O‘zbekiston | 14:36 / 04.05.2020
33155
3 daqiqa o‘qiladi

«Xalqaro tajriba o‘rganib chiqiladi» – O‘zbekistonda koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi hujjat joriy qilinishi ham mumkinligi aytildi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov maxsus shtabdagi brifing chog‘ida qator savollarga javob berdi.

Tadbir davomida karantindan keyin mamlakatga xalqaro qatnovlar boshlanishi munosabati bilan qanday epidemiologik tartib-qoidalar o‘rnatilishi to‘g‘risidagi savolga javob qaytarildi.

«To‘g‘ri, karantin tugagandan keyin, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar yana iziga tushib ketadi. Mamlakatimizda avtomobil, poyezd va samolyotlar orqali xalqaro qatnovlar, bordi-keldilar boshlab yuboriladi.

Koronavirus kasalligining respublikaga kirib kelishi, tarqalishi bilan bog‘liq holatlar chuqur tahlil qilinadi. Mavjud me'yoriy hujjatlar, shu jumladan sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar, sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyenik normativlar qayta ko‘rib chiqiladi.

Albatta xalqaro tajribalar ham o‘rganib chiqiladi. Balki, dastlabki davrda faqat koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi hujjati bo‘lsagina viza berish tizimi joriy qilinar. Buni esa vaqt va epidemik vaziyat ko‘rsatadi.

Agar shu tizim joriy qilingudek bo‘lsa ham, xorijiy fuqaroning viza olgan davri bilan yurtimizga kelgan davri koronavirus kasalligining yashirin davri (14 kun) bilan bir biriga mutanosib bo‘lishi kerak. Har qanday tartibni amaliyotga kiritish uchun juda jiddiy o‘ylash va o‘rganishga to‘g‘ri keladi», deydi Nurmat Otabekov.

Shuningdek, karantindan keyin Veterinariya xizmatlari va xodimlari ish faoliyati ham yangicha qoidalar kiritilishi ma'lum qilindi.

«Yurtimizda koronavirus kasalligi virusi uchrashi mumkin bo‘lgan itlar, mushuklar, cho‘chqalar, parrandalar, yungi uchun yetishtiriladigan xar xil kemiruvchi hayvonlar, ko‘rshapalakning ma'lum bir turlari uchrab turadi.

Biz ularning barchasini iste'mol uchun ishlatmasakda, ularni saqlash va parvarishlash sharoitini muntazam o‘rganib borish, ularga xos bo‘lgan yuqumli kasallikka chalinganlarini davolash, epizootiyaning oldini olish, profilaktik emlash ishlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi veterinariya shifokorlari bor.

Albatta bu kabi pandemiya barcha sohaga, xususan, veterinariya sohasining ham me'yoriy-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishi va hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib, qayta ishlab chiqilishini taqozo etadi», deydi u.

Mavzuga oid