O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi o‘rnida Sport ishlari vazirligi tashkil etiladi. Kun.uz manbasi ma'lumot berishicha, prezidentning tegishli farmoni imzolangan.
Ma'lum qilinishicha, qo‘mita raisi Rustam Qurbonov lavozimdan ketgan. U 2017 yil fevralida yangi tashkil qilingan qo‘mitaga rahbarlik qilib kelayotgandi.
Endi uning o‘rnida yangi tuzilgan vazirlikka O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining sobiq rektori, O‘FFning sobiq vitse-prezidenti Shoakram Isroilov rahbar bo‘ladi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Oybek Qosimov vazirning birinchi o‘rinbosariga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 15 fevralida imzolangan «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatilib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil etilgandi.