O‘zbekiston | 21:02 / 27.07.2020
4554
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati eksport rejasini muddatidan avval bajargani ma'lum qilindi

Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitga qaramasdan respublikada birinchilardan bo‘lib belgilangan eksport rejasi muddatidan avval bajarilganini ma'lum qildi.

Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, viloyatda 2020 yilning yanvar-iyul holatiga ko‘ra, 298mln AQSh dollari miqdoridagi eksport shartnomalari imzolangan. Shundan sanoat sohasida belgilangan 118 mln dollar miqdoridagi eksport hajmi amalda 219 mln qiymatida bajarilgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligida bu ko‘rsatkich 81 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 121,3 foizga ortiq yoki 53mln. AQSh dollariga ko‘p. 2019 yil mobaynida viloyatda eksportchi korxonalari tomonidan 223 turdagi 507 xil mahsulot eksportga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2020 yilda 335 turdagi 742 xil mahsulot, jumladan, tibbiy va texnik maqsadlarda ishlatiladigan etil spirti, zamonaviy dizaynga ega dekorativ mebellar, yangi turdagi qandolat mahsulotlari, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, maishiy ro‘zg‘or buyumlari xorijga eksport qilingan.

«Tekstil mahsulotlari o‘tgan 2019 yilda 83,7 mln. dollar qiymatida eksport qilingan bo‘lsa, joriy yil yanvar-iyun oylarida bu ko‘rsatkich 94,9 mln dollarni tashkil etmoqda. Xomashyo mahsulotlari eksporti o‘tgan yilda 51 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 41 foizga teng ekanligini ko‘rish mumkin.

Bunda xomashyo mahsulotlari hajmi 41 foiz, yarim tayyor mahsulot hajmi 12 foiz, tayyor mahsulot hajmi esa 48,4 foiz eksportga yo‘naltirilganligini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, eksportga chiqarilgan mahsulot hajmining 28 foizini sabzavot mahsulotlari, 4 foizini sellyuloza mahsulotlari tashkil qiladi», deya Jamshid Abdusalomovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari 2019 yilda viloyatning eksport geografiyasi 51 ta davlatdan iborat bo‘lgani, endilikda bu ko‘rsatkich 58 ta davlatni tashkil etayotganini qo‘shimcha qildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati 2020 yilda 560 ta korxonalarga pandemiya sharoitida ish faoliyatlarini to‘xtatmasliklari uchun maxsus ruxsatnomalar olib berilgani, 13 ta korxonaga 12,2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berilgani, eksportyor korxonalarga 375 mlrd. so‘mlik olingan kredit to‘lovlari muddatlarini uzaytirilgani, 36 ta loyihaning qurilish-montaj ishlari rejaga muvofiq yakunlangani, xorijdagi diplomatik korpuslari vakillari bilan birgalikda viloyatda qariyb 100 ta korxonalarga xorijiy hamkorlar topib berish masalasiga amaliy yordam berildi va qiymati qariyb 105,7 mln. dollarga teng eksport shartnomalari imzolanganini ma'lum qilmoqda.

Mavzuga oid