O‘zbekiston | 17:06 / 15.02.2024
20857
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda 13 fevral kuni qariyb 1 mln o‘quvchi maktabga bormagan” - vazirlik rasmiysi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov ma’lumotiga ko‘ra, darslarga kelmagan qariyb 1 mln o‘quvchining 800 mingdan ortig‘i sababli, salkam 95 mingi esa maktabga sababsiz ravishda bormagan. Ta’kidlanishicha, endilikda bu bolalar bilan Milliy gvardiya xodimlari ishlab, ularni maktabga qaytarish chorasini ko‘radi. 

Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati IIVdan Milliy gvardiyaga o‘tkazilgani munosabati bilan 14 fevral kuni AOKAda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Milliy gvardiya xodimlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Unda mas’ullar Kun.uz muxbirining jarayonda nima sabab dastlab davomatni yaxshilashga e’tibor qaratilayotganiga oid savoliga javob berdi. 

Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i Zafar Alimovning aytishicha, bu vaziyatda ishni davomatdan boshlash to‘g‘ri. 

“Ishni nimadandir boshlash kerak? Milliy gvardiya organlariga maktabga muntazam ravishda kelmayotgan bolalar bilan ishlab, ularning sharoitini o‘rganib, maktabga qaytarish vazifasi yuklatilgan. Deylik, shunday qilmoqchimiz. Bolalardan kim kelmayapti, kim kelayotganini aniqlash uchun davomat[ni bilish] degani. 

Boshida juda ko‘p joylarda 30 foizga yaqin bolalar kelmayotgani aytildi. Lekin o‘rganib ko‘rganimizda, 30 foizga yaqin bolalarning kelmayotganlik sabablari ajratib olingan”, – dedi u. 

Alimov bu boradagi aniq statistik raqamlarni keltirmadi. Ma’lumot uchun, respublika bo‘yicha jami 6,5 mln nafar o‘quvchi va 10 mingdan ortiq maktab bor. 

Xodim maktab ta’limidan norozi bo‘lib, bolalarini noqonuniy diniy ta’lim muassasalarida o‘qitish holatlarini ham aniqlash muhimligini ta’kidladi. 

“Biz ularni aniqlab olishimiz, ular bilan qanday ishlashimizni rejalashtirib olishimiz kerak. Shu bilan birga, oilaviy marosimlari, to‘y-hasham, ma’raka bo‘lishi mumkin. Ular bilan ishlaymizmi yoki yo‘q? Biz o‘zimiz ishlaydigan bolalar kontingentini ajratish va ular bilan ishlashning alohida yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak. Har bitta bolaga alohida yondashishimiz kerak”, – dedi u. 

Shuningdek, Zafar Alimov elektron tizimda bolalar davomati 95-98 foiz qilib yozilgan bo‘lsa-da, asl holatda kelmaydigan o‘quvchilar soni ko‘proq ekanini aytib o‘tdi. 

“O‘ziga yarasha sabablar bilan [raqamlar orasida] tafovut yuzaga keldi. Hozirgacha 1 hafta o‘tgan bo‘lsa, biz bu tafovutlarni to‘g‘rilab oldik. Maktab o‘qituvchilarining davomat belgilashi va kundalik.com dasturiga kiritishini tartibga keltirib oldik. Endi biz muntazam ravishda kelmayotgan, qaysidir sabablar bilan chet elga yoki boshqa hududga chiqib ketgan o‘quvchilarning hammasini o‘rganamiz. O‘rganganimizdan keyin sizga statistik ma’lumotlarni yetkazamiz”, — dedi Milliy gvardiya vakili. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov esa bir kunlik davomat statistikasini ochiqladi. Unga ko‘ra, 13 fevral sanasida kundalik.com platformasida salkam 1 mln nafar bola maktabga bormagani qayd etilgan. 

“Raqamlarda aytadigan bo‘lsak, jarayon boshlangan vaqtda haqiqatan ham yuqori soxta raqamlar aniqlangandi. 13 fevral kungi davomatni aytishim mumkin, kundalik.com'dagi ko‘rsatkichga ko‘ra, respublika bo‘yicha 6 mln 386 ming 163 nafar o‘quvchi bo‘lsa, kundalik.com'ning o‘rtacha 85,4 foizi bo‘lyapti-da, qariyb 14-15 foiz bolamiz kelmayapti. 

929 ming 999 nafar bola respublika bo‘yicha 1 kunda maktabga bormayapti. Ular bilan sinf rahbari bog‘lanib, aniqlashtirganda 835 ming 215 nafari sababli bo‘lyapti, 94 ming 784 nafar sababsiz darsga kelmayapti”, – dedi u.

Kamolovga ko‘ra, muntazam ravishda maktabga bormayotgan bolalar bilan Milliy gvardiya xodimlari ishlashi va nima sabab ta’lim jarayonida ishtirok etmayotganining sabablari o‘rganilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid