Andijon viloyati hokimi suvchilarga 64 mln so‘m tarqatdi, bu homiylik mablag‘lari ekani aytilmoqda
Shuhrat Abdurahmonov ko‘chada ishlayotgan suvchilarni ko‘rgach, 64 million so‘m naqd pulni olib, 16 nafar suvchiga 4 million so‘mdan tarqatgan.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov suvchilarga 4 million so‘mdan mukofot puli berdi. Bu haqdagi video hokimning Telegram-kanalida e’lon qilindi.
«Shuhratbek Abdurahmonov ichimlik suvi ta’minotidagi nosozliklarni bartaraf etayotgan ishchi xodimlarga 4 million so‘mdan mukofot pullarini topshirdi», deyiladi xabarda.
Qayd qilinishicha, Shuhrat Abdurahmonov ko‘chada ishlayotgan suvchilarni ko‘rgach, 64 million so‘m naqd pulni olib, 16 nafar suvchiga 4 million so‘mdan tarqatgan.
Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Muslimbek Ibrohimov mukofot pullarining manbasiga aniqlik kiritdi.
«Bu pullar ishchilarning maoshidan tashqari, qo‘shimcha mukofot pullari bo‘lib, homiylik mablag‘lari hisoblanadi. Shu sabab bundan nafaqat ishchilar, o‘sha yerda turganlarning barchasi xursand bo‘lib ketdi. Viloyat hokimi ishchilarning sovuqda ishlayotganini ko‘rib, ularni rag‘batlantirdi. Ularning maoshi qo‘shimcha tarzda plastik kartochkasiga tushaveradi, bu pullar oylik maoshidan ushlab qolinmaydi», dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Shuhratbek Abdurahmonov suvchilarni mukofotlashdan tashqari, ularning ishiga kerak bo‘luvchi texnikalari va maxsus kiyim-kechaklarini yaxshilash bo‘yicha ham rahbarlarga topshiriq bergan.
«Viloyat hokimi o‘sha yerning o‘zida ishchilarning kiyim-kechagi, ish qurollarini yangilash va ularning moliyaviy manbasi haqida aytib, rahbarlarga topshiriq berdi. Shuningdek, suvchilarga yangi yil bayrami oldidan qo‘shimcha e’tibor bo‘lishini, yordam berilishini aytdi», dedi Ibrohimov.
Avvalroq, Shuhratbek Abdurahmonov «Andijon» futbol klubining albaniyalik hujumchisi Rubin Hebayga avtosalonga borib, istalgan avtomobilni tanlashi mumkinligini, qolgan futbolchilarga esa «Iphone 14» smartfoni sovg‘a qilinishini aytgan edi.
Mavzuga oid
22:39 / 07.01.2025
Andijonda 518 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan choyxona aniqlandi
08:14 / 07.01.2025
Andijondagi xonadonda gaz portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi
01:01 / 06.01.2025
Andijonda maishiy savdo do‘konida yong‘in chiqdi
14:37 / 27.12.2024