Jamiyat | 14:07 / 04.05.2020
35708
14 daqiqa o‘qiladi

«Ikki yildan beri kutib yashayapmiz» – Andijon Sity tufayli uylari buzilishga tushgan oilalar nimadan norozi?

Kun.uz sayti tahririyatiga Andijon shahrining «Mustaqillik» mahallasi, Bektosh Rahimov ko‘chasida yashovchi aholi vakillaridan murojaat kelib tushdi. Arznomachilar - N.Siskova, S.Avanesova va S.Gabbasova yashaydigan umumiy hovlidagi uylar osmono‘par binolar majmuasi qad rostlayotgan «Andijon Sity» hududida ekan.

Jadal qurilish ketayotgan hududdagi boshqa aholining uylari buzilib, ko‘chib ketishgan bo‘lsa-da, «snos»ga tushgan umumiy hovlidagi 8ta xonadon hali ham yashab kelmoqda. To‘g‘risi, atrof to‘la qurilish jarayoni, buzilgan devorlar, qurilish chiqindilari, chang, texnikalar ovozi quloqni yoradigan joyda uy egalari ko‘chib ketmay yashayotgani g‘alati holat.

Murojaatchilarning uylari buzilishi 2018 yil may oyida aniq bo‘lgan. Arznomachilarning bildirishicha, shahar hokimligi ularning muammosini yechish masalasiga jiddiy e'tibor qaratmayotgan ekan. Mutasaddilar kompensatsiya to‘lash uchun xonadon egalariga uylarini baholatishi lozimligini bildirgan. Biroq, uy egalarida xolis baholovchiga berishga mablag‘ yo‘qligi uchun hokimiyatdan baholovchi bilan ta'minlashni so‘rashgan. Lekin baholatish ishlari cho‘zilib kelmoqda.

Muammoli vaziyatni o‘rganish bo‘yicha ikki tomon – murojaatchilar va Andijon shahar hokimligi bilan uchrashdik.

«Qachon ko‘chib ketishimiz aniq emas»

Bektosh Rahimov ko‘chasidagi umumiy hovlining 18-uyida to‘plangan murojaatchilar birin-ketin yuzaga kelgan muammolar haqida so‘zlashdi.

Shu xonadonda yashovchi Elvira Islamgulova atrofda katta qurilish ishlari ketayotgan hudud ichida qolib ketishgani va ahvollari juda og‘irligi haqida gapirdi. Oilaning olti nafar a'zosi bor. Xonadon ulug‘i, uzoq yillar pedagogik faoliyat olib borgan Sofiya ona Gabbasova 90 yoshda ekan.

«Andijon shahar hokimligi tomonidan 2018 yilning may oyida biz yashaydigan hududda  yangi loyihadagi binolar qurilishi boshlangani va uylarimiz «snos»ga tushgani haqida ogohlantirishgan edi. Biz yangilikni to‘g‘ri tushunib qabul qildik, chunki shahar obod va go‘zal bo‘lishi kerak. «Ogohlantirish xati» olganimizga mana ikki yil bo‘ldi.

Shahar hokimligi bizga o‘sha paytda xuddi o‘zimiznikidek uy sotib olib berishni va'da qilgan.

Shundan so‘ng, shahar hokimligidan kelib, biz yashaydigan uylarni o‘rganishdi. Mana ikki yildirki, biz kutish bilan hayot kechiryapmiz. Ogohlantirishganidan buyon uzoq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da bizlarni boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha hech qanday ish qilinmadi. Shahar hokimligi faqat va'dalar berib kelyapti, xolos.  

Ko‘rib turganingizdek, derazalarimiz va devorlarimiz ortida ko‘p qavatli binolar qurilishi avjiga chiqqan. Avvaliga uylarni buzishdi. Kechayu-kunduz ekskovator, kranlar ishlaydi. Chang-to‘zonda yashadik. So‘ng og‘ir qurilish texnikalari ishlashi oqibatida uylarimiz devorlari va shiftlari darz keta boshladi. Atrofimiz to‘la qurilish chiqindilari, yashash sharoitimiz qiyinlashib ketdi. Qish-qirovli, yog‘ingarchilik kunlarda ahvol yanada og‘irlashdi.

Shahar, undan so‘ng viloyat hokimligiga murojaat qilsak, «Ozgina sabr qilasizlar. Hozircha mablag‘ yo‘q. Mablag‘ bo‘lishiga, sizlarni ko‘chiramiz», degan va'dalarni ko‘p eshitdik. Lekin, hech qanday o‘zgarishning o‘zi yo‘q. O‘tgan hafta shamol bo‘ldi, uyimiz tepasida qurilish krani xavfli tarzda osilib turdi. Hokimlik vakillariga aytganimizdan keyin olishdi.

Ma'lumki, qonunga ko‘ra hokimlik bizga uyimizning bozor bahosidagi narxda pul mablag‘i berishi yoki xuddi o‘zimiznikidek uy tavsiya qilishi kerak. Biz mutasaddilarga xolis baholovchiga berishga mablag‘imiz yo‘qligi aytdik. Shundan so‘ng baholash xizmati xodimi keldi va xizmat uchun barcha jarayonlar yakunlangach pul berishimizni aytdi. Lekin, ishimiz yakuniga yetmadi, baholovchi kelib, ertaga tayyor bo‘ladi, indinga tayyor bo‘ladi deb yo‘q bo‘lib ketdi. Bir kelganida, «Uyingizga ko‘p baho bera olmayman. Narxi 300 million so‘m atrofida bo‘ladi», deb ketdi. Bu pulga uy sotib olish muammo. Hozir shahar ichida uylar juda qimmat.

Buzilishlar boshlanganida hokimlik, shahar ichidan xuddi o‘zimiznikidek uy olib berishni va'da qilgan edi. Shahar hokimi va boshqa mutasaddilar fevral oyida kelganida biz ularga, «Agar hokimiyatda biz o‘z uyimizga o‘xshash bo‘lgan uyni sotib olishimiz uchun yetarli mablag‘ bo‘lmasa, hokimiyat bizga boshqa joydan uy sotib olib bersin», degan talabni aytdik. Ular talabimizga nisbatan, «baholatinglar», deb javob berishdi. Agar uyimizga ular tomonidan aytilayotgan bahoda narx belgilanadigan bo‘lsa, biz shahar ichidagi ko‘p qavatli uylardan uch xonali xonadon ham sotib ola olmaymiz. Hozirgi uyimizda esa sakkizta xona bor. Kvadrat metrga o‘lchab, uyimizga yarasha xuddi shunday mulk olib berishlarini xohlaymiz. Men, erim, onam, qizim, eri va yosh go‘dagi bilan olti kishi yashaymiz.

Shahar chekkasi yoki tumanlardan uy olib yashash bizga to‘g‘ri kelmaydi. Axir shahar markazidagi uyimiz buzilyapti. Oilamizda keksa ayol va yosh go‘dak bor. Kasalxona, dorixonalar yaqin bo‘lgan joy bo‘lmasa qiynalib qolamiz. Ikki yil chang-to‘zon ichida yashadik. Kasal bo‘ldik. Kerak bo‘lsa qiynalib yashaganimiz uchun hokimiyat kompensatsiya to‘lashi kerak», deydi Elvira Islamgulova.

Xonadon egalari juda ko‘p tashkilotlar va prezident portaliga ham ko‘p bor murojaat qilishgan ekan.

16 –uyda yashovchi 77 yoshli Seda Avanesovada ham xuddi shunday muammolar.

«Ikki yildan beri buzilish va qurilish ichida yashayapmiz. Mutasaddilarga murojaat qilsak, «Hammasi tez kunlarda hal bo‘ladi. Qishga o‘tin-ko‘mir yig‘ib tayyorgarlik ko‘rmanglar. Yangi uyda qishlaysizlar», degan va'dalarni eshitamiz. Lekin va'dalar va'daligicha qolib, muammolarimiz hal bo‘lmayapti.

Men yashayotgan uyning o‘lchami 56 kvadrat metr. Oshxona va yana uchta xona bor, Andijon shahar hokimligi menga ikkita joydan kvartira ko‘rsatdi. «Eski O‘sh yo‘li» ko‘chasidan bir xonali kvartirani tavsiya qilishdi. Bordim, bitta xona ekan. Oshxonasi ham juda kichik. Unamadim.

Keyin «Koreys bog‘i» ko‘chasidagi 3-qavatdagi uyni ko‘rsatishdi. Bu kvartira ham menga to‘g‘ri kelmadi. 77 yoshdaman, uchinchi qavatga chiqib-tushish menga va betob erimga qiyinchilik tug‘diradi. Menga shahar ichidagi eski ko‘p qavatli uylarning ikkinchi qavatidan bo‘lsa ham o‘z uyim kvadrat metriga teng bo‘lgan kvartira berishsin. Bor talabim shu», deydi u.                                            

18-uyda yashovchi Adelya Burxanova ikki yil davomida mutasaddilarga ko‘p marta murojaat qilganini aytdi.

«Hokimiyatga besh-olti marta borib, «Yashash uchun sharoit yo‘q, tezroq ko‘chib ketaylik», deb yordam berishlarini so‘radim. Ular «Baholatinglar», deyishdi. Lekin men pulimiz yo‘qligini aytdim. Shahar hokimi, «o‘zim mablag‘ini to‘layman» deb baholovchini jo‘natdi. U keldi va baholagisi kelmay «hujjatlarni ertaga yakunlayman, indinga yakunlayman», deya va'da berib kelmay qo‘ydi. Mavjud mummolarimiz hal bo‘lmayapti. Hammayoq qurilish, chang-to‘zon, chiqindixona.

Bolalar uchun o‘ynagani joy yo‘q. Juda qiynalib ketdik. Bizga shahar ichidan xuddi o‘zimiznikiga o‘xshagan uy berishsa rozi bo‘lar edik. Sofiya buvim 90 yoshga kirdi. Ko‘p kasal bo‘ladi. Shahar chekkasida qiynalishi tayin», deydi u.

Hali oshyonlari buzilmagan boshqa xonadon sohiblari ham muammolarni tezroq hal qilishda yordam berishni so‘rashdi. 

Andijon shahar hokimligida

Shahar hokimligining qurilish bo‘limida bo‘lib, mutasaddilardan yuqoridagi holat yuzasidan izoh so‘radik.

«Mustaqillik» MFYdagi eski «barak» uylar buzilishga tushgani uchun Bog‘ishamol hududida namunali loyihalar asosida yangi turar joy obektlari qurib bitkazilgan.  «Mustaqillik» MFYning Bektosh Rahimov ko‘chasida yashovchi fuqarolar bilan shahar hokimligi mutasaddilari bir necha marta suhbat olib borganmiz. Ularga taklif sifatida qonunda belgilangan tartibda ularning turar joyidan kam bo‘lmagan holatda uy-joy taklif qilib, yoki bozor narxida baholatib tovon puli berish belgilangan. Shu qaror asosida o‘sha hududga borib, fuqarolarni to‘plab, o‘rganib, baholash xizmatini olib bordik. Baholatgandan so‘ng, shu pulni olasizlar deyilgan.

Ular Bog‘ishamol hududidagi turar joylarni rad qilishdi. Baholatilgan summadan qoniqishmayotgani yoki bozor bahosidagi summadan ikki barobar ko‘p baholatishni ko‘zlashgani uchun hozirda muammo yechilmay turibdi. Aynan o‘sha Bektosh Rahimov ko‘chasidagi qurilish ishlari olib borilayotgan joylarda 2020 yilning oxiriga «Andijon Siti» qurib bitkazilishi rejalashtirilgan. Bu masalani hal qilish maqsadida o‘sha hududga takliflar bilan 5-6 marta bordik. Shahar hokimi, uning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, matbuot xizmati, mahalla vakillari va xususiy baholash xizmati vakilini ham ular bilan suhbat olib borgan. Baholatib berishini taklif qildik. O‘sha jarayonda hududdagi bir necha oila baholatib, pulini olib, uylarini buzib chiqib ketishdi. Ayni paytda 8ta xonadon muammosi yechilmay turibdi. Muammo yechilmasligining asosiy sababi, ular uylarini katta summada baholashni talab qilishayotganida», deydi Andijon shahar hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Baxtiyor Soliyev.

Hokimlik vakili vaziyatga oydinlik kiritish uchun bizga xususiy baholash xizmatining Farrux ismli xodimi telefon raqamini berdi.

Biz xususiy baholash xizmati xodimi bilan telefon orqali bog‘landik. Xodim negadir tashkiloti nomi va o‘z ismi familiyasini aytishni xohlamadi.

Uning izohi esa quyidagicha bo‘ldi: «O‘tgan yili «Mustaqillik» MFY hududiga borib, o‘sha xonadonlarni rasmiy ravishda emas, xomcho‘t qilib baholagandim. 18-uyni esa 380 million so‘m miqdorida hisoblaganman. Lekin uy egalari bundan norozi. Sababi, ularning hisob-kitobi bo‘yicha uylarining summasi baland bo‘lishi kerak ekan. Ular 600 million so‘m atrofidagi narxni o‘ylashyapti. Ularga uyning haqiqiy bahosi u summaga yetib bormasligini aytdim.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, shahar hokimi chaqirtirdi va yana baholab berishimni so‘radi. Joriy yil koeffitsiyenti bo‘yicha 400 million so‘mga baholadik. Uy egalariga shu summaga baholanayotganini aytganimizda, rozi bo‘lishmadi. Ular yana 60 ming AQSh dollari miqdorida baholatib berishimni talab qilishdi. Men esa unamadim. Javobgarlikdan qo‘rqishimni aytdim», deydi xususiy baholash xizmati vakili.

Lekin uning so‘zlari qay darajada haqiqatligini bila olmaymiz. U baholovchi tashkilot nomi, o‘z ismi-sharifini aytishni istamadi. Yana uylarni rasmiy ravishda baholamaganini aytdi.

Xulosa

«Andijon Siti» shu yil qurib bitkazilishi kerak. Yilning beshinchi oyi ketayotgan bo‘lsa-da, ma'lum muammolar sabab, 8 xonadon hali ko‘chgani va ularning uylari buzilgani yo‘q.

Muammoli holat sababi aniq, uy egalari o‘z xondonlari shahar markazida bo‘lgani uchun markazdan uy talab qilishmoqda. Ular baholovchi taklif qilgan summaga shahar markazidan uy sotib ololmasliklarini ta'kidlashdi. Mavjud qonun va tartibga ko‘ra shahar hokimligi turar joyidan kam bo‘lmagan holatda uy-joy taklif qilib yoki bozor narxida baholatib tovon puli berish belgilangan.

Shahar hokimligi vaziyatni to‘g‘ri baholab, muammoli holatdan chiqib ketish yo‘lini izlashi lozim. Chunki, «Mustaqillik» mahallasidagi xonadonlar jadal qurilish ketayotgan joyda juda yomon sharoitda yashashmoqda.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid