O‘zbekiston | 18:02 / 16.12.2020
41605
3 daqiqa o‘qiladi

Eksportni qisqartirib, gazni aholi ehtiyojlariga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida qishga tayyorgarlikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hal etish masalalari tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilishda sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, energiya resurslari ta'minotini yaxshilash choralari muhokama qilinmoqda.

Qish mavsumida tarmoq va hududlarda uzluksizlikni ta'minlash uchun sutkasiga 10-12 million kilovatt-soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Bu quvvatni «Toshkent», «Sirdaryo», «Yangi Angren» elektr stansiyalaridagi 900 megavattli 5ta energoblokni ishga tushirish hisobidan ta'minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Uzilishlarga, asosan, taqsimlovchi tarmoqlarning 60 foizi eskirgani hamda elektr energiyasiga talabning oshib borayotgani sabab bo‘lmoqda. Shu bois past va o‘rta kuchlanishli tarmoqlarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, ijrosiga tezroq kirishish zarurligi ta'kidlandi.

Qashqadaryo va Farg‘onada – 3 ming kilometrdan, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatida – 2,5 ming kilometrdan, Qoraqalpog‘iston, Namangan va Xorazmda – 2 ming kilometrgacha past kuchlanishli liniyalar foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan.

«Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda gaz ta'minotida sutkasiga 20 million kub metr tanqislik mavjud. Oqibatda mingdan ziyod mahallada tabiiy gaz bosimi pasaygan.

Gaz tizimi bilan bog‘liq muammolar bugun yuzaga kelmagani, balki o‘ttiz yildan beri bizni qiynab kelayotganidan barchamiz xabardormiz. Lekin buni bahona qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Xalqimizga gaz kerak, ularning ko‘pchiligi buning uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida halol qilib, to‘lab kelmoqda», – deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari pandemiya boshlanganidan beri biz gaz sotilmayotganini va asosan aholi ehtiyojlari uchun sarflanayotganini ta'kidladi. Soha mutasaddilariga hududlarga chiqib, muammolarni bevosita o‘rganishlar zarurligini bildirdi.

Gaz eksportini qisqartirib, avvalo aholi ehtiyojlarini qondirish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Buning hisobiga kuniga 7-8 million kub metr tabiiy gaz qo‘shimcha ravishda hududlarga yo‘naltiriladi.

«Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda gaz ta'minotida sutkasiga 20 million kub metr tanq́islik mavjud. Shuning uchun, kuni-kecha gaz eksportini qisqartirish bo‘yicha topshiriq berdim. Buning hisobiga, kuniga 7-8 million kub metr gaz qo‘shimcha ravishda aholi ehtiyoji uchun yo‘naltiriladi», degan prezident.

Shuningdek, aholi ehtiyojini qoplash uchun yana 217 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish vazifasi qo‘yilgan.

Samarasiz ishlayotgan 25ta konni investorlarga «risk-servis kontrakt» shartlari asosida berib, tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish mumkinligi aytildi.

Mavzuga oid