Jamiyat | 19:18 / 24.03.2020
62288
4 daqiqa o‘qiladi

Karantinga joylashtiriladiganlarning mobil telefonlari nega olib qo‘yiladi?

Karantinga olingan shaxsning buyumlari (mobil telefon, audio va video vositalar, kredit kartalari hamda boshqa axborot tashuvchi buyumlar) nima uchun olib qo‘yiladi?

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev Kun.uz muxbirining shu haqdagi savoliga javob qaytardi.

— Global pandemiya hisoblangan koronavirusga qarshi barcha zarur choralarni qo‘llash, uning oldini olishda muayyan darajada muvaffaqiyat qozongan davlatlarning ilg‘or tajribasidan foydalanish bu virusga qarshi ishlab chiqilgan mamlakatimiz strategiyasining asosini tashkil qiladi.

Bevosita savolingizga keladigan bo‘lsak, bunday cheklov kiritilishining uchta sababi bor. Bugun o‘tkazilgan brifingda vaqt kamligi tufayli bunga qisman to‘xtalib o‘ta oldik faqat.

Birinchidan, virusolog olimlarning ta'kidlashicha, mazkur buyumlar infeksiyani o‘zida saqlovchi va tarqatuvchi xususiyatga ega bo‘lib, ularni karantin hududiga olib kirish sanitariya talablariga ziddir. Chunki infeksiya qog‘oz va plastik yuzada eng uzoq vaqt davomida saqlanishi mumkin – 5 kungacha.

Ikkinchidan, kuni kecha hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizomda vaqtinchalik olib qo‘yilgan buyumlardan shaxs infeksiya yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylarini aniqlash maqsadida o‘rganilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Jahon tajribasiga murojaat etilsa, Rossiya, Singapur, Isroil va boshqa bir qator davlatlarda bu usuldan foydalanilayotganini ko‘rish mumkin.

Xususan, Rossiyada mobil telefonlarning GPS funksiyasi orqali karantinga olingan shaxsning borgan manzillari tahlil qilinib, ehtimoliy aloqada bo‘lgan shaxslar doirasini shakllantirishda ushbu ma'lumotlardan foydalanilmoqda.

Ta'kidlash joizki, ayrim hollarda karantindagi shaxs o‘zlari bilan aloqada bo‘lgan shaxslar haqida ma'lumotlarni yashiradi yoki unutib qo‘yishi mumkin. Virus aniqlangan birinchi o‘zbekistonlik fuqaro bilan sodir bo‘lgan voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Uchinchidan, bu cheklov jismoniy shaxslarning shaxsiy ma'lumotlari to‘g‘risida axborot tarqatilishining oldini olish imkonini ham beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda karantin joylaridan olingan videolar va sahnalar tarqatilmoqda. Ko‘plab post va roliklarda jamiyatga virus bilan kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, chet eldan olib kelingan fuqarolarni saqlash sharoitlari to‘g‘risida asossiz va buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlar taqdim etilmoqda. Shu bilan birga, ushbu muassasalarda joylashtirilgan boshqa shaxslarga nisbatan shaxsiy ma'lumotlar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga ko‘pincha rioya qilinmaydi.

Qonunga ko‘ra, jismoniy shaxslarning shaxsiy ma'lumotlari maxfiy axborot toifasiga kiradi.

Buzilgan ma'lumotlar va faqat sub'yektiv baholashlar aholi o‘rtasida vahima paydo bo‘lishiga yoki jamiyatda mish-mishlar va qarorlar qabul qilishga olib kelishi mumkin.

Vaqtinchalik olib qo‘yilgan buyumlar shaxs davolash muassasasidan chiqayotgan vaqtda o‘ziga qaytarib beriladi yoki uning yaqin qarindoshlari yoxud vakillariga topshiriladi.

Shu bois, ko‘rilayotgan qat'iy chora-tadbirlar butun O‘zbekiston, butun jamiyat koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash olib borayotgan ushbu murakkab kunlarda juda zarur. Mazkur vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri tushunishingizni so‘raymiz.

Zero, bu choralar avvalambor sizning sog‘lig‘ingiz uchun qilinmoqda.

Mavzuga oid