O‘zbekiston | 22:53 / 07.12.2023
12297
9 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”ning reytingi pasayib, prognoz salbiyga o‘zgartirildi

S&P agentligi “O‘zbekneftgaz”ning kredit reytingini “B+”ga tushirib, bu reytingning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “salbiy”ga o‘zgartirdi. Bunga GTL zavodining to‘liq quvvatda ishlamayotgani va gaz narxi erkinlashtirilmagani fonida kompaniyaning qarz yuki oshayotgani, korporativ boshqaruvda muammo borligi va davlat qo‘llovining ehtimoli pasayayotgani sabab bo‘lgan.

Foto: Denis Sinyakov/AFP via Getty Images

S&P Global Ratings agentligi O‘zbekistonning eng yirik kompaniyalaridan biri – “O‘zbekneftgaz”ning kredit reytingini oktyabr oyi oxirida “BB-“dan “B+”ga tushirgan edi. Bu moliyaviy risklar ortganini anglatadi.

Noyabr oxiriga kelib esa, agentlik kompaniyaning reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “salbiy”ga tushirdi. Ya’ni “O‘zbekneftgaz”ning kredit reytingi kelgusida yana ham pastlashi ehtimoli yuqori.

Shunday bo‘lsa-da, kompaniyaning kreditorlar oldidagi qarzni to‘lash imkoniyati saqlanib qolayotgani keltirib o‘tilgan.

“Gazdan suyuq yonilg‘i ishlab chiqaruvchi “Uzbekistan GTL” MChJning belgilangan muddatdan uzoq vaqtda ishga tushirilgani, foizlar bo‘yicha yuqori xarajatlar va mamlakatdagi gaz zaxiralari bilan bog‘liq umumiy xavotirlar tufayli kredit ko‘rsatkichlarining sezilarli yaxshilanishi dargumon va noaniq. Biz FFO 12 foizdan oshishini kutmayapmiz. Uzbekistan GTL'ni to‘liq ishga tushirish yana ikki-uch yilga cho‘ziladi. Bu kutilganidan sekinroq, chunki xomashyo bilan ta’minlash biroz cheklangan bo‘lishi mumkin. Buning sababi shundaki, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha gaz yetkazib berish liniyalarini izlamoqda”,deyiladi S&P'ning oktyabr oyi uchun tayyorlagan hisobotida.

Tahlilchilarning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz”ning EBITDA ko‘rsatkichi 2023 yil uchun prognoz qilingan 10,5−11,5 trln so‘m va 2022 yil uchun prognoz qilingan 9,1 trln so‘mdan sezilarli darajada yaxshilanib, 2024 yilda 14−16 trln so‘m, 2025 yilda esa 15−17 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Biroq, bu miqdor, ayniqsa qish oylarida, mamlakatda gaz mavjudligiga qarab sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin.

Zavodda 2022−2023 yillar qishidagi kabi jiddiy tanqislik kutilmayotgan bo‘lsa-da, bunday ssenariy yuzaga kelish ehtimoli ham yo‘q emas. Kompaniyaning qarz yuki ham 2023 yilda ikki baravar ko‘payib, 5 trln so‘mga yetishi kutilmoqda, chunki umumiy qarzning 73 foizi o‘zgaruvchan foiz stavkalarida jalb qilingan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston uchun barqaror gaz ta’minoti muhim ahamiyatga ega, chunki mahalliy ishlab chiqarish hajmining qisqarishi va iste’molning ortishi mamlakatni keyingi bir necha yil ichida sof eksportchidan sof importchiga aylantirishi mumkin.

Ishlab chiqarish va iste’mol balansi o‘rtasidagi tafovut yomonlashgan

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gaz qazib olish va iste’mol qilish balansi yomonlashgan. Xususan, oxirgi 10 yil ichida ichki gaz qazib olish 2012 yildagi 63 mlrd kub metrdan 2022 yilda qariyb 53,8 mlrd kub metrgacha kamaydi. Bu jarayon joriy yilda ham davom etgan. Jumladan, 2023 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 23,6 mlrd kub metrni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga kamaydi.

O‘z navbatida “O‘zbekneftgaz”ning ishlab chiqarish hajmi 2017 yildan hozirga qadar 39 mlrd kub metrdan 32 mlrd kub metrgacha qisqargan. Iste’mol esa oshishda davom etmoqda. Masalan, so‘nggi yillarda yillik iste’mol o‘rtacha 43−46 mlrd kub metrdan 2022 yilda 48 mlrd kub metrgacha ko‘paydi. Hukumat 2030 yilga borib O‘zbekistonda gaz iste’moli 65 mlrd kub metrgacha oshishini kutmoqda, bu esa mamlakatni gazning sof importchisiga aylantirishi mumkin.

Mutaxassislar Uzbekistan GTL, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” va MTO gaz-kimyo majmuasi quvvatlarini kengaytirish yaqin yillarda gaz iste’mol hajmini 5 mlrd kub metrdan ko‘proqqa oshirishi mumkinligini prognoz qilgan. Mazkur obektlarga gaz yetkazib berishning qisqarishi “O‘zbekneftgaz”ning moliyaviy ko‘rsatkichlariga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan.

Katta hajmdagi xarajatlar

“O‘zbekneftgaz”ning qarz majburiyatlari yiliga qariyb 550 mln dollar. Shuningdek, tabiiy gaz qazib olishni yiliga 32−33 mlrd kubometr darajasida ushlab turish uchun ham texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari ortib bormoqda. Kelgusi har bir yil uchun bu xarajatlarga 8,5−12,5 trln so‘m ajratish lozim bo‘ladi, shundan 65−75 foizi texnik xizmat ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi.

S&P ekspertlari kompaniya o‘z yondashuvini o‘zgartirmasa va moliyalashtirish hamda qayta moliyalashtirishni proaktiv tarzda ta’minlashga o‘tmasa, likvidligi keyingi bir necha yil ichida bosim ostida qolishi mumkinligini bildirgan.

Prognozning yomonlashishi

S&P'ning noyabr oyidagi hisobotida esa “O‘zbekneftgaz” bitim shartlari bo‘yicha ayrim majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagani va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli kamaygani sababli reyting prognozi “salbiy”ga o‘zgartirildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmidagi moliyaviy hisobotlariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” moliyaviy majburiyatlaridan (kovenantlar) ayrimlarini bajarmagan va buning uchun hisobot sanasigacha kreditorlardan vaqtinchalik rozilik (veyver) olmagan, bu esa defoltga olib kelishi mumkin edi. Kreditorlardan ruxsat hisobot sanasi o‘tganidan keyin olingan va yakunda defolt ro‘y bermagan. Mutaxassislarga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” kreditorlardan o‘z vaqtida verver olmagani ichki nazorat tizimidagi kamchiliklardan darak beradi.

Ichki nazorat tizimining zaifliklari hisobot va tashqi aloqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sababli S&P “O‘zbekneftgaz” menejmenti va korporativ boshqaruvi bahosini “maqbul”dan “zaif”ga o‘zgartirdi.

Bundan tashqari, kompaniyaning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi roli kamayib ketayotganiga urg‘u berilgan bo‘lib, bu mamlakat gaz importchisiga aylanib borayotgani bilan izohlangan. Shu sababli agentlik kompaniyaning o‘z vaqtida va yetarli darajada davlat yordamini olish ehtimoli haqidagi bahosini “juda yuqori”dan “yuqori”ga tushirgan, iqtisodiyotdagi rolini esa “favqulodda muhim”dan “juda muhim”ga qayta ko‘rib chiqadi.

“O‘zbekistonda gaz taqchilligi muammosini hal qilinmaguncha “O‘zbekneftgaz”ning yirik loyihalari to‘liq quvvatga chiqa olmaydi, bu esa kompaniyaning iqtisodiyotdagi ahamiyatini pasaytiradi va eng yirik soliq to‘lovchilar uchligiga kirishiga imkon bermaydi”, deyiladi hisobotda.

Tahlilchilarga ko‘ra, hukumat yetarli darajada moliyaviy resurslar taqdim etmay turib, “O‘zbekneftgaz”ga yirik loyihalarga sarmoya kiritishni davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatma berib keladi. Xususan, qiymati 3 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan Uzbekistan GTL qurilishi va “Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi”ni kengaytirish bo‘yicha 2 mlrd dollarlik loyiha. Biroq, bozorni liberallashtirish amalga oshmadi, gaz narxi 1000 kub metr uchun 28 dollardan 36 dollargachagina ko‘tarildi, bu ko‘pchilik qo‘shni davlatlardagi ichki narxlardan ancha past. Shuningdek, Uzbekistan GTL kutilgan foydani keltirmayapti. Bu hukumat mamlakatga yetarli miqdorda gaz importini ta’minlay olmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mazkur omillar kompaniya qarzlarni to‘lash imkonini berishi ko‘zda tutilgandi.

“Hozirda “O‘zbekneftgaz”ning har qanday yangi qarz mablag‘lari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish imkoniyati nihoyatda past. Kompaniyaning katta qarzi va cheklangan likvidligiga qaramay, hukumat tomonidan talab qilinadigan dividend to‘lovlarining oshishi ham kredit sifatiga bosim o‘tkazishi mumkin”, deya qayd etgan S&P ekspertlari.

Mavzuga oid