qilish

19 oktyabr kuni Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant HAMAS mahv etilgani hamono Isroil «G‘azo sektordagi hayot uchun javobgarlik»ni o‘z zimmasidan soqit qilishini ta’kidlagan.

AQSh va boshqa davlatlar imkon qadar ko‘proq garovdagi asirlarni qutqarish uchun Isroilni yerusti operatsiyasini boshlashdan tiyilib turishga chaqirmoqda. (Suratda: HAMAS tomonidan yaqinda ozod qilingan Yoheved Lifshits). FOTO: GETTY IMAGES

G‘azo sektori iqtisodiyoti qariyb to‘liq Isroilga bog‘liq. Bu yerdan anklavga oziq-ovqat, elektr energiyasi va ichimlik suv yetkaziladi. HAMAS jangchilarining Isroilga hujumidan so‘ng Isroil G‘azoni to‘liq qamal qildi, bu esa gumanitar falokatga olib keldi.

Kseniya Svetlovaga ko‘ra, Isroil hukumati tomonidan qat’iy ritorikaga qaramasdan urush tugaganidan so‘ng «kimdir falastinliklar bilan shug‘ullanishi kerakligi, boshqa variantlar bo‘lmagani sababli, bu rolni yana Isroil o‘z zimmasiga olishi mumkin».

«Men bu qaror mutlaq Isroilga tegishli bo‘ladi, deb ayta olmayman, — deydi Svetlova. — Ehtimol, bu qaror BMT Xavfsizlik Kengashida qabul qilinar, Isroil do‘stlari tomonidan bosim bo‘lar».

«Isroil G‘azo sektori bilan hech qanday aloqalarga ega bo‘lmaslikni istaydi, — deya Svetlovaning fikrini ma’qullaydi David Gendelman. — Hech kim urushdan keyingi mexanizm qanday bo‘lishi haqida tasavvurga ega emas».

Ishonch taqchilligi

G‘azo sektorining urushdan keyingi kelajagi ko‘p masalada Yaqin Sharq davlatlari roliga bog‘liq. Economist nashri yozishicha, o‘tgan haftada bir necha arab mulozimlari anklavda xorijiy tinchlikparvar kuchlar joylashtirish g‘oyasini ilgari surishgan va darhol qo‘shimcha qilishgan: ularning hech biri bunda ishtirok etish istagida yonayotgani yo‘q.

G‘azo sektoridagi boshpanalar to‘lib toshgan: 600 mingga yaqin kishi BMTning Falastin qochqinlari bo‘yicha ishlash agentligining 150 ta obektlarida joylashtirilgan. FOTO: ASHRAF AMRA / ANADOLU

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Isroil va AQSh G‘azo sektorini kelgusida, jumladan, arab davlatlari ishtirokida, BMT qo‘llovida vaqtinchalik potensial hukumat tuzish orqali boshqarish masalasini muhokama qila boshlashgan.

Biroq, bunday hukumatni yaratish oson ish bo‘lmaydi, arab davlatlari roziligini olish undan-da murakkab masala, deydi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining Yaqin Sharq bo‘yicha katta tahlilchisi Uilyam Asher.

«Arab hukumatlari ishtirokidagi reja arab davlatlaridan bir-biri bilan ishlashdagi risklarni qanday qabul qilishiga qarab ko‘plab o‘zgarishlarni taqozo etadi. Bu, shuningdek, Tel-Aviv tomonidan ishonchning — juda kamyob bo‘lgan mahsulotning keskin oshirilishini talab qiladi», — deya Asherdan iqtibos keltiradi Bloombeg.

BBC suhbatlashgan ekspertlar ham G‘azo sektorining yaqin qo‘shnilari Misr va Iordaniya ham anklavning kelajagida ishtirok etishni isashmaydi, degan fikrda.

TsAHAL G‘azo sektoridagi HAMASga tegishli deb gumon qilayotgan obektlarni bombalashda davom etmoqda. FOTO: MAHMUD HAMS / AFP

Urush boshlangach Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy falastinlik qochqinlarni Sinay yarimorolida qabul qilmasligi, agar bu ishni qilsa yarimorol «Isroilga g‘ujum qilish uchun yangi bazaga aylanishi»ni ta’kidlagan.

Misr 2007 yilda Isroil bilan birga G‘azo sektorini qamal qilgani hamda 1948 yildan 1967 yilgacha sektorni boshqargani uchun anklavda yaxshi qabul qilinmaydi.

Iordaniya hukumati ham anklavning ko‘chirilgan aholisini qo‘llab-quvvatlashga tayyor emasligini bildirishgan.

Qatar mintaqa mamlakatlari orasida G‘azo sektoriga eng katta ta’sir o‘tkazayotgan davlatlardan biri. Ko‘p yillar davomida Doha ijtimoiy to‘lovlar millionlab dollar ajratib, tekin yonilg‘i bilan ta’minlab uchun anklav iqtisodiyotini barqarorlashtirib keldi. Hozir Qatar garovda ushlab turilganlarni ozod qilish bo‘yicha vositachilardan biri rolini o‘ynamoqda: Reuters’ga ko‘ra, Doha Isroil tomonidan yon berilishini kutmasdan HAMASni garovdagilarni ozod qilishga chaqirgan.

G‘azo sektori masalasida Qatar nechog‘lik jiddiy ta’sir o‘tkaza olishi mumkin, degan savolga Kseniya Svetlova «bu Isroilning qo‘lida emas, bu AQShning masalasi», deb javob bergan.

«Qatarda Amerikaning yirik Al-Udayd harbiy bazasi joylashgan. Vashington va Doha o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanib bormoqda, bu esa paradoksal holatni yuzaga keltirgan, chunki Qatar HAMAS yetakchilariga boshpana bergan, ularning ma’lum bir faoliyatiga homiylik qiladi va ularga to‘liq axborot qo‘llovi beradi», — deb qayd etgan Svetlova.

«So‘nggi 10 yil ichida Isroil strategiyasi Qatarga ishonish edi, — degan Economist nashriga Isroil armiyasining iste’fodagi polkovnigi va Moshe Dayan markazi tahlilchisi Mixael Milshteyn. — bu urushdan chiqarishimiz zarur bo‘lgan saboqlardan biri — biz Qatarning vaziyatga aralashishiga yo‘l qo‘yib bermasligimiz kerak».

G‘azoning Isroil va mintaqadagi boshqa o‘yinchilar bilan munosabati G‘azo sektorida urushdan keyingi rejim qanday bo‘lishiga qattiq bog‘liq, deb hisoblaydi David Gendelman.

Jumladan, anklavning Eron bilan munosabatlari ham.

«Qayta formatlash asnosida rejim qanday bo‘lishini ko‘rib boraveramiz. Ehtimol, Eron bu yerda hech kimga yordam bera olmasdan qolar. Tehron HAMAS va “Islom jihodi”ni qo‘llab-quvvatlaydi, FATHga deyarli yordam bermaydi. Agar nazariy jihatdan FATH G‘azoda hokimiyat tepasiga qaytsa, hech bo‘lmaganda dastlabki bosqichlarda munosabat boshqacha bo‘ladi», — deydi Gendelman.

O‘zlarining hokimiyati

Kseniya Svetlovaning taxmin qilishicha, yerusti operatsiyasi «G‘azoning reokkupatsiyasi» bilan tugaydi.

«Barcha minoralar va tunellar yo‘q qilingan, HAMAS yetakchilari yo qamoqxonada, yo o‘ldirilgan. Isroil qo‘shinlarini ortga qaytarib, biz ketamiz, deydi. U yerda ertasi kuni nima bo‘ladi? Eng kamida HAMASning qayta tug‘ilishi kuzatiladi. Aynan shuning uchun toki kelajak uchun biror yechim bo‘lmas ekan, Isroil u yerdan chiqa olmaydi. Bu yechim — 1993 yilda Falastin muxtoriyati tashkil etilgunigacha bo‘lganidek, o‘zlarining hokimiyatini yaratish», — deydi Svetlova.

(1993 yilda Osloda kelishuv imzolangach, Isroil 2005 yilgacha G‘azoda harbiy nazoratni o‘z qo‘lida ushlab turgan).

Gendelmanning fikricha, G‘azoning Isroil tomonidan reokkupatsiya qilinishi voqealar rivojining variantlaridan biri, biroq «Isroilning barcha hukumatlari izchil ravishda buni istashmagan va istashmaydi».

Falastin xalqi ularga tinch va osuda hayotda yashashni ta’minlab bera oluvchi yetakchiga loyiq, degan CBS telekanaliga bergan intervyusida Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan.

«Bu kelgusida bosiladigan qadamlar nuqtayi nazaridan qanday ko‘rinish olishini bugun men aytib bera olmayman, biroq bu savolni bugunoq qo‘yish kerak, chunki biz qisqa muddatli emas, uzoq muddatli istiqbolni ham ko‘zlashimiz kerak», — degan Sallivan.

Isroil harbiy nishonlar, jangchilar va ularning qo‘mondonlarini yo‘q qilishi mumkin — biroq avvalgi holatga erishish uchun u boshqa sohalardagi yechimlarni ham hal qilishi kerak bo‘ladi.

«HAMAS mafkurasi qoladi. Gap bu tashkilot yaqin orada qayta tug‘ilmasligi, G‘azo sektorida ta’siri kun sayin susayib borishi uchun uchun uni qanday zaiflashtirishda. Davlat aralashuvi va diplomatik tarkibiy qismsiz bunga erishib bo‘lmaydi», — deydi Svetlova.

HAMASning Isroilga hujumi

2023 yilning 7 oktyabrida Falastining HAMAS harbiylashgan guruhi Isroilga hujum qilib, uning jangchilari shahar va qishloqlarga bostirib kirdi, yuzlab odamlarni o‘ldirdi va o‘nlab odamlarni garovga oldi.

HAMAS Isroil davlatini yo‘q qilishga va butun tarixiy Falastin davlati hududida islomiy davlat qurishga intiladi. Harakat Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

HAMAS harakati G‘azo sektorida 2007 yilda saylov orqali hokimiyat tepasiga kelgan va shundan so‘ng o‘zining siyosiy raqiblarini sektordan siqib chiqargan. O‘shandan buyon uning jangchilari Isroil bilan bir necha bor urushgan.

Mavzuga oid