Jahon | 09:36 / 12.02.2022
56917
4 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston prezidenti hokimiyatni o‘g‘liga topshirishga qaror qildi. U davlat boshqaruviga yoshlar kelishini aytdi

Foto: Kun.uz

11 fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamenti oliy palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Turkmaniston davlat axborot agentligi.

Yig‘ilish yakunida, 2022-2052 yillarda davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish milliy dasturi qabul qilingandan so‘ng, prezident Gurbanguli Berdimuhammedov so‘z oldi.

U bundan roppa-rosa 15 yil avval prezident etib saylanganini qayd etib, charchaganiga ishora qildi.

«Mana 15 yildan buyon Turkmaniston prezidenti sifatida eng yuqori va o‘ta mas’uliyatli lavozimda ishlayapman. Shu bilan birga, men Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi, Davlat xavfsizlik kengashi raisi, Turkmaniston Qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni, Turkmaniston xalq maslahati milliy kengashi raisi vazifalarini bajaryapman», — deya Berdimuhammedovning so‘zlari keltirilgan rasmiy xabarda.

Turkmaniston prezidenti davlatni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda yoshlarga katta umid bog‘lashini, bundan ikki yil avval payg‘ambar yoshiga yetganini va senatorlar bilan o‘zi haqidagi qiyin qarorni muhokama qilmoqchi ekanligini ta’kidladi. 

«Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat boshqaruvi sari yo‘lni ma’naviy muhitda va zamonning yuksak talablari asosida tarbiyalangan yosh yetakchilarga berish kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlayman. Men Xalq maslahati raisi sifatida katta hayotiy va siyosiy tajribamni bundan buyon ham shu sohaga yo‘naltirish niyatidaman», — dedi Gurbanguli Berdimuhammedov.

O‘tgan yildan beri Turkmaniston parlamenti yuqori palatasi bo‘lib kelayotgan Xalq maslahatining navbatdan tashqari sessiyasi 11 fevral kuni, Berdimuhammedov hokimiyatga kelganining 15 yilligi kuni bo‘lib o‘tdi. 

Yanvar oyi boshida navbatdan tashqari sessiya o‘tkazilishi e’lon qilinganidan beri, qo‘shni Qozog‘istonda tartibsizliklar davom etar ekan, ko‘pchilik 64 yoshli Berdimuhammedov o‘zi raislik qilayotgan parlament yuqori palatasi vakolatlaridan foydalangan holda hokimiyatni o‘z o‘g‘li Sardor Berdimuhammedovga o‘tishiga yo‘l ochuvchi qarorlar qabul qilish niyatida ekanini kutgan edi.

O‘tgan yilning sentyabrida 40 yoshga to‘lgan Sardor Berdimuhammedov endi konstitutsiyaga ko‘ra eng yuqori davlat lavozimiga da’vogarlik qilish huquqiga ega. Bundan roppa-rosa bir yil avval, 2021 yilning 11 fevralida otasi uni bosh vazir o‘rinbosari va hukumatdagi boshqa bir qator muhim lavozimlarga tayinlaganidan so‘ng, Sardorning siyosiy karerasida jiddiy o‘sish kuzatildi. 

Turkmaniston prezidentining so‘zlaridan u o‘z tajribasidan faqat Xalq maslahatida ishlashda foydalanmoqchimi yoki hokimiyatni imkon qadar tezroq yosh avlodga topshirishni nazarda tutganmi, hozircha aniq emas. 

E’tiborlisi, Berdimuhammedovning o‘zi raislik qilgan parlament yuqori palatasi navbatdan tashqari sessiyasi faqat davlat televideniyesi yangiliklar dasturining kechki sonida ko‘rsatilgan. 

Shuningdek, sessiyada «2022-2052 yillarda davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning Milliy dasturi» qabul qilingani ham xabar berilgan. «Suveren davlat yangi davrining tiklanishi» deb nomlangan ushbu dasturni Sardor Berdimuhammedov taqdim etgani ham e’tiborga molik. 

Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanistonda hokimiyat tepasiga 2006 yilda, mamlakat birinchi prezidenti Saparmurod Niyozov vafotidan keyin prezident vazifasini bajaruvchi sifatida kelgan edi.  

Mavzuga oid