O‘zbekiston | 20:31 / 03.08.2020
62870
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada karantin qoidalari yumshatildi

Farg‘onada buyum bozorlari, xususiy bog‘chalar, go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar o‘z faoliyatini boshlagan.

Farg‘ona viloyatida xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlari, buyum va chorva mollari, qurilish mahsulotlari bozori, sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ruxsat berildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, 3 avgust kuni Farg‘ona viloyatidagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda karantin qoidalarini bosqichma-bosqich yumshatish maqsadida koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish shtabining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilish bayoniga muvofiq, 3 avgust kunidan boshlab Farg‘ona viloyatida hududidagi xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlari, buyum va chorva mollari bozorlari, qurilish mahsulotlari savdo majmualari hamda sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ruxsat berilgan.

Viloyatda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatiladi. Bozorlar, savdo majmualari, go‘zallik salonalari, sartaroshxonalar va xususiy bog‘chalar belgilangan karantin qoidalariga qat'iy rioya etishi shart hisoblanadi. Ya'ni kirish eshigiga dezinfeksion tunellar o‘rnatish, har bir xodim va tashrif buyuruvchilarning shaxsiy himoya vositalari – niqoblarda bo‘lishlari, ijtimoiy ikki metrlik masofani saqlashlari, bir-birlari bilan qo‘l berib so‘rashmaslik talab etiladi.

 

Mavzuga oid