Jahon | 16:39 / 05.05.2023
35792
3 daqiqa o‘qiladi

«Shoygu, Gerasimov, ***, o‘q-dorilar qani?» – Prigojin jasadlar fonida Rossiya harbiy qo‘mondonligini haqorat qildi

Rolikda u o‘q-dorilar yetishmovchiligi 70 foizga yetganini aytgan va RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga bir necha bor «la’natilar» deya murojaat etgan.

Foto: PRESS SERVICE OF “CONCORD\/VIA REUTERS

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya harbiy rahbariyatini haqorat qilib video e’lon qildi. U 4 may kuni o‘ldirilgan vagnerchilar jasadlari uyumini ko‘rsatib, ularning fonida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovni haqorat qilgan.

«Bular bugungi janglarda o‘lgan «Vagner» jangchilari. Ko‘ring, hali qoni ham qotmagan. Endi meni eshitinglar, ***lar, bular kimningdir otasi, kimningdir o‘g‘li. O‘q-dori bermayotgan marazlar esa do‘zaxda ularning ichak-chavog‘ini yeydi. Bizda 70 foiz o‘q-dori yetishmayapti. Shoygu, Gerasimov, ***lar, qani o‘q-dori? Mana bularga qaranglar, ***lar.

Siz hayvonlar qimmat klublarda o‘tirasiz, o‘g‘illaringiz hayotdan rohatlanadi, yutubda roliklar oladi. O‘q-dori saqlanayotgan omboringiz borligi uchun o‘zingizni hayotning egalari va mana bu yotganlarning hayotini tugatishga haqli deb o‘ylaysiz.

Oddiy hisob-kitob bor – qurol-yarog‘ bersangiz, o‘liklar soni besh baravar kam bo‘ladi. Ular bu yerga ko‘ngilli sifatida kelgan va qizil yog‘ochli kabinetingizda pishqirib yotganingiz uchun o‘lib ketishdi. Buni unutmang», deb yakunlagan Prigojin o‘z nutqini jazava bilan.

«Vagner» asoschisining videosi uning axborot xizmatiga tegishli kanalda e’lon qilingan va hozirga qadar 2,8 million martaga yaqin ko‘rilgan.

Bir kun avval Prigojin vagnerchilar Baxmutdagi janglar vaqtida kun davomida 230 metr siljigani va 116 nafar askarini yo‘qotganini aytgandi.

«Kuchli snaryad yetishmovchiligi his qilyapmiz. Mudofaa vazirligi bizga snaryad bermayapti, Ukraina cheksiz odamlar va snaryad bilan qarshi hujumni boshladi», degandi Prigojin.

Rossiyalik harbiy muxbirlar esa Ukraina Zaporijjya va Vuhledar yo‘nalishlarida hujumni kuchaytirgani haqida yozmoqda.

Mavzuga oid