Xususiy oliy ta’lim: tijoriy manfaat va sifatli ta’lim muvozanati qanday topiladi?
O‘zbekistonda xususiy oliygohlar ko‘payib borarkan, ularning aksariyati ko‘proq talaba qabul qilib, daromadni maksimallashtirish va ta’lim sifatini ta’minlash dilemmasi qarshisida qolmoqda. Xo‘sh, o‘z qadriyatlariga ega ilm dargohi bo‘lish va tijoriy maqsadlar o‘rtasidagi muvozanatga qanday erishish mumkin? Siyosiy fanlar doktori Bekzod Zokirov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.
Xususiy sarmoyaning kirib kelishi – oliy ta’limimizdagi eng katta yutuqlarimizdan biri. 2016 yilda boshlangan bozor munosabatlari borasidagi islohotlar uchun oliy ta’lim qulay soha bo‘ldi. Sababi oddiy: yildan yilga o‘sib borgan talabga qaramasdan, davlat universitetlarida o‘rnatilgan qabul kvotasi jamiyatda millionlab o‘qimaganlar “bozori”ni paydo qildi. Raqamlar: 2023 yilda davlat universitetlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 986 mingdan oshgan bo‘lsa-da, ularga ajratilgan qabul kvotasi 381 mingtani tashkil qilgan.
Oliy ta’lim qamrovini oshirish uchun xususiy universitetlarga nafaqat kunduzgi, balki sirtqi ta’limni tashkil qilishga ruxsat berilishi bu bozorni biznes uchun juda jozibali qilib yubordi. Muqobil taklifi bo‘lmagan yoshlarga bilim berib, jamiyatda ijobiy o‘zgarish qilish kabi xayrli ish asosiga biznes qurish va bu orqali daromad topish har bir tadbirkorning orzusi bo‘lsa ajabmas. Shu sababli ham, taklifga mutanosib ravishda xususiy universitetlar soni so‘nggi 6 yil ichida 85 tadan oshib ketdi.
Xususiy oliy ta’lim bozori
Fikrimcha, muammoga kirishdan oldin oliy ta’lim bozorining umumiy ko‘rinishi va undagi ishtirokchilarga to‘xtalib o‘tish lozim.
Yaqin yillargacha O‘zbekistonning oliy ta’limi ikkita asosiy o‘yinchining hukmronligi ostida bo‘lgan: davlat universitetlari va kam sonli xalqaro universitetlar filiallari. Eski qolipdan endigina qutulishni boshlagan davlat universitetlari yillar davomida zamon talabiga mos kelmaydigan darsliklar, malakali mutaxassislar taqchilligi va erkin tadqiqot qilishga qo‘yilgan to‘siqlar girdobida qolib ketgani ko‘p bahs qilingan.
Boshqa tarafdan, 2000-yillar boshlaridan bozorga yangi kadrlar tayyorlash zarurati bilan xalqaro standartlar asosida ta’lim beruvchi chet el universitetlarining filiallari kirib kela boshladi. Poytaxtning shinam hududlarida joylashgan xalqaro universitetlar zamonaviy sharoit, malakali professorlar va ingliz tilidagi ta’lim bilan xalq orasida yaxshigina obro‘ga erishib, hammani o‘ziga mahliyo qilgan bo‘lsa-da, grantlar kamligi va narxning qimmatligi bu muassasalarda o‘qishni oddiy qatlam uchun imkonsiz qildi.
2018 yildagi islohotlardan keyin bozorda yangi o‘yinchi – xususiy universitetlar paydo bo‘la boshladi va ular qisqa muddatda bozor dinamikasini o‘zgartirib yubordi. Fikrimcha, davlat yoki xorijiy sarmoya aralashgan universitetlarni hisobga olmaganda, bugungi kunda oliy ta’lim bozorida paydo bo‘lgan xususiy universitetlarni uch turga bo‘lib tahlil qilish mumkin.
Hajm jihatidan yirik hisoblangan birinchi turdagi universitetlar ortida odatda sobiq yoki ayni paytdagi amaldorlar turadi deb taxmin qilish mumkin. Nisbatan kichik va o‘rta hajmga ega ikkinchi turdagi universitetlar ortida yetarli sarmoya orqali mavjud imkoniyatdan unumli foydalangan tadbirkorlar qatlami turadi. Bu qatlam yillar davomida ta’lim sohasida faoliyat yuritib tajriba va sarmoya to‘plagan yoki boshqa bizneslardan kelgan sarmoyasini jozibasi oshib borayotgan ta’lim sohasiga tikayotgan tadbirkorlarni o‘z ichiga oladi. Va nihoyat, xalqaro universitet maqomiga erishishga da’vogar bo‘lgan uchinchi turdagi universitetlar ortida katta moliyaviy qudratga ega yirik biznes egalari turadi.
Asosiy muammo – boshqaruv
Albatta, son ko‘p narsani hal qilmaydi. Qo‘shni davlatlar tajribasi ko‘rsatdi – turli qiyinchiliklar bilan faoliyat boshlagan xususiy universitetlar jiddiy sinovlar qarshisida turadi. Ushbu sohada faoliyat yuritgan mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, bugungi kunda xususiy universitetlar oldida turgan eng og‘riqli masala – jamiyatning ishonchsizligi yoki sohani tartibga solishdagi noaniqlik emas, balki universitet boshqaruvi. Boshqacha aytganda, moliyaviy manfaat va sifatli ta’lim o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan boshqaruvni joriy qilish endilikda xususiy universitetlar uchun asosiy masalaga aylanadi.
Xususiy universitetlar turfa xil bo‘lsa-da, ularni daromad topishdan tashqari yana bir vazifa doimo birlashtirib turadi: ta’lim olish istagidagilarni ma’lum mezon bo‘yicha saralab olish va sifatli ta’lim orqali mehnat bozoriga malakali kadr va jamiyatga manfaat keltiradigan inson qilib tarbiyalash. Universitetlar oldida turgan ushbu oliy vazifaga eltuvchi yagona vosita – samarali va tizimlashgan boshqaruvni joriy qilish ekani shubhasiz. Lekin samarali boshqaruv tajribasi kam bo‘lgan mamlakatda bu oson emas.
Xususiy sarmoyaga asoslangan universitetlardagi samarali boshqaruv uchun fundamental masala – investorlarning daromad topish xohishi bilan professor-o‘qituvchilarning sifatli ta’lim berish borasidagi ziddiyatni yechish hisoblanadi. Buni qisqa qilib tushuntirishga harakat qilaman.
Daromad topish maqsadidagi investorlar odatda universitet faoliyatiga biznes sifatida qarashadi. Shuning uchun ular ko‘proq talaba qabul qilib, tezroq moliyaviy barqarorlikka erishish payida bo‘lishadi. Buning aksi o‘laroq, professor-o‘qituvchilardan iborat universitetning akademik jamoasi universitetlarga erkin ilmiy muhit va mustaqillikni ta’minlaydigan maskan sifatida qarashadi. Asosiy maqsadi talabalarga sifatli ta’lim berish bo‘lgani uchun, akademik jamoa sifatni sondan afzal ko‘radi.
Bu ikki xil qarash o‘rtasidagi ziddiyat universitet boshqaruvining turli jabhalarida namoyon bo‘ladi. Ziddiyat odatda fakultetlarga budjet taqsimlash, talaba qabul qilish mezoni, erkin tarzda professor-o‘qituvchilarni yollash va o‘quv dasturlar ishlab chiqish kabi masalalarda kelib chiqadi. Investorlar tijoriy manfaatlarni oldinga surish maqsadida butun jarayonga ta’sir o‘tkazadigan boshqaruvni ma’qul ko‘rishsa, professor-o‘qituvchilar jamoasi ilmiy qadriyatlar va tamoyillarni himoya qiladigan shaffof va demokratik boshqaruvni afzal ko‘rishadi.
Xo‘sh, bizdagi mavjud xususiy universitetlarda ahvol qanday? Bu savolga bugungi kunda xususiy universitetlarda paydo bo‘lgan boshqaruv modelini tahlil qilish orqali javob berish mumkin. Umumlashtiradigan bo‘lsak, yangi tashkil etilgan xususiy universitetlarning ko‘pchiligida tijoriy maqsadlarni olg‘a suruvchi boshqaruv shaklini kuzatamiz. Bunday boshqaruvga asoslangan universitetlarda quyidagilar kuzatiladi:
- Universitetni ko‘proq taniqli professor-o‘qituvchilar emas, balki asoschilarga yaqin shaxslar shakllantirgan.
- Universitetning muhim qarorlari jamoaviy tarzda emas, balki sarmoya kiritgan yakka shaxslar yoki ularning vakillari tomonidan qabul qilinadi.
- Sarmoyador yoki ularning vakillari universitetning deyarli barcha ichki ishlariga noo‘rin va tez-tez aralashadi.
- Kirish imtihonlari, universitetga qabul shartlari va ta’lim sifati borasidagi qarorlar universitetning ta’lim borasidagi prinsip va qardiyatlariga emas, balki sotuvni oshiradigan marketingga asosan tuziladi.
- Boshqaruv richaglari aslida professor-o‘qituvchilar jamoasiga xizmat ko‘rsatishi lozim bo‘lgan ma’muriy bo‘limlarda to‘plangan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar faqat dars berish bilan mashg‘ul. Ya’ni professor-o‘qituvchilar jamoasining universitet faoliyatiga ta’sir qiladigan qarorlarda ishtiroki juda sust yoki yo‘q.
Qisqa qilib aytganda, hozirda ko‘pchilik xususiy universitetlar oddiy korxonalarga xos bo‘lgan qo‘l boshqaruvini joriy qilib, minglab talabalar orqali daromad topishga asoslangan biznes holiga kelib qolgan.
Tijoriy maqsadlar bilan sifatli ta’lim muvozanatini ta’minlaydigan professor-o‘qituvchilar jamoasi esa boshqaruv qarorlaridan deyarli chetlashtirilgan.
Bu esa universitetlarning tom ma’noda ilm va tadqiqot markaziga aylanishlariga to‘sqinlik qilyapti.
Yechim qayerda?
Universitetlar endilikda haqiqiy ilm markaziga aylanishlari uchun yakka shaxslarga asoslangan boshqaruvdan tizimlashgan, jamoaviy boshqaruvga o‘tishi kerak. Xo‘sh, buni qanday amalga oshirish mumkin?
Buning uchun universitetlar oddiy korxonalardan farq qilishini tushunish lozim.
Birinchidan, korxonalardan farqli ravishda, universitetlar o‘z mohiyatiga ko‘ra olimlar jamoasidan iborat tashkilot hisoblanadi. Ilm maskanlari o‘laroq universitetlar, akademik jamoalar keng jamoatchilikka xizmat qilishi kerak. Shu sababli universitet qarorlari asosiy manfaatdor tomonlarning manfaatlari yo‘lida qabul qilinishi kerak.
Ikkinchidan, universitetlar jamiyat oldida javobgar bo‘lgani uchun uning faoliyati samarasi faqatgina daromad bilan emas, balki talabalar muvaffaqiyati, tadqiqotlar va jamiyatga ijobiy ta’siri bilan o‘lchanishi kerak. Shu o‘rinda aytish lozim, daromad manbayi faqat talabalarning o‘qish to‘lovidan iborat bo‘lgan universitet moliyaviy jihatdan o‘zini oqlamaydi.
Misol uchun, AQShdagi kuchli universitetlarning deyarli barchasi notijorat tashkilot bo‘lib, talabalar o‘qish to‘lovidan keladigan mablag‘ universitet umumiy daromadining atigi 8-10 foizini tashkil qiladi. Bu – ta’lim dargohlarining tarixiy tajribasi, ilmiy an’anasi turli akademik rahbariyat davrida shakllanganini ko‘rsatadi.
Bu tajribadan o‘rnak olib, xususiy universitetlarimiz ta’lim sifatini keyingi bosqichga olib chiqish va yangi ilmiy an’ana yaratishlari uchun boshqaruvda quyidagi o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich kiritishlari lozim.
Birinchi navbatda, boshqaruv asoschi-sarmoyador, ma’muriyat va akademik jamoa o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga asoslanishi lozim. Universitet ma’muriyati va professor-o‘qituvchilar jamoasi asoschilarning universitet tashkil qilish uchun qilgan sa’y-harakatlarini olqishlashi lozim. Shu bilan birga, asoschi va/yoki ularning vakillari ham professor-o‘qituvchilar jamoasining ta’lim sifatini nazorat qilish borasidagi istaklarini to‘g‘ri qabul qilishi kerak. Asoschilar o‘z qadriyatiga ega mustahkam universitet paydo bo‘lishi uchun fikr hurligi, erkin ilmiy muhit va qarorlarda jamoaviylik muhimligini anglab yetishlari lozim.
Mashhur tadbirkorning so‘zi bilan aytganda, universitet asoschilari o‘z shaxsiyat va qarashlarini professional tashkilot sifatida shakllanayotgan universitetning shaxsiyatidan ajratishlari lozim. Shuning uchun ham Harvard yoki MIT kabi universitetlar o‘z asoschilari bilan emas, balki ularni mashhur qilgan professorlari bilan maqtanadi. Shundan kelib chiqib, asoschilar avvalo qaror qabul qilishda yakka shaxslarga asoslangan boshqaruvdan voz kechib, strategik qarorlarni malakali mutaxassislardan tashkil topgan vasiylik kengashi orqali jamoaviy tarzda qabul qilishga o‘tishlari lozim. Vasiylik kengashi esa tijoriy manfaatlar va ta’lim sifati borasidagi muvozanatni ushlaydigan rektorni tayinlashi lozim.
Tayinlangan rektor ichki boshqaruvda jamoaviy qaror qabul qilish mexanizmini ishlab chiqqan holda, ma’muriy ishlarni professional jamoaga erkin qo‘yib berishi lozim. Universitetga qabul, darsliklar va o‘qitish borasidagi barcha ilmiy masalalar to‘laqonli tarzda ilmiy kengash va mustaqil faoliyat yuritadigan fakultet boshqaruviga berilishi zarur.
Shuni ta’kidlash kerakki, fakultetlar va professor-o‘qituvchilar jamoasiga ta’lim siyosatini shakllantirish borasida mustaqillik berilmas ekan, universitetlar tom ma’noda ilm dargohi sifatida shakllanmaydi.
Kuchli jamoa nafaqat universitetlar, balki kompaniyalar muvaffaqiyati uchun ham muhim omil ekanini tadqiqotlar ham ko‘rsatadi. Jim Kollinz o‘zining “Oddiylikdan buyuklikkacha” nomli mashhur kitobida buyuk kompaniyalarning muvaffaqiyatini tahlil qilar ekan, tashkilotlarni avtobusga, ularning strategiyasini esa avtobus manziliga o‘xshatadi. Kollinzga ko‘ra, buyuklikka erishadigan kompaniyalar rahbarlari “qayer” emas, balki “kim bilan” degan savolni berishadi. Boshqacha aytganda, muvaffaqiyatli universitetlar avvalo o‘z “avtobusi”da malakali professorlar yig‘ilganiga ishonch hosil qilishadi, keyin manzilni belgilashadi. Shu sababli ham, kuchli professorlar dunyoga mashhur universitetlar faoliyatining markazida turib, ularning borligi talabalarni jalb qilish uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Xulosa
O‘zbekistonning xususiy oliy ta’lim bozoriga yangi o‘yinchilar kirib keldi. Ushbu bozorga kirib kelgan xususiy universitetlar moliyaviy barqarorlikka erishish bosqichidan o‘tib, endilikda tizimli boshqaruv orqali ta’lim sifatini ta’minlash bilan bog‘liq muhim bosqich oldida turishibdi.
Tijoriy maqsad va sifatli ta’lim o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan boshqaruvni o‘rnata olgan universitetlargina qadriyat va an’analarni shakllantirishlari va haqiqiy ilm maskaniga aylanishlari mumkin.
Bekzod Zokirov,
siyosiy fanlar doktori,
Tokio universiteti bitiruvchisi
Mavzuga oid
08:09 / 16.11.2020
Bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng katta o‘sish ikki viloyatda qayd etildi
00:18 / 16.11.2020
Talabalar - poytaxtning asl uysizlari
17:02 / 14.11.2020
OTMda onlayn yoki oflayn ta'lim shaklini tanlash bo‘yicha kimga murojaat etilishi haqida izoh berildi
16:44 / 14.11.2020