Iqtisodiyot | 11:02 / 18.09.2020
12401
4 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha inflyatsion bosimning asosiy omili go‘sht mahsulotlari narxi bo‘ldi - vazirlik

Joriy yil boshidan (yanvar-avgust oylarida) inflatsiya darajasi 4,8 foizni tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada sekinlashish kuzatildi (8,2 foiz). 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sharhida aytilishicha, avgust oyida yillik inflatsiya darajasi 2017 yilning may oyidan beri o‘zining eng past darajasiga erishib, 11,7 foizni (2019 yilda 16,5 foiz) tashkil etdi.

2020 yil boshidan iste'mol narxlar indeksining o‘sishi mo‘'tadil bo‘lib, o‘rganilayotgan davrda iste'mol narxlarining umumiy o‘sishida nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar ulushining sezilarli pasayishi, oziq-ovqat mahsulotlari ulushining esa sezilarli darajada o‘sishi kuzatildi.

2020 yilda ichki bozordagi narxlar oziq-ovqat mahsulotlari va birlamchi ehtiyoj tovarlariga bo‘lgan yuqori talab darajasi, aprel oyidagi so‘mning devalvatsiyasi hamda meva va sabzavotlar narxlarining o‘tgan yillarga nisbatan unchalik yuqori bo‘lmagan mavsumiy pasayishi kabi omillar ta'sirida shakllandi. 

Nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlari o‘sishining sekinlashuvi esa, aksincha narxlar umumiy o‘sishini jilovlovchi xususiyatga ega bo‘lib, ushbu holat, eng avvalo, karantin davrida iqtisodiy faollikning pasayishi bilan izohlanadi.

Joriy yilning avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlar narxlari o‘sishi o‘rtacha 0,3 foiz (2019 yil avgust oyida 2,3 foiz) darajasida shakllandi. Bundan tashqari, aprel oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxining 3,3 foizga keskin o‘sishiga qaramasdan (2018 va 2019 yillarning mos davrida 1,0 va 0,3 foiz), joriy yilning 8 oyi davomida oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha inflatsiya darajasi 5,2 foizni (2019 yilning 8 oyida 7,0 foiz), yillik hisobda esa 16,7 foizni (19,7 foiz) tashkil etdi.

2020 yilning avgust oyida kuzatilgan oziq-ovqat narxlarining yillik o‘sishi umumiy inflatsiya darajasi va o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, meva-sabzavotlarning yillik inflatsiya darajasiga ta'siri kamayib, eng yuqori narx o‘sish sur'atlari go‘sht mahsulotlarida kuzatildi (yillik hisobda 18,2 foiz). Bundan tashqari, Qozog‘istonda bug‘doy hosilining pasayishi tegishli tovar guruhlari bo‘yicha narxlarning o‘sishi va joriy yil yanvar-avgust oylarida import qilinadigan bug‘doy uni hajmlarining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 113 ming tonnaga (-35 foiz) kamayishida o‘z aksini topdi. Shuningdek, aprel oyidan keyin bug‘doy importining o‘sishi kuzatildi.

Ta'kidlanishicha, oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha inflyatsion bosimning asosiy omili go‘sht mahsulotlarining narxi bo‘lib, ushbu holat asosan go‘sht ishlab chiqarish hajmining barqaror darajada o‘sishini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan ozuqa bazasining rivojlanmaganligi sababli vujudga kelgan. 2020 yilning yanvar oyidan avgustigacha bo‘lgan davrda go‘sht va go‘sht mahsulotlari importining 2,0 baravarga (15,6 dan 31,8 ming tonnagacha) ko‘payishi narxlarning o‘sishini jilovlash imkonini berdi.

Mavzuga oid