O‘zbekiston | 17:43 / 13.04.2021
8379
3 daqiqa o‘qiladi

 Yoshlarni ishga oluvchi tadbirkorlar uchun imtiyozlar berildi

1 maydan agar korxona va kompaniyalar yoshlarni ishga qabul qilsa, korxonalarga ushbu xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi, shuningdek, «Yoshlar daftari»ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini ta'minlagan tadbirkorlarga davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi. Birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazlari bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig‘idan ozod etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar masalasida videoselektor yig‘ilishida Buxoro viloyatidagi holatni ham tanqid qildi va yoshlar bilan ishlash ko‘ngildagidek bo‘lmagan hududlar rahbarlarining bir oylik ish haqlarini olib qolish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Buxorodagi aksariyat tumanlarda yoshlar bilan ishlash ko‘ngildagidek emas. Viloyat hokimiga topshiriq – bu tumanlar hokimlarining bir oylik ish haqlari olib qolinsin. Yoshlar bilan shug‘ullanmayaptimi, unaqa xiyonatchilar bizga kerak emas.

Qo‘chqorov, Ishmetov, Husanov, Yoshlar agentligi bir oy muddatda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish va bandligini ta'minlash bo‘yicha quyidagi yangi mexanizmlarni joriy etishi zarur va shart.

Jumladan, 1 maydan boshlab agar korxona va kompaniyalar yoshlarni ishga qabul qilsa, korxonalarga ushbu xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi.

Bu orqali joriy yilda kamida 500 ming yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish mexanizmi yaratiladi va tadbirkorlar ixtiyorida bir yilda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qoladi.

Bunda Samarqand, Farg‘onada – 110 milliard so‘mdan, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryoda – 95 milliard so‘mdan, Toshkent viloyatida – 80 milliard so‘m, Namangan, Toshkent shahrida – 70 milliard so‘mdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoroda – 65 milliard so‘mdan, Xorazmda – 60 milliard so‘m, Jizzax, Navoiyda – 40 milliard so‘mdan, Sirdaryoda – 20 milliard so‘m mablag‘ tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.

Shuningdek, 1 iyundan boshlab, «yoshlar daftari»ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot o‘taganda, ularga 500 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazlari bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi», deya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, 1 maydan boshlab «Yoshlar daftari»ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini ta'minlagan tadbirkorlarga davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi.

Shu bilan birga, 1 maydan boshlab, xodimlari sonining kamida 70 foizi «yoshlar daftari»ga kirgan yosh tadbirkorlarga davlat mulki auksionsiz beriladi va ulardan 5 yil davomida ijara haqi undirilmaydi.

Bundan tashqari, 1 maydan boshlab, yoshlarga tadbirkorlik faoliyatiga kerakli asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 10 million so‘mgacha subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, ijaraga bino olib, o‘z biznesini boshlayotgan yoshlarga, bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi.

Mavzuga oid