Jahon | 16:30 / 08.12.2023
18286
11 daqiqa o‘qiladi

“AQShning obro‘si to‘kilayotganidan foydalanib qolmoqchi” - Putin Yaqin Sharqqa nega bordi?

Vladimir Putin qiruvchi samolyotlar qo‘riqlovida BAA va Saudiya Arabistonida bo‘ldi. Uning tashrifi G‘azodagi urushda Isroilni qo‘llagan AQSh va Ukrainaning arab olamida obro‘sizlanishi, Rossiya esa falastinliklar tomonida turgani fonida ro‘y bermoqda. Tahlilchilar Saudiya shahzodasi Putinni katta dabdaba bilan kutib olgani, bunday holat Baydenning tashrifi vaqtida kuzatilmaganini aytmoqda.

Ho‘sh, arab liderlari va Putinning muhokama mavzusi nimalar? Rossiya Yaqin Sharqdan nima xohlaydi? “Geosiyosat”da shu kabi savollar bilan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

Putinning Yaqin Sharqqa borishi asosan kelasi yilgi saylovlar bilan bog‘liqmi yoki geosiyosiy ehtiyoj bilanmi?

— Bu yerda 3 ta muhim nuqta bor: geosiyosiy omil, saylov (ichki siyosat) va geoiqtisod. Rossiya ichki siyosatida arab davlatlari bilan aloqalar ob-havo hosil qiladigan omil emas. Saudiya va BAA Rossiya uchun qulay davlatlar, ular o‘rtasida qarama-qarshilikka sabab bo‘luvchi omillar yo‘q. Bir vaqtlar Saudiya va BAA G‘arbning asosiy ittifoqchilaridan edi, ammo bugun vaziyat o‘zgaryapti.

Rossiya ichki siyosatidagi eng bezovta qiluvchi omil – Rossiyaning iqtisodiy ahvoli. Chunki Ukraina bosqini boshlangach, unga nisbatan ko‘plab sanksiyalar qo‘llandi. Endi iqtisodiy ahvol ancha tarang. Arab davlatlari bilan aloqalar jamiyat kayfiyatiga ta’sir qilmaydi, ammo iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi. Bu 3 davlatni birlashtiruvchi yagona platforma – neft qazib olib sotuvchi davlatlarning OPEC+ platformasi. Rossiya rasman OPEC tashkilotiga kirmaydi, ammo bu tashkilotga a’zo bo‘lmagan, faqat neft qazib olish hajmi va narxini kelishishda ishtirok etadigan davlatlar uchun OPEC+ formati bor. Rossiya neft narxiga ta’sir qilishni istaydi.

Lekin Putinning u yerga borishidan asosiy maqsadi – geosiyosiy masalalar, menimcha. 7 oktyabrda boshlangan Isroil-HAMAS urushi mintaqadagi vaziyatni yanada qutblashtirdi. Ukraina urushi boshlangandan keyin arab davlatlari bosqichma-bosqich sekinlik bilan Vashington va Ukrainaga yaqinlashayotgan edi. G‘azodagi urushdan bir necha oy oldin Saudiya tashqi ishlar vaziri va BAAning rahbarlari Ukrainaga keldi va 400 mln dollarlik gumanitar yordamlar taklif qildi. Ammo 7 oktyabrdan keyin geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgardi. Bu vaziyatda Putin muvozanatni ushlab qololdi, ammo Zelenskiy buni eplolmadi. U to‘laqonli Isroil tarafida bo‘lib, HAMASni Rossiya kabi terroristik xarakterga ega dedi. Bosib olingan Falastin yerlari haqida esa hech narsa demadi. Shu orqali arab davlatlari Zelenskiydan ma’lum darajada sovidi. Putin esa mohir siyosatchi sifatida bu vaziyatdan unumli foydalanib, “Isroil bilan munosabatlarimiz yaxshi, ammo biz har doim Falastin davlati tuzilishi tarafdorimiz”, degan fikrni aytdi va ommaviy qatliomni yumshoq tarzda qoralab ham o‘tdi. Bu bilan geosiyosiy muvozanatni ushlab qoldi.

Sovet ittifoqi qulashidan oldin Yaqin Sharq to‘laqonli AQSh nazoratida edi, bugun ham Yaqin Sharq AQSh xavfsizlik tizimi doirasida turibdi. Arab amirligi ham, Saudiya ham eng katta qurol-yarog‘ni baribir AQShdan oladi, ammo vaziyat murakkablashib boryapti. BAA va Saudiya BRIKSga kirmoqchi.

Sovet ittifoqi qulagach ma’lum muddat butun dunyoda AQSh yakka qudrat bo‘ldi. Bugungi kunda AQShdan “to‘yinish” va uning loyihalariga ishonchsizlik ortib boryapti. Bu fonda global janub tushunchasi va munosabatlar tizimi shakllanyapti. Saudiya, BAA va Misr borgan sari global janubga og‘ishyapti. Yilning birinchi yarmida Bayden ham Saudiyaga kelgandi, ammo Saudiya shahzodasi u bilan sovuqroq munosabatda bo‘lgan edi kutib olishda, lekin Putinni boshqa bir darajada kutib olishdi.

Yaqin Sharqda shakllanayotgan geosiyosiy tafakkurga ko‘ra, AQShni jazolash yoki geosiyosiy signal berish bo‘lyapti, ya’ni “biz kerak bo‘lsa, Xitoy bilan ham, Rossiya bilan ham yaqin bo‘lolamiz, geosiyosiy qutblashuvda, kuchlar nisbati o‘zgarishida asosiy rol o‘ynaymiz” degan ma’noda.

Saudiya va BAA Xitoy bilan ham munosabatlarni ancha ijobiylashtirgan. Putinning aytishicha, BAA arab davlatlari ichida birinchi o‘rindagi iqtisodiy hamkor hisoblanadi. BAA – tovarlarni Rossiyaga yetkazishda sanksiyalar aylanib o‘tilayotgan 5 talikdagi davlat. BAAning AQSh va YeI bilan savdo-iqtisodiy aloqalari kuchli, shuning uchun mahsulotlar birinchi BAAga kelyapti, keyin esa Rossiyaga sotilyapti. Shuning hisobiga bir yilda savdo-iqtisodiy hamkorlik 67 foizga oshgan – juda katta ko‘rsatkich bu. Saudiya bilan shunday katta hamkorlik bor. OPEC+ doirasida kelishib, bu uch davlat dunyodagi neft narxini belgilashda asosiy rol o‘ynashi mumkin.

Hozirgi vaqtda Saudiya va BAAning OPEC+ da Rossiya bilan munosabati qanday? Doim kelisha oladimi, chunki G‘arbning bu ikki arab davlatiga ta’siri yuqori?

— Borgan sari Vashington va Bryusselning ta’siri so‘nib bormoqda, bu tez bo‘lmaydi. Lekin BRIKSga a’zolik arizasini topshirishning o‘zi Vashingtonga katta signal. Biz AQSh nazoratidagi iqtisodiy muhitdan chiqishga tayyormiz, demoqchi.

Vaqti-vaqti bilan OPEC+ da ham kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Ba’zi davlatlar o‘rtasida narx, qazib olish masalasida tortishuvlar bo‘ladi. Hamma neft qazib olishni kamaytirishni istaydi, lekin hech kim aynan o‘zi qazib olayotganni kamaytirishni istamaydi. Umuman, turli kelishmovchiliklar bo‘lib turadi, ammo OPEC+ doirasidagi kelishuvlar ishlab turibdi.

Neft narxi oshishi G‘arb opponenti bo‘lgan Rossiya uchun qulay. Narx judayam tushib ketsa, Xitoy uchun qulay bo‘ladi. BAA va Saudiya neft narxi va qazib olishdagi muvozanatni saqlashga harakat qiladi.

Putinni kutib olish ham izolyatsiya qilingan davlat rahbarinikiga o‘xshamagan bo‘ldi. Bunga fikringiz?

— Putinning samolyoti 4 ta raketa bilan qurollangan qiruvchi samolyotlar qo‘riqlovida bordi. Dunyo hamjamiyatiga signal berildiki, kimdir Putinni hibsga olmoqchi bo‘lsa, biz u bilan urushishga tayyormiz, dedi.

Shu kunlarda, ya’ni 30 noyabrdan 14 dekabrgacha BAAda ekologiya bo‘yicha BMT forumi bo‘lyapti. Ammo Putin bu forum doirasidagi birorta tadbirda ishtirok etmadi. Uning safari juda qisqa muddat ichida amalga oshirildi. Putinning kutib olinishiga xalqaro OAV katta e’tibor berdi. G‘arb OAV Putin kutib olinishini Baydenning kutib olinishi bilan qiyosladi. Arab davlatlari bu orqali G‘arbga: “Bizga teng munosabatda bo‘linishi kerak, endi bosimlar ishlamaydi”, degan signal beryapti. G‘arb matbuoti bu kutib olishni Ukraina urushidan keyin Rossiyaga bo‘lgan sanksiyalar ishlamayotgani e’tirofi sifatida baholadi.

Sanksiyalarni aylanib o‘tish yanada kuchayadi hali. Chunki Putin BAA rahbari bilan bo‘lgan uchrashuvda aytdiki, bir yil ichida savdo-iqtisodiy aylanma 67 foizga oshgan. Keyingi yillarda bu yana xam oshsa kerak. Chunki G‘arb sanksiyalari bir qancha omillar sabab yaxshi ishlamayapti, G‘arbning o‘zi ham tan oladi buni.

Ukrainaga Rossiya bosqini yuqori nuqtaga chiqqan paytda OPEC+ da kimning foydasiga ko‘proq harakat bo‘ldi?

— Yelsin davrida neft narxi juda arzon edi. Putin hokimiyatga kelishi bilan dunyo iqtisodiyotida o‘sish bo‘ldi. Yelsin davrida 1 barrel neft 20-30 dollar bo‘lgan bo‘lsa, Putin hokimiyatga kelgach, o‘rtacha 100 dollar bo‘ldi bu narx. Rossiya uchun trillion dollarlab daromad keltirdi bu, chunki Rossiya eng ko‘p neft sotuvchi uchta davlatdan biri. Natijada Rossiyada imperialistik kayfiyatdagi loyihalarni moliyalashtirish imkoni paydo bo‘ldi.

Qrim tortib olingandan keyin 2014 yilda Obama va Saudiya rahbari yopiq eshiklar ortida kelishib, neft tannarxini 100 dollardan 30 dollarga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo bir necha yil o‘tib, Saudiyaning o‘zi ham katta zarar ko‘rdi bundan, narxni oldingi darajaga chiqarish juda qiyin bo‘ldi. Obama hokimiyatga kelgach, Erondan ham sanksiyalar yechila boshlandi. Eron uzoq muddat sanksiyalarda bo‘lgani uchun unga pul juda kerak edi va u dunyo bozoriga yana ham arzonroq neft taklif qila boshladi. Bu esa Saudiyaga yoqmasdi, albatta. Neft narxini belgilash geosiyosiy muhim omillardan biri hisoblanadi.

7 dekabr kuni Putin Moskvaga qaytib, u yerda Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Eron va arab liderlari bilan bo‘ladigan uchrashuvlar o‘zaro bog‘liq bo‘lishi mumkinmi?

— Albatta, bog‘liq. Yaqin Sharqda yangi geosiyosiy kontekst shakllanyapti. AQSh bu yerda obro‘sizlangan. Musulmon dunyosi va an’anaviy arab ittifoqchilariga ta’siri pasaygan. AQSh o‘zining asosiy ittifoqchisi Isroilni himoya qiladi, ammo tartibga sololmaydi. Bu esa musulmon va arab dunyosida jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lyapti. Bu narsadan esa Putin foydalanyapti.

Eron – Rossiyaning doimiy ittifoqchisi. Chechen urushlarida ham musulmon davlatlaridan faqat Eron chechenlarga xayrixohlik bildirmagan, deyishadi rossiyalik siyosatchilar. Saudiya va BAA bilan kelishuvlardan so‘ng Eron bilan ham ma’lum bir muzokaralar bo‘ladi. Maqsad – global janubni rivojlantirish va unda Rossiyaning lider bo‘lishi. Ikkinchi tomondan BRIKSni yanada kuchaytirish masalasi ham bor.

Sanksiyalar masalasida, Saudiya va BAA: “Biz faqat BMT tomonidan e’tirof etiladigan sanksiyalarni tan olamiz”, deydi. Bu esa Rossiya uchun juda qulay.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid