O‘zbekiston | 08:28 / 17.11.2021
6229
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilayotgan ikki qavatdan yuqori binolar vibrodinamik uskuna yordamida tekshiriladi

Foto: business.bg

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta'minlash sohalarini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qurilish vazirligi:

a) 2022 yil 1 aprelga qadar respublikada qurilayotgan bino va inshootlarning zilzilabardoshligining yangi usullarini amalda tatbiq etish uchun Yaponiyaning Seysmik himoyalash jamiyati bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;

b) 2022 yil 15 aprelga qadar qurilish jarayonida foydalanilayotgan qurilish materiallari va konstruksiyalarini sifatini to‘liq nazorat qilish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi uchun maxsus bo‘lim yaratadi;

v) O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi 2022 yil 1 apreldan boshlab har oyda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida sifat ko‘rsatkichlari yangilangan qurilish materiallari va konstruksiyalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yangilab boradi;

g) 2022 yil 1 yanvardan boshlab qurilayotgan ikki qavatdan yuqori, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan yuqori va umumiy maydoni 500 m2 ortiq bo‘lgan bino va inshootlar (shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar) zilzilabardoshligini oshirish, sifatini ta'minlash hamda kamchiliklarni oldindan bartaraf etish maqsadida qurilish obektida vibrodinamik uskuna yordamida tekshirish (sinov) amaliyotini yo‘lga qo‘yadi. Bunda, qurilayotgan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini aniqlash uchun mablag‘lar quruvchi tashkilotlar tomonidan qoplanadi;

d) 2022 yil 1 oktyabrga qadar “Baland qavatli binolarni loyihalash” me'yoriy hujjatini ilmiy-tadqiqot va tajriba sinov natijalari asosida ishlab chiqadi;

ye) 2023 yil 1 yanvarga qadar Yaponiyaning Seysmik himoyalash jamiyati ko‘magida seysmik himoyalangan konstruksiyalarni joriy etgan holda eksperimental binolar qurilishini tashkil etadi va tabiiy sinovlardan o‘tkazadi.

Mavzuga oid